VII BOB. XVII--XIX ASRLARNING 60- YILLARIDA 
ILM-FAN, ADABIYOT VA SAN'AT 

39- . Ilm-fan taraqqiyoti 

Aniq fanlar daholari. 

XVII--XVIII asrlarning boshlarida 
aniq fanlar sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Bu 
muvaffaqiyatlar, birinchi navbatda, ingliz olimi I. Nyuton (1642-- 
1727) va nemis olimi G. V. Leybnis (1646--1716) nomlari bilan bog'liq. 
I. Nyuton 14 yoshga kirganida fan uning asosiy mashg'ulotiga aylandi. 
Uning fizika fani taraqqiyotiga qo'shgan hissasi butun olam tortishish, 
mexanik harakat va nurning tarqalish qonunlarini kashf etganligi bilan 
belgilanadi. 

I. Nyuton 1671- yilda shisha linzani, eng katta teleskoplardan ko'ra 
osmon jismlarini yaxshiroq ko'rsatadigan kichkina oynali teleskop ham 
ixtiro qildi. Shu tariqa olim yulduzlar olamini odamlarga yanada yaqin- 
lashtirdi. Fan sohasida erishgan katta muvaffaqiyatlari uchun 30 yoshga 
ham to'lmagan I. Nyuton Qirollik jamiyati a'zosi (akademik) etib 
saylandi. 
G. V. Leybnis 15 yoshida universitet talabasi bo'ldi. U faylasuf, 
matematik va tarixchi olim bo'lib yetishdi. 
1700- yilda Berlin Fanlar akademiyasiga asos soldi va uning birinchi 
prezidenti etib saylandi. U: umumiy, zaruriy bilimning asosi faqat aql 
bo'lishi mumkin, -- deb yozgan edi. Fizikada yetarli asos qonunini 
birinchi bo'lib izohlab berdi. Matematikada esa differensial va integral 
hisoblashni kashf etdi. Katta sonlarni hisoblash mashinasini, mayatnikli 
soatni yaratdi. 

M. V. Lomonosovning ilm-fanga qo'shgan hissasi.

 Rossiya 
ilm-fani va madaniyatini M. Lomo- 
nosovsiz tasavvur etish mumkin emas. 
Buyuk rus shoiri A.S. Pushkin u haqda 
bunday deb yozgan edi: Tarixchi, 
notiq, mexanik, kimyochi, minerolog, 
rassom va shoir. U hamma narsani 
sinab ko'rgan va hamma narsani o'r- 
gangan. 
M. Lomonosov Moskvadagi 
Slavyan-yunon-lotin akademiyasida 
o'qidi. So'ng Germaniya universitet- 
larida kimyo va metallurgiya fanlari- 
dan ta'lim oldi. Vatanga qaytgach, 
Peterburg Fanlar akademiyasida 
ishlay boshladi. M. Lomonosov yangi 34- rasm. M. V. 

fan -- fizikaviy kimyo faniga asos soldi. Mamlakatda birinchi kimyo 
laboratoriyasini tashkil etdi. 
Ilmiy kashfiyotlari uni butun Yevropaga tanitdi. M. Lomonosov 
Shvetsiya va Bolonya Fanlar akademiyalarning faxriy a'zoligiga 
saylangan edi. 

Fanning boshqa sohalaridagi kashfiyotlar. 

Yerosti foydali 
qazilmalariga talabning tobora ortib borishi yer qobig'i xossalarini o'rganish 
zaruratini vujudga keltirdi. Natijada qator tog' jinslarining vujudga kelish 
jarayoni aniqlandi. Bu esa Yer haqidagi fan -- geologiyani rivojlantirishga 
imkon berdi. 
Meditsina (tibbiyot) sohasida ham muhim kashfiyotlar amalga oshirildi. 
Chunonchi, XVII asrda golland olimi A. Levenguk 300 marta 
kattalashtirib ko'rsatadigan mikroskop yaratdi. Bu esa inson tanasi, 
o'simliklar, hayvon dunyosi tuzilishini batafsil o'rganish va bakteriyalar 
(juda mayda organizmlar)ni aniqlash imkonini berdi. Keyinchalik 
mikroskop yordamida ko'pgina bakteriyalarning ko'p kasalliklarga 
sababchi ekanligi isbotlandi. 
XVIII asrda ingliz shifokori E. Jenner odamga chechak kasali sigirdan 
yuqsa uning yengil o'tishini, so'ngra bu kasalni yuqtirgan kishiga 
chechakka qarshi immunitet paydo bo'lishini, ya'ni unga chechak kasali 
boshqa yuqmasligini aniqladi. Ana shu kuzatishlarga asoslanib, Jenner 
chechakka qarshi emlash usulini kashf etdi. Bu esa millionlab kishilarning 
hayotini saqlab qoldi. 
Matematikaning muvaffaqiyatlari, Nyuton kashfiyotlari va 
teleskopning takomillashtirilishi XIX asrda astronomiyani rivojlantirishga 
qudratli turtki berdi. Minglab ilgari ma'lum bo'lmagan yulduzlar kashf 
etildi. 
1846- yilda osmonni teleskop orqali kuzatish yordamida Neptun 
sayyorasi kashf etildi. Quyosh va Oy tutilishlarining muddatlarini 
aniqroq hisoblab chiqish va oldindan aytib berish ham ilm-fan 
qudratining yaqqol dalili bo'ldi. Ilgari Quyosh va Oy tutilishi xu- 
rofotchilarni dahshatga solar edi. Astronomiya ma'lumotlaridan 
kalendar (taqvim), geografik xaritalar tuzishda, dengiz kema qatnovida 
foydalanildi. Astronomiya odamlarning dunyoqarashiga ham katta 
ta'sir ko'rsatdi. 
1842- yilda ingliz fizigi D. Joul va nemis fizigi Y. Mayer tajribalar 
yo'li bilan energiyaning saqlanish qonunini asoslab berdilar. Kimyoviy 

elementlar atom og'irligining ortib borishi tartibida joylashtirilsa, 
ularning xossalari davriy tarzda takrorlanishi aniqlandi. Shu qonunga 
asoslanib buyuk rus olimi D. I. Mendeleyev 1869- yilda elementlarning 
davriy tizimini yaratdi. 

Transport va aloqa. 

XIX asr transport sohasida temir va bug' 
asri bo'lib qoldi. 1840- yilda jahon mamlakatlarida barcha 
temiryo'llarning uzunligi 7700 km ni tashkil etardi. Uning katta qismi Buyuk 
Britaniya va AQSH hissasiga to'g'ri kelardi. XIX asr 40- yillardan 
temiryo'l qurilishi Germaniya va Fransiyada ham boshlandi. 1870- 
yilga kelib jami 200 ming km temiryo'l qurilgan edi. 
XIX asrning 20- yillaridan bug' mashinalari bilan harakatga 
keltiriladigan g'ildirakli daryo paroxodlaridan keng foydalanila 
boshlandi. Keyinroq, 30- yillarning oxirlaridan g'ildirakli paroxodlar 
okean orqali Hindiston va Amerikaga qatnay boshladi. Bora-bora 
g'ildiraklar o'rnini eshkak vintlar egalladi. 50--60- yillarda G'arb mam- 
lakatlarida yelkanli dengiz floti o'z o'rnini paroxodlarga bo'shatib bera 
boshladi. Aloqa vositalari ham takomillashtirildi. Elektr simli telegraf 
kashf etildi. Morze alifbosi ixtiro qilindi va harf bosuvchi qurilmalar 
yaratildi. XIX asrning o'rtalarida quruqlikdagi telegraf liniyalardan 
tashqari suv osti kabellari ham yotqizila boshlandi. Buyuk Britaniyadan 
Amerikaga Atlantika okeani tubi orqali dastlabki telegraf kabeli 60- 
yillarning oxirida o'tkazildi. Telegrafning vujudga kelishi elektrdan amalda 
foydalanishning asosiy sohasi bo'ldi.Texnika muvaffaqiyatlari XVIII 
asrning ikkinchi yarmida va XIX asrda mehnat unumdorligini g'oyatda 
oshirish imkonini berdi. 

Akademik (fransuzcha) -- yuksak ilmiy unvon. 
Sayyora -- quyosh atrofida aylanuvchi va undan tushgan 
yorug'likni aks ettiruvchi osmon jismi. 
