36- . XIX asrning 70- yillarigacha bo'lgan 
davrda Eron 

Davlat tuzumi. 

Eron XIX asrda ham mutlaq monarxiya edi. 
Davlat boshlig'i shoh bo'lib, u cheklanmagan huquqqa ega bo'lgan. 
Butun hokimiyat uning qo'lida to'plangan. Shoh huzurida maxfiy 
kengash tuzilgan bo'lib, uning tarkibiga sadr a'zam, amin ad-davla, vazir, 
hakimboshi va shayx ul-islom kirgan. 
Davlat viloyatlarga bo'lingan, ularni beklarbegi boshqargan. Taxt 
vorisiga Ozarbayjon ham berilgan bo'lib, uning qarorgohi Tabriz shahrida 
joylashgan edi. 

Eronning xalqaro ahvoli. 

XIX asr boshlariga kelib Eron xalqaro 
siyosatda muhim o'rin tuta boshladi. Bunga Buyuk Britaniya va 
Fransiyaning Sharqda hukmronlikni o'z qo'llariga olish uchun boshlagan 
kurashlari hamda Rossiyaning Kavkazni qo'lga kiritishga intilayotganligi 
sabab bo'ldi. 
Buyuk Britaniya va Fransiya Rossiyaning Kavkazda mustah- 
kamlanib olishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida bu o'lkada katta 
hududlarni bosib olgan Eronni qo'llab-quvvatlay boshladi. Biroq bu 
hol Rossiyaning Kavkazga nisbatan siyosatini o'zgartira olmagan. 
Aksincha, Rossiya Eron bilan urushda birin-ketin g'alaba qozonib, 
o'zi uchun qulay shartnomalar tuzilishiga erishgan. 
Chunonchi, 1813- yilda bu ikki davlat o'rtasida imzolangan shartnoma 
Rossiyaga Kavkazda yanada mustahkamlanib olishga imkon berdi. 1826-- 
1828- yillarda bo'lib o'tgan Eron -- Rossiya urushida Eron yana yengildi. 
Ikki davlat o'rtasida imzolangan Turkmanchoy shartnomasiga ko'ra, 
Rossiyaning Kavkazdagi mavqei yanada mustahkamlandi. Eron esa 
Kavkazorti hududlarida bo'lgan da'vosidan voz kechdi. 

Eronning Buyuk Britaniya bozoriga aylanishi. 

Rossiya bilan 
urushdagi mag'lubiyat va uning oqibatlari Eron hukmron tabaqalari 
o'rtasida keskin norozilik keltirib chiqardi. Oqibatda Eronning qator 
viloyatlarida yirik yer-mulk egalari boshchiligida shohga qarshi isyon 
ko'tarildi. Buyuk Britaniya Eronning og'ir ahvolidan foydalanib, 1841- 
yilda Eronni noteng shartnomani imzolashga majbur etdi. Unga ko'ra, 
Buyuk Britaniya Eron bilan savdo-sotiq ishlarida katta imtiyozlarga ega 
bo'lib oldi. Oqibatda u Eron bozorlarini o'z yengil sanoat mahsulotlari 
bilan to'ldirib tashladi. Bu esa, o'z navbatida, mahalliy dehqonlarni, 
hunarmand va savdogarlarni xonavayron qildi. Shu tariqa Eron yirik 
mustamlakachi Buyuk Britaniyaning sanoat mahsulotlari sotiladigan 
bozoriga aylanib qoldi. Bu mamlakatda pulga bo'lgan ehtiyojni oshirib 
yubordi. 
Natijada davlat apparatidagi mansablarni sotish va sotib olish 
nihoyatda kuchaydi. Viloyat hokimlari, katta-katta yer-mulk egalari davlat 
xazinasiga soliq to'lamay qo'ydi. Bu omillar mamlakat mehnatkash 
qatlamlari orasida keskin norozilik kelib chiqishiga sabab bo'ldi. Bu esa 
bobiylar qo'zg'olonini keltirib chiqardi. 

Bobiylar qo'zg'oloni. 

Qo'zg'olon shoh tuzumiga, zulmiga va yer 
egaligiga qarshi qaratilgan edi. Qo'zg'olon ishtirokchilari, asosan, 
hunarmandlar, mayda savdogarlar, shahar kambag'allari va shahar 
atrofida yashovchi dehqonlar edi. Qo'zg'olonga quyi tabaqadagi 
ruhoniylar va bobiylik tarafdorlari bo'lgan savdogarlar boshchilik 
qilgan. 
1848- yilda boshlangan bu qo'zg'olon tarixga bobiylar qo'zg'oloni 
nomi bilan kirgan. Chunki qo'zg'olonchilar bobiylik ta'limoti tarafdorlari 
bo'lgan. Bu ta'limotning asoschisi Sayid Ali Muhammad bo'lib, o'ziga 
Bob taxallusini qabul qilgan edi. Bobiylik atamasi shu taxallusdan kelib 
chiqqan. 

BILIB OLING 
Sayid Ali Muhammad 1819- yilda Sheroz shahrida tug'ilgan bo'lib, 
mayda savdogarning o'g'li edi. 1844- yilda o'zini Bob, (arabcha -- 
eshik, darvoza) ya'ni, haqiqat va adolat yo'liga olib boruvchi eshik, 
deb atay boshlaydi. 
Bobiylik ta'limoti asosida ilohiy xaloskor (mahdiy)ning kelishi 
yaqinlashganligi g'oyasi yotadi. Shu tufayli Bob mahdiyning xohish- 
irodasi, ko'rsatmalari, yo'l-yo'riqlari xalqqa men orqali yuboriladi, deb 
targ'ib qilgan. U Bayon nomli kitob yozgan. Kitobda bobiylar 
harakatining asoslari yoritib berilgan. Bob kitobida o'zini Muhammad 
(s.a.v.) o'rniga kelgan payg'ambar deb, Bayon kitobini esa Qur'oni 
karim o'rnini bosuvchi kitob deb e'lon qilgan. 

Bobiylar shaxsni himoya qilish, kambag'allardan olinadigan soliqlarni 
bekor qilish, yirik yer egaligini tugatish, barcha mol-mulklarni odamlarga 
teng taqsimlash kabilarni talab qilganlar. Ayni paytda ular mavjud dinni 
bekor qilish va davlat tuzumini ag'darib tashlash tarafdorlari bo'lganlar. 
Bobiylar qo'zg'oloni 1850- yilning o'rtalarigacha davom etdi. Oxir- 
oqibatda shoh qo'shini qo'zg'olonni bostirishga muvaffaq bo'ldi. Sayid Ali 
Muhammad esa qatl etildi. 

Qo'zg'olonning yengilishi sabablari. 

Bobiylar qo'zg'oloni nega 
mag'lubiyatga uchradi? Uning asosiy sababi bobiylar ta'limotining islom 
dini asoslariga zidligi edi. 
Bundan tashqari, qo'zg'olon puxta uyushtirilmagan, tarqoq holda 
olib borildi. Shuningdek, qo'zg'olon aholining asosiy qismini tashkil 
etuvchi dehqonlarning katta qismi tomonidan qo'llab-quvvatlanmadi. 
Qolaversa, qo'zg'olonchilar qat'iy harakat qilmadilar. Ular ko'p 
hollarda bosib olgan shahar yoki qal'alar bilan cheklanib qoldilar 
hamda shoh qo'shinining hujumini kutib turish taktikasini qo'lladilar. 

Eron -- Buyuk Britaniya urushi. 

Buyuk Britaniya Eronning kuchsizlanib qolganligidan foydalanishga qaror qildi. O'rta Osiyodagi 
bosqinchilik maqsadlarida Hirot shahrining katta ahamiyatga ega 
ekanligini unutmagan Buyuk Britaniya 1853- yilda Eronni rasman 
Hirotga da'vosidan voz kechishga majbur etdi. 
Biroq 1856- yilda Eron Hirot shahrini bosib oldi. Eronning Hirotni 
bosib olganligiga javoban Buyuk Britaniya Eronga urush e'lon qildi. Ikki 
davlat o'rtasida boshlangan harbiy harakatda Eron mag'lubiyatga 
uchradi. 
1857- yilda Buyuk Britaniya va Eron o'rtasida Parij Tinchlik 
shartnomasi imzolandi. Shartnomaga ko'ra, Eron Hirotga va 
Afg'onistonning boshqa hududlariga bo'lgan da'vosidan butunlay voz 
kechdi. 
Eron -- Afg'oniston o'rtasida nizo kelib chiqqudek bo'lsa, bu nizo Buyuk 
Britaniya vositachiligida hal etiladigan bo'ldi. Parij Tinchlik shartnomasi Buyuk 
Britaniyaning Erondagi ta'siri sezilarli darajada o'sishiga xizmat 

Sadr a'zam -- bosh vazir. 
Amin ad-davla -- moliya va ichki ishlar vaziri. 
Hakimboshi -- saroy bosh tabibi. 