28- . XIX asrning 70- yillarigacha bo'lgan 
davrda Rossiya 

Iqtisodiy hayotning o'ziga xos xususiyatlari. 

Podsho 
Rossiyasida krepostnoylik tartiblari jamiyat taraqqiyotiga katta 
g'ov bo'lib qoldi. G'arbiy Yevropa davlatlarida va AQSHda 
mashinalashgan sanoat ishlab chiqarish rivojlanayotgan bir davrda, 
Rossiyada hamon manufaktura ishlab chiqarishi hukmron edi. Faqat 
XIX asrning 30- yillaridan e'tiboran mashinalar ishlab chiqarishga joriy 
etila boshlandi. Qo'l mehnatiga asoslangan manufaktura mashinalar 
ishlatishga asoslangan fabrikaga aylana bordi. Shu tariqa podsho 
Rossiyasida ham sanoat to'ntarishi boshlandi. XIX asrning 40- yillari 
oxirlariga kelib, Peterburg va Moskva shaharlarida mashinasozlik 
zavodlari qurildi. XIX asrning 30- yillarida esa temiryo'l qurilishi 
boshlandi. 
Sanoat to'ntarishi XIX asrning 90- yillaridagina tugallandi. Iqtisodiy 
qoloq podsho Rossiyasi mashinalashgan ishlab chiqarishni keng 
rivojlantirish uchun yetarli kapitalga ega emas edi. Aholining xarid quvvati 
ham juda past bo'lganligi uchun sanoat mollari sotiladigan ichki bozor 
doirasi torligicha qolaverdi. Shu tufayli natural xo'jalik hamon kuchli edi. 
XIX asrning o'rtalariga kelganda ham Rossiya aholisining atigi 8 foizi 
shaharlarda yashaganligi ham buning dalilidir. 

Samoderjaviye va krepostnoylikka qarshi kurash. 

1812- yilgi Fransiya -- Rossiya urushida 
erishilgan g'alabadan keyin ham 
podsho Rossiyasida mavjud bosh- 
qaruv tartibi va krepostnoylik huquqi 
saqlanib qolaverdi. Mavjud holat 
podsho Rossiyasining ilg'or fikrli 
kishilarini qayg'uga soldi. Ular 
Vatanlarini Yevropaning yetakchi 
davlatlari qatorida ko'rishni ista- 
ganlar. Ular Vatanlaridagi mavjud 
tuzumni o'zgartirmay turib, o'z or- 
zularining ro'yobga chiqmasligini 
ham yaxshi bilar edilar. Ular samo- 
derjaviye va krepostnoylikka qarshi 
aniq dastur bilan kurash boshlaganlar. Bu kurash podsho Rossiyasi 
tarixiga Dekabristlar harakati nomi bilan kirgan. Dekabristlar 
dvoryanlarning farzandlari edilar. Dekabristlar mavjud tuzumni qurolli 
qo'zg'olon yordamida ag'darish rejasini tuzganlar. Ularning bir guruhi 
Rossiyada Respublika o'rnatish tarafdorlari bo'lgan bo'lsa, ikkinchisi, 
konstitutsiyaviy monarxiya o'rnatish tarafdori edi. 
28- rasm. 

Dekabristlar 1821--1822- yillarda ikkita maxfiy jamiyat tuzdilar. 
Ulardan biri, Janubiy jamiyat, ikkinchisi, Shimoliy jamiyat deb ataldi. 
Har ikki jamiyat ham Rossiya Konstitutsiyasining loyihasini yaratdilar. 
Janubiy jamiyatning ko'zga ko'ringan arbobi Vatan urushi qatnashchisi, 
Borodino jangida ko'rsatgan jasorati uchun oltin dastali qilich bilan 
mukofotlangan Pavel Pestel (1793--1826) edi. U yaratgan konstitutsiya 
loyihasi Rus haqiqati deb ataldi. Loyihada samoderjaviyeni (podsho 
hokimiyatini), krepostnoylik huquqini yo'q qilish va Rossiyada 
Respublika idora usuli joriy etish ko'zda tutildi. Hamma fuqarolar uchun 
teng saylov huquqi asosida saylanadigan Xalq Vechesining Rossiya 
parlamenti bo'lishi belgilandi. 
Shimoliy jamiyatda Nikita Muravyov tayyorlagan konstitutsiya 
loyihasi Rossiyani konstitutsiyaviy monarxiya deb e'lon qilishni ko'zda 
tutardi. Mulk senzi asosida saylanadigan ikki palatali Xalq Vechesi oliy 
qonun chiqaruvchi hokimiyat organi (parlament) bo'lishi kerak edi. 
Dekabristlar qo'zg'olonga tayyorlana boshladilar. Qo'zg'olon vafot etgan 
podsho Aleksandr I o'rniga ukasi Nikolay I ni taxtga o'tqazilishi marosimi 
o'tkaziladigan kunga belgilandi. Qo'zg'olon dekabristlarga sodiq harbiy 
qism tomonidan amalga oshirilishi lozim edi. Aslida bu davlat to'ntarishi 
degani edi. 
Qo'zg'olon 1825- yilning 14- dekabr kuni boshlandi, biroq qo'z- 
g'olon muvaffaqiyatsizlikka uchradi. U podshoga sodiq harbiy kuchlar 
tomonidan bostirildi. 
Dekabristlar harakatining rahbarlaridan besh kishi, shu jumladan, 
P. Pestel va N. Muravyovlar ham osib o'ldirildi. Ko'pchiligi katorgaga 
yuborildi va Sibirga surgun qilindi. Biroq dekabristlar harakati behu- 
da ketmadi. Ular ilgari surgan g'oyalar Rossiya jamiyatining ilg'or 
qatlamini uzoq vaqtgacha samoderjaviye va krepostnoylikka qarshi 
kurashga ilhomlantirib keldi. 

