23- . XVI--XVIII asrlarda Eron 

Safaviylar sulolasi hukmronligining o'rnatilishi. 

XV asr oxirida Eron markaziy hokimiyatga bo'ysunmaydigan bir qancha 
mustaqil hududlarga bo'linib ketgan edi. Buning oqibatida o'zaro ichki 
urushlar tobora avj oldi. Bu esa mamlakat taraqqiyotiga katta salbiy ta'sir 
ko'rsata boshladi. Oqibatda mamlakat zaiflashdi. Eronning bu zaiflashuvi 
Turkiya bosqini xavfini tobora kuchaytira bordi. 
Bu ikki omil Eronni yagona davlatga birlashtirishni hayotiy zaruratga 
aylantirib qo'ydi. Bu tarixiy vazifa sarkarda, Eronda katta siyosiy nufuzga 
ega bo'lgan Adabiy shahri hukmdori, diniy rahnomalardan biri Ismoil Safaviy 
tomonidan uddalandi. 
Ismoil I Safaviy 1500--1501- yillarda olib borgan urushlari natijasida 
katta-katta hududlarni egalladi. 1502- yilda esa Tabriz shahrini ishg'ol 
etgach, o'zini shohanshoh deb e'lon qildi (1502--1524). Shu tariqa tarixga 
Safaviylar davlati nomi bilan kirgan davlat vujudga keldi. Bu davlat tarkibiga 
Erondan tashqari Ozarbayjon, Armanistonning bir qismi, Afg'oniston, 
janubiy sharqiy Iroq va boshqa hududlar kirgan. Tabriz shahri poytaxt etib 
belgilandi. 
Ismoil I Safaviy markazlashgan davlat tuzibgina qolmay, uni o'z davrining 
qudratli davlatlaridan biriga ham aylantira oldi. 
Ismoil I Safaviy markaziy hokimiyatni mustahkamlash maqsadida 
yer egaligining suyurg'ol shaklini deyarli butunlay bekor qildi. Uning 
o'rniga tiyulni joriy etdi. 
Biroq bu tadbir yirik yer-mulk egalarining markazga bo'ysun- 
maslikka intilishlarini to'xtata olmagan. 
Safaviy hukmdorlar tinimsiz bosqinchilik urushlari olib borganlar. 
Shohlik tarkibiga kiruvchi qaram o'lkalar xalqlarining ozodlik 
kurashini shafqatsizlik bilan bostirganlar. 
Shoh Abbos I hukmronligi davri. Abbos I davrida (1587---1629) 
safaviylar davlati o'z qudratining cho'qqisiga erishdi. U bunga Eronga qaram 
bo'lgan chekka o'lkalardagi eng yirik yer-mulk egalarining mustaqilligini 
tugatish hisobiga erishdi. Bu yer-mulk egalari bir vaqtlar safaviylarga katta 
yordam bergan, buning evaziga keyingi shohlar davrida ularning oliy 
hokimiyati ostida amalda mustaqil bo'lgan juda katta-katta hududlarga egalik 
qilib kelishardi. Ular amalda bu mustaqil hududlarning xonlari edi. 
Abbos I mamlakat poytaxtini Tabriz shahridan (Ozarbayjon) Isfahon 
(Eron)ga ko'chirdi. Mamlakat soliq tizimida tartib o'rnatildi va soliqlar 
miqdori kamaytirildi. Savdo-sotiq va hunarmandchilikni rivojlantirishga 
alohida e'tibor berdi. Yangi-yangi karvonsaroylar va savdo yo'llari 
qurildi. Savdo karvonlari qaroqchilariga qarshi shafqatsiz kurashdi. 
Rossiya, Turkiya, Angliya, Niderlandiya, Fransiya va Venetsiya bilan 
keng ko'lamli savdo-sotiq yo'lga qo'yildi. Bu esa Eronning ichki va 
tashqi savdosi o'sishiga olib keldi. Yangi-yangi sug'orish inshootlari ham 
bunyod etildi. Natijada katta-katta maydonlarga suv chiqarib hosil 
olishga imkon tug'ildi. 
Abbos I bundan tashqari o'z qo'shinini har tomonlama mus- 
tahkamlashga ham alohida e'tibor berdi. U muntazam qo'shin barpo etdi. 
Angliya harbiy mutaxassislari yordamida qo'shinda o'q otuvchi qurol va 
to'p joriy etdi. Bu islohot tezda o'z samarasini ko'rsatdi. 1602- yilda 
boshlangan Eron -- Turkiya urushida Eron g'alaba qozondi. Oqibatda 
Eron Kavkaz ortida mustahkamlanib oldi. Tez orada Angliya yordamida 
Portugaliyani Fors ko'rfazidagi Ormuz orolidan quvib chiqarishga erishdi. 
Bu orol Eron uchun Yevropaga ipak eksport qilishda zarur edi. To'g'ri, 
Angliya bekorga yordam bermagan, albatta. Ko'rsatilgan bu yordam 
evaziga Angliyaning Ost-Indiya kompaniyasi Eron bilan savdo ishlarida 
katta imtiyozlarga ega bo'lib oldi. 

Safaviylar davlatining barham topishi. 

