Shunda Santyago suruvining o'ndan birini lo'li kampirga allaqachon va'da qilganini aytdi.
- Lo'lilar haqini undirishni biladi, - xo'rsindi qariya. - Nima bo'lganda ham bilib qo'yganing tuzuk, dunyoda har bir narsaning o'z bahosi bor. Nur Askarlari ayni shunga o'rgatishga intilishadi. - U Santyagoga kitobni uzatdi. - Ertaga shu vaqtda sen suruvingning o'ndan birini qoshimga haydab kelasan. Shunda men xazinani qanday topishni aytaman.
Va shunday deb, u muyulishda ko'zdan g'oyib bo'ldi.
Santyago yana kitobni qo'liga oldi, biroq mutolaga kirisholmadi - diqqatini bir joyga yig'ishga qurbi yetmasdi. Qariya bilan muloqotdan hayajonlagandi, chunki uning ko'ngli sezdi: qariya haqiqatni gapirdi-da. Bo'zbola chakana savdo qutisi yoniga bordi va bir qog'oz xaltacha makkabodroq sotib oldi, sotuvchiga qariyaning u haqdagi gapini aytsammikan, deb o'yladi, keyin shart emas, degan qarorga keldi. "Ba'zida hammasini o'z holicha qoldirgani ma'qul" - deb o'yladi u. Aytsang, sotuvchi, g'ildirakli qizil qutisiga o'rganib qolganiga qaramay, uch kunlab o'ylanib yuradi, bu ishning bahridan o'tsammikan, deb. "Uni bunday azobdan xolos etganim bo'lsin". Shunday o'y bilan Santyago ko'cha bo'ylab, boshi oqqan tomonga qarab ketdi, oxiri bandargohga kelib qoldi, chog'roqqina uychaning yonidan chiqdi. Uychada Afrikaga boradigan kemalarga patta sotishardi. Darvoqe, Misr aynan Afrikada.
- Sizga nima kerak? - so'radi pattafurush.
- Ehtimol, ertaga sizdan patta xarid qilarman, - javob qildi Santyago va nari yurdi. Bittagina qo'yni sotsang bas, qarabsanki, Afrikadasan. Bu fikr uning ko'ngliga g'ulg'ula soldi. Pattafurush esa yoramchisiga gap qotdi:
- Yana bitta xayolparast. Sayohat qilgilari kelibdi, kissasida hemiri yo'q. Santyago pattaxona tokchasi oldida turarkan, qo'ylari yodiga tushdi va tuyqusdan ularning yoniga tezroq borgisi kelib qoldi. Ikki yilda cho'polik san'atini egalladi va chorvani miridan-sirigacha - qo'y qirqishni-yu qo'zilatishni, suruvni bo'rilardan asrashni bilib oldi. Andalusiyaning yaylovlari endi unga besh barmog'iday tanish, otaridagi xohlagan qo'yining narxini aniq baholay biladi.
U o'zini kutayotgan suruv qamalgan qo'tonga eng uzoq yo'ldan jo'nadi. Bu shaharning ham o'z qal'asi bor edi, bo'zbola qiyalikdan ko'tarilib, qal'a devoriga chiqib o'tirishga qaror qildi. U joydan Afrika ko'rinardi. Bir paytlar kimdir unga qadim zamonda Afrikadan mavrlar suzib kelishib, sal bo'lmasa Ispaniyani butunlay mahv etashganini uqtirgandi. Santyago mavrlarga toqat qilolmasdi: bu yerga lo'larni shular olib kelgan bo'lishi kerak. Devordan butun shahar, haligina u qariya bilan gurunglashib turgan bozor maydoni
kaftdagiday ko'rinib turardi.
"Qaysi go'rdanam uni uchratdim", - o'yladi bo'zbola.
Hamma balo lo'li kampirning tushni ta'birlaganidan boshlandi-da. Na lo'li, na qariya uning cho'pon ekaniga ahmiyat berdi. Ha, hamma narsadan ko'ngli sovugan bu yolg'iz odamlar cho'pon degan zot qo'y bilan tirik ekanini qaydan bilsin. Santyago suruvdagi har qaysi qo'yning bir qarashdayoq ichi-sirtini aytib bera oladi: unisi - qisr, narigisi ikki oydan so'ng qo'zilaydi, hov, chetdagilari - suruvning eng sudralganlari, yalqov. U qo'ylarni qirqishni, bo'g'izlashni uddalaydi. Agar biror yoqqa ketguday bo'lsa, qo'ylari uni qumsaydi, egasiz bo'lib qoladi.