Reaksiya kuchlarining hujumi. 

Dekabristlar qo'zg'oloni bostiril- 
gandan so'ng mamlakatda reaksiya kuchlari yanada foallashdi. Yangi podsho 
Nikolay I butun kuch-g'ayratini samoderjaviye tuzumini mustahkamlashga 
qaratdi. U butun mamlakatni ulkan bir kazarmaga aylantirishni istar edi. 
Nikolay I ga hamma yoqda inqilob sharpasi ko'ringanday tuyulardi. U 
bunday degan edi: Inqilob Rossiya ostonasida turibdi. Ammo qasamyod 
qilib aytamanki, tanamda jonim bor ekan, inqilob Rossiyaga kira olmaydi. 
U umrining oxirigacha shu qasamiga sodiq qoldi va zo'ravonlikka asoslangan 
hokimiyat apparatini kuchaytirdi. Hatto inqilobiy harakatga qarshi kurash 
olib boruvchi maxsus bo'lim ham tuzildi. 
Norozilik bildirishning, erkin fikr yuritishning zarracha ko'rinishi, 
hukumatni salgina bo'lsa-da tanqid qilish shafqatsiz ravishda ta'qib etildi. 
Ayniqsa, ilg'or ruhdagi rus adabiyoti qattiq quvg'in va ta'qib ostiga olindi. 

Krepostnoylik huquqining yemirilishi. 

1853--1856- yillardagi 
podsho Rossiyasi Turkiya--Rossiya urushida mag'lubiyatga uchradi. Bu 
mag'lubiyat Rossiyaning iqtisodiy qoloqligi oqibati edi. Rossiyada 
krepostnoylik tuzumi allaqachon taraqqiyotning asosiy to'sig'iga aylangan 
edi. Shuningdek, bu mag'lubiyat krepostnoylik huquqi bekor qilinmas 
ekan, Rossiyada kapitalizm tez sur'atlar bilan taraqqiy etishi mumkin 
emasligini ham ko'rsatib berdi. Ayni paytda, mag'lubiyat inqilobiy 
harakatning o'sishiga ham turtki bo'ldi. 
Mamlakatda vujudga kelgan kuchli norozilik to'lqinini bostirish 
maqsadida Rossiya podshosi Aleksandr II 1861- yilning 19- fevralida 
krepostnoylik huquqining bekor qilinishi to'g'risidagi qonunni imzoladi. 
Bu qishloqda tub islohot amalga oshirilishini anglatar edi. Qonunga ko'ra, 
krepostnoy dehqonlar shaxsan ozod bo'ldilar. Pomeshchik bundan 
buyon dehqonlarni sotib olishga, sotishga yoki boshqa birovga hadya 
qilishga haqqi yo'q edi. Dehqon endi pomeshchikning ruxsatisiz oila 
qurishga, mustaqil sur'atda shartnoma, savdo bitimlari tuzishga, 
ko'chmas mulk sotib olishga va uni meros qoldirish kabi huquqlarga 
ega bo'ldi. 
Hukumat dehqonlarni ozod qilib yer berishga majbur bo'ldi. Shunday 
qilinmasa xalq yalpi g'azabga kelishi mumkin edi. Bundan tashqari, 
dehqonlarning asosiy soliq to'lovchilar bo'lib qolishi ham hisobga olindi. 
Dehqonlarga berilgan yer chek yerlar deb ataldi. Hukumat pomeshchikning 
manfaatini ham hisobga oldi. Chunonchi, dehqonlarga beriladigan chek 
yerlarning miqdori pomeshchik bilan dehqon o'rtasidagi o'zaro kelishuv 
asosida belgilanar edi. 
Pomeshchik o'z ixtiyorida bo'lib kelgan yerning 1/3, cho'l hududlarda 
esa 1/2 qismini saqlab qolish huquqiga ega bo'ldi. Bundan tashqari, dehqon 
shu vaqtgacha hukumat qarorida belgilanganidan ko'proq miqdordagi yerdan 
foydalanib kelgan bo'lsa, uning ortiqchasi pomeshchikka o'tkazilar edi. 
Bunday yerlar otrezkalar deb atalgan. 
Dehqon uchun eng noqulayi -- bu uning yer egasi bo'lishi uchun vikup 
to'lashning shartligi bo'ldi. Biroq dehqonda vikup uchun pul bo'lmagan. 
Qonun buni ham hisobga olgan edi. Unga ko'ra, dehqon vikup bitimi 
tuzilayotganda yer uchun qo'yilgan bahoning 20 foizini o'sha zahoti 
to'lashi shart edi. Qolgan 80 foizini esa davlat dehqonlarga beradigan 
qarz sifatida pomeshchiklarga to'lardi. Dehqonlar bu qarzni 49 yil 
davomida davlatga foizi bilan to'lab borishi lozim edi. Dehqonlarning to 
vikup bitimlari tuzilguniga qadar avvalgi majburiyatlarini (barshchina va 
obrok) bajarib turishlari belgilab qo'yildi. Xullas, podsho hukumati o'z 
tayanchi pomeshchiklarni xafa qilib qo'ymaslikning eng oqilona 
yo'llarini topgan edi. 

Islohotning tarixiy ahamiyati. 

1861- yilgi islohot natijasida 
krepostnoylik huquqi yemirildi. Islohot dehqonlarni birdaniga ozod 
etmadi. Krepostnoylik sarqitlari uzoq yashadi. Podsho Rossiyasi 
qishloq xo'jaligida kapitalizm juda sekinlik bilan rivojlana boshladi. 
Biroq baribir islohot muhim tarixiy ahamiyatga ega bo'ldi. Chunonchi, 
dehqonlar shaxsiy erkinlik va fuqarolik huquqiga ega bo'ldilar. 
Iqtisodiyotda kapitalistik munosabatlarning mustahkamlanishi uchun 
keng yo'l ochildi. 

Tashqi siyosat. 

Podsho Rossiyasi XIX asrda ham boshqa buyuk 
davlatlar qatori bosqinchilik urushlarini davom ettirdi. Dastlab 
Bessarabiya va Kavkazorti bosib olindi. Shimoliy Kavkazni ham to'la 
bo'ysundirish uchun 30 yil urush olib borishga majbur bo'ldi. Dog'iston, 
Checheniston va Adigeyning tog'lik xalqlari Rossiya qo'shiniga qattiq 
qarshilik ko'rsatdilar. Tog'liklarning podsho Rossiyasiga qarshi mustaqillik 
uchun kurashiga 25 yil davomida Shomil rahbarlik qildi. U aqlli va jasur 
hukmdor edi. Biroq kuchlar teng bo'lmaganligidan Shomil qo'shini tor- 
mor etildi. 
1864- yilga kelib oxir-oqibat butun Kavkaz podsho Rossiyasi tar- 
kibiga kiritildi. Shu yili Markaziy Osiyoni bosib olish uchun harbiy 
harakatlar boshlab yubordi. 1867-yilda Qo'qon xonligi va Buxoro 
amirligining bosib olingan hududlarida Turkiston general-guberna- 
torligini tashkil etdi. 
1866-yilda Rossiya tabiiy boyliklarga boy bo'lgan Alyaskani AQSHga 
arzimagan pulga sotib yubordi. Bu oldi-sotdidan Rossiya Buyuk Britaniya 
bilan sovuq munosabatlarda AQSHga tayanishni rejalashtirgan edi. 1868- 
yilda Markaziy Osiyoning ikki davlati -- Qo'qon xonligi va Buxoro amirligi 
podsho Rossiyasiga qaramligini tan oldilar. Markaziy Osiyoni bo'ysin- 
dirishning birinchi davri shu tariqa yakunlandi. 


Vikup -- krepostnoylikdan ozod bo'lgan dehqonning o'ziga 
berilgan yerni haq to'lash evaziga sotib olishi. 
Katorga (yunoncha) -- juda og'ir sharoitda ishlatish va 
qamashdan iborat jazo chorasi hamda shunday jazoni o'tash 
joyi. 
Reaksiya kuchlari -- ilg'or g'oyalarni ta'qib etuvchi, eski 
tartiblarni saqlab qolishga yoki ularni qayta tiklashga 
intiluvchi kuchlar. 
Surgun -- jazo tariqasida boshqa yerlarga jo'natish. 