XVIII asrdan boshlab 
Safaviylar davlatida iqtisodiy tushkunlik boshlandi. Buning asosiy sababi, 
yer egaligining tiyul shakli miqdorining ko'payib borganligi oqibatida 
davlatga qarashli yer miqdorining kamayishi edi. Bu hol davlat xazinasiga 
tushadigan daromadning kamayishiga olib kelgan. Buning oldini olish 
uchun keyingi hukmdorlar dehqonlar to'laydigan soliq miqdorini 
oshirganlar. Bu esa, o'z navbatida, dehqon xo'jaliklarini xonavayron 
qilib, savdogarlar va hunarmandlar ahvolini ham yomonlashtirgan. Buning 
ustiga, jon solig'i ((jizya) miqdori ham oshirilgan. 
Natijada dehqonlar uchun ijaraga olib tirikchilik qilishdan manfaat 
qolmagan. Endi ularning tirikchilik ilinjida boshqa joylarga ketishdan boshqa 
ilojlari yo'q edi. Biroq shoh Sulton Husayn bunga yo'l qo'ymaslik 

uchun 1710- yilda dehqonlarning yerni tashlab ketishlarini taqiqlovchi 
farmon chiqargan. Dehqon xo'jaligining xonavayron bo'lishi ichki 
savdoning keskin kamayishiga olib keldi. Buning ustiga, yevro- 
paliklarning Hindistonga boruvchi dengiz savdo yo'lidan tobora 
ko'proq foydalanishi Eronning tashqi va vositachilik savdosiga katta 
zarar keltirdi. 

Afg'onlar istilosi. 

Iqtisodiy tushkunlik, o'z navbatida, siyosiy 
tushkunlikni ham keltirib chiqardi. Ya'ni, aholi turli tabaqalari orasida 
Safaviylardan norozilik kuchayib bordi. Yirik yer-mulk egalarining 
markaziy hokimiyatga bo'ysunmaslik harakati va bosib olingan o'lka 
xalqlarining ozodlik uchun kurashi kuchaydi. 
Ulardan biri afg'onlarning 1709- yilda ko'targan qo'zg'oloni bo'ldi. 
1722- yilda afg'onlar o'z yetakchilari Mir Mahmud boshchiligida 
nurab qolgan Eronga hujum qildi. Eron shohi Sulton Husayn 
hokimiyatni Mir Mahmudga topshirishga majbur bo'ldi. Shu tariqa 
Eron tarixida afg'on istilosi davri boshlandi. 

Nodirshohning hokimiyat tepasiga kelishi. 

Bu davrda 
Safaviylar sulolasi hukmronligi nomiga bo'lsa-da, hamon davom etardi. 
So'nggi hukmdor Taxmasp II amalda hech qanday hokimiyatga ega 
emas edi. Buning ustiga, unda xalqni turk va afg'on bosqinchilariga 
qarshi kurashga ko'tara oladigan qobiliyat ham bo'lmagan. Shunday 
sharoitda afshor qabilasining (turkman urug'udan bo'lgan) yetakchisi, 
shijoatkor, katta lashkarboshchilik qobiliyatiga ega Nodir Quli kurash 
maydoniga chiqdi. U 1730- yilda 
afg'on qo'shinini butunlay tor-mor 
etib, Eronni afg'on bosqinidan ozod 
etdi. 1736- yilga qadar Nodir Quli 
Safaviylar davlatining tarkibiga ki- 
ruvchi barcha hududlarda o'z hoki- 
miyatini o'rnatdi. Nihoyat, 1736- yilda 
barcha qabilalar aslzodalarining qu- 
rultoyida o'zini Eron shohi deb e'lon 
qilishga erishdi. Shu tariqa Safaviylar 
sulolasi hukmronligi butunlay barham 
topdi. 
Nodirshoh katta bosqinchilik urush- 
lari natijasida ulkan imperiya tuzdi. Biroq 
uning hukmronligi uzoq davom etmadi. 1747- yilda o'zaro ichki nizolar 
natijasida Nodirshoh o'ldirildi. 

Qojarlar sulolasi hukmronligining o'rnatilishi. 

Nodirshoh 
halokatidan keyin imperiya bir necha qismlarga bo'linib ketdi. Eronda turli 
qabilalar o'rtasida toju taxt uchun kurash avj oldi. Bu kurashda asosiy rolni 
zend va qojar qabilalari o'ynadi. Ular o'rtasidagi toju taxt kurashi 1758- 
yilda zend qabilasi g'alabasi bilan tugadi. Bu qabila boshliqlari 1796- yilgacha 
hukmronlik qildilar. 
Butun o'tgan davr turli qabilalar toju taxt uchun kurashi davri 
bo'ldi. Bu kurashda zendlarning asosiy raqibi qojarlar g'alaba qozondi. 
Bu qabila rahnamosi Og'a Muhammadxon 1796- yilda o'zini Eron 
shohi deb e'lon qildi. Shu tariqa Eronda yangi sulola -- Qojarlar 
sulolasi hukmronligi o'rnatildi. Mamlakat poytaxti Tehron shahriga 
ko'chirildi. Og'a Muhammad o'zini shohanshoh deb e'lon qildi. 
Yangi sulola Eronda 1925- yilgacha hukmronlik qildi. 

Tiyul -- amaldorlarga xizmat vazifasini bajarish 
muddatiga yo shoh oldidagi alohida xizmati uchun vaqtincha 
yoki umrbod muddatga beriladigan yer-mulk. Bunday 
yerlarni meros qoldirish mumkin bo'lmagan. 