Shamol turdi. Bu shamol unga tanish edi - odamlar buni "lavanta shamoli" deyishardi, chunki O'rtaer dengizining sharqiy qismidan, Lavantadan kelgan mavrlarning yelkanlarini ko'targan shu shamol edi. Bo'zbola, hali Tarifda bo'lmagan esa-da, Afrika qirg'oqlari juda yaqin ekaniga shubhalanmasdi. Bunday qo'shnilik xatarli - mavrlar yana bostirib kelishi mumkin. Shamol kuchaydi. "Baribir qo'ylarim va xazina bilan oramizni buzib yuborolmas", - o'yladi Santyago. Endi ikkisidan birini - yo o'zi odatlangan mashg'ulotni yoki ko'ngli tusab turgan narsani deyishi kerak. Aytgancha, o'rtada do'kondorning qizi ham bor, biroq qo'ylar muhimroq, chunki ular Santyagoga muhtoj. Qizaloqqa - baribir. Darvoqe, uni eslarmikan? Bo'zbola adashmas-ov: ikki kundan keyin uning oldida paydo bo'lsa, qizaloq tanimaydi, chunki qizaloq uchun kunlar bir xilda o'tadi, kunlari ikki tomchi suvday yakrang odamlar har tong quyosh charaqlab chiqib, turmushiga ro'shnolik bag'ishlayotganini payqashmaydi.
"Men otamni, onamni ham, tug'ilgan qishlog'imdagi qal'ani ham tashlab keldim, - o'yladi u. - Ular ayriliqda yashashga ko'nikishdi, men ham shunga odatlandim. Demak, bunga qo'ylar ham ko'nikadi mening yo'g'imda".
U yana maydonga tepadan turib qaradi. Makkabodroq savdosi qizigandan qizirdi: ana, qariya bilan haligina gurunglashgan so'rida endi bir juft oshiq qaymoqlashib o'tirishibdi. "Savdogar..." - o'yladi Santyago, biroq fikrini yakunlashga ulgurmadi - kuchaygan "lavanta shamoli" shiddat bilan to'g'ri yuziga urildi.
Shamol faqat bosqinchi mavrlar yelkanlarini ko'tarib qolmagan, balki o'zi bilan xavotirli sahro garmselini, chodralarga o'rangan ayollar bo'yini, bir zamonlar nimalarnidir qidirib, oltinu sarguzasht ishtiyoqida izg'iganlarning ter va umid-orzulari hidini ham olib kelgan. Shamol ehromlar nafasini ham olib kelgan. Bo'zbolaning erkin, daydi shamolga havasi keldi va o'zi ham uningday bo'la olishini his etdi. O'zidan boshqa hech kim yo'lini to'sa olmaydi. Qo'ylar, movutchining qizi-yu Andalusiyaning yaylovlari - bular bari o'z Yo'lini topguncha bosib o'tiladigan so'qmoqlar, xolos.
Ertasi kuni choshgohda u bozor maydonida paydo bo'ldi va o'zi bilan oltita qo'yni haydab keldi.
- G'alati ish bo'ldi, - dedi u qariyaga. - Do'stim hech qanday gap-so'zsiz mendan butun bir otarni sotib oldi va umr bo'yi cho'pon bo'lishni orzu qilgandim, dedi. Yaxshilik alomati bu.
- Hamisha shunday bo'ladi, - javob qildi qariya. - Buni Xayrli Ibtido deyishadi. Agarda sen, misol uchun, hayotingda birinchi marta qarta o'ynashga o'tirsang, aftidan, yutgan bo'larding. Boshlovchilarning omadi keladi.
- Nega bunday bo'ladi?
- Chunki hayot sening o'z Taqdiring yo'lidan borishingni xohlaydi va omadlarni yor etib, ishtahangni ochadi.
Shundan so'ng qariya qo'ylarni kuzata boshladi va bittasi oqsoqlanayotganini aytdi. Bo'zbola buning ahamiyati yo'qligini, suruvdagi eng aqlli, boz ustiga, eng ko'p jun beradigan shu qo'y, deya tushuntirdi.
- Xo'sh, endi, xazinani qaerdan izlash kerak? - so'radi u.
- Misrdan, ehromning yonidan.
Santyago esankiradi. Lo'li kampir ham xuddi shu gapni aytgandi, faqat buning uchun undan hech nima olmadi.
- Tangri har bir odamning bu dunyodagi yo'lini belgilab qo'yadi, sen u yoqqa ana shu belgilar orqali yo'l topasan. Faqat sen belgilarni - nimalar yozib qo'yilganini o'qiy bilsang bas.
Santyago javob qilib ulgurmadi, u bilan qariya o'rtasida bir kapalak pirillab aylanaverdi. U bolaligida bobosidan go'yo kapalak omad keltirishi haqida eshitganini esladi. Xuddi qora chigirtka, kaltakesak va yo'ng'ichqaning bargchalariday.
- Aynan shunday, - ming'irladi qariya uning xayolidan o'tgan fikrni uqib. - Hammasi xuddi bobong senga aytganiday. Bu o'sha belgilar, ularga amal qilsang, yo'lingni yo'qotmaysan.
Shu so'zlarni ayta turib, u to'shini yalang ochdi va hayratga tushgan Santyago kecha ko'zini qamashtirgan yarqiroq jilvani esladi. Qariya oltindan quyulgan, qimatbaho toshlar bilan bezalgan sipar taqib yurardi. Aslida ham u podshoh edi, yupinroq kiyinib yurishining sababi esa, aftidan, talonchilar tashlanib qolmasligi uchun bo'lsa kerak.
- Mana, ol, - dedi qariya va sipardan ikkita, oq va qora toshni ko'chirib, ularni Santyagoga uzatdi. - Bular Urim va Tummim deyiladi. Oqi "ha"ni, qorasi esa "yo'q"ni anglatadi. Belgilarning ma'nosini uqolmay qolganingda ular senga asqotadi. So'rasang - javob beradi. Biroq yaxshisi, - davom etdi u, - har qanday holatda o'zing bir qarorga kelganing ma'qul. O'zing bilasan, xazina - ehrom yonida, oltita qo'yni men senga bir qarorga kelishingga ko'maklashganim uchun olaman.
Bo'zbola toshlarni to'rvasiga bekitdi. Endi, bundan keyin biror qaror qabul qilguday bo'lsa faqat o'ziga tayanadi, xolos.
- Unutma, dunyodagi hamma narsa bir butun, yaxlit. Alomatlar tilini yodingdan chiqarma. Va, eng muhimi, shuni yodingdan chiqarmaginki,sen oxirigacha o'z Taqdiring yo'lidan ketishing kerak. Endi men senga muxtasar bir rivoyatni aytib beraman.
Bir savdogar o'g'lini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng mash-hur donishmand huzuriga yuboribdi. O'g'lon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat tog' tepasidagi ajoyib bir qal'ani ko'ribdi. Bu qal'ada u izlab yurgan Donishmand yasharkan. Kutilganidek, qal'a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham o'xshamas, aksincha, odam bilan to'la edi: savdogarlar lash-lushlarini ko'rsatib u yoq bu yoqqa chopqilashar, ba'zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, mo''jazgina sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning o'rtasida, bu o'lkada topsa bo'ladigan jamiki noz-ne'matlarga to'la to'kin dasturxon tortilgan.
Donishmand bamaylixotir mehmonlar bilan bir-bir ko'rishib-so'rashib chiqadi va yigitchaning navbati yetguncha rosa ikki soat kutishiga to'g'ri keladi. Nihoyat Donishmand uning tashrifidan ko'zlagan maqsadini eshitadi, biroq baxt nimaligiyu, uning qanday sir-asrorlari borligini hozir tushuntirib o'tirishga vaqti yo'qligini aytadi. Yigitchaga qal'ani tomosha qilib, aylanib chiqqin, ikki soatdan keyin shu joyga kelasan, deb tayinlaydi.
"Darvoqe,sendan yana bir so'rovim bor,- deydi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan choyqoshiqni uzatib.- Bu qoshiqchani olgin, qara, tag'in moy to'kilmasin". Yigitcha, ko'zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki soatdan so'ng yana Donishmand qoshida hozir bo'ladi.
"Xo'sh,- deydi Donishmand,- oshxona zalidagi forsiy gilamlar senga yoqdimi? Bog'dagi dov-daraxtlar, gulzorlar-chi? Ularni qo'li gul bog'bonlar o'n yil deganda barpo etishgan.
Mening kutubxonamdagi eski qalin kitoblar, teriga bitilgan qo'lyozmalar-chi?" O'sal bo'lgan yigitcha bularni ko'rmaganini tan oladi, zotan, qal'ani aylanganda u butun diqqatini xo'jayin qo'liga ishonib topshirgan choyqoshiqdagi moydan uzmagan edi. "Izingga qayt va mening uyimdagi mo''jizalarni tomosha qil, - dedi shunda Donishmand.- Turish-turmushini ko'rib bilmagan odamingga qanday ishonasan". Yigitcha qo'lida qoshiq bilan yana saroyni aylangani jiladi. Bu safar u oldingiday diqqat bo'lmay, xonalarni bezab turgan kamyob jihozlarni, san'at asarlarini ko'rib chiqadi. U bog'larni va qal'ani o'rab turgan qoyalarni kuzatadi, gullarning va suratu haykallarning go'zalligini o'zicha baholaydi. Donishmandning oldiga qaytgach, u ko'rganlarining hammasini oqizmay-tomizmay aytib beradi.
"Ikki tomchi moy qani, men senga to'kib qo'yma deb taylagandim?"- so'raydi Donishmand.
Shunda yigitcha qoshiqchadagi moyning to'kilganini payqaydi.
"Mana shu men senga beradigan birdan-bir maslahat,- deydi unga donolar donosi.- Baxtning siru asrori dunyoning bor jozibasiyu tarovatini ko'ra bilishda va ayni paytda choyqoshiqdagi ikki tomchi moyni ham hech qachon yoddan chiqarmaslikda".
Santyago rivoyatni eshitib uzoq jim qoldi. U qariyaning nima demoqchi bo'lganini tushundi. Cho'pon dashtu dala kezishni yaxshi ko'radi, biroq qo'y-qo'zisini hech qachon unutmaydi.
Santyagoga qadalib qarab, podshoh Malkisidiq qo'llarini tutashtirdi va g'alati harakat bilan bo'zbolaning boshi ustidan sermadi. Keyin esa, qo'ylarni oldiga solib, o'z yo'liga ravona bo'ldi.
Mo''jazgina Tarif shaharchasi ustida, bir zamonlar mavrlar qurgan, eski qal'a qad rostlab turibdi. Agar minoraga chiqib qaralsa, makkabodroq sotuvchisining qutisi turgan maydon kaftdagiday ko'rinadi. Bu joydan Afrika qirg'oqlarining uzunchoq parchalari ham ko'zga tashlanadi. O'sha kuni qal'a devorida, yuzini mashriqdan esayotgan shamolga tutib, Malkisidq - Salim podshohi o'tirgan edi. Taqdirlarida kechgan alg'ov-dalg'ov o'zgarishlardan bezovtalanayotgan qo'ylar yangi xo'jayinidan nariroqda qo'shoqlanganday g'uj bo'lib turardi. Ularni hali ham qiziqtirib turgan eng muhim narsa yemish edi.
Bandargohga kiriladigan joyda turgan chog'roq kemaga qarab o'tirgan Malkisidq, bir paytlar unga ushr berganidan so'ng Ibrohimni qayta uchratmaganiday, endi bu bo'zbolani ham boshqa ko'rmasligi haqida o'ylardi.
Umrboqiylarda orzu-istak bo'lmasligi kerak, chunki bu yerda ularning o'z yo'llari yo'q. Biroq baribir Malkisidq qalbining tubida Santyago degan mana shu bolaga omad yor bo'lishini tilardi.
"Uning hoziroq hatto mening ismimni ham unutib yuborishi achinarli-da, - o'yladi u. - Mening ismimni takrorlab turishi kerak edi. Alhol, meni eslab, "Malkisidq, Salim podshohi" degan sirli qariyani tilga olsa." U ko'zini samoga tikdi va biroz iymanib, dedi:
-Tangrim, iqrorman, bular barchasi, Sening kalomingda zikr etilganiday, "behudadan behuda urinish." Lekin gohida qari podshoh ham o'zi bilan g'ururlanadi-da.
"Afrika deganlari g'alati joy ekan", - o'yladi Santyago.
U shaharning tang ko'chalarida tez-tez duch keladigan torgina yemakxonada o'tirardi. Bir necha kishi kattakon chilimni qo'lma-qo'l almashib chekishardi. Shu orada u qo'l ushlashib borishayotgan erkaklarni, yuzini bekitgan ayollarni, baland minoralarga chiqib olib, qiroat bilan bir nimalarni aytib qichqirayotgan ruhoniylarni ko'rdi, ayni damda atrofdagilar tiz cho'kishar va manglaylarini yerga tekizishardi. "Ko'chmanchi musulmonlarning makoni. Ularning urf-odatlari ham shu yerda ildiz otgan", - dedi ichida u.
U bolaligida qishloqlaridagi cherkovda avliyo Yoqubning suratini ko'rgandi - mavrlarni mahv etgan g'olib oq ot ustida, qo'lida qilichni baland ko'targan holda tasvirlangan, uning poyida hozir yemakxonada Santyago bilan yonma-yon o'tirishgan kishilarga o'xshash so'xtasi sovuq odamlar mukka tushgan. Bo'zbola sarosimalandi - u o'zini juda yolg'iz his etdi.
Boz ustiga, safarga chiqishdan oldin u bir narsani xayoldan faromush qilgan ediki, ayni shu narsa uning xazinaga boradigan yo'lida uzoq vaqt to'siq bo'lishi mumkin edi. Zotan, bu mamlakatda hamma arabcha gaplashardi.
Yemakxona xo'jayini uning oldiga keldi va Santyago imo-ishoralar bilan yonidagi stolda o'tirganlar ichayotgan ichimlikdan unga ham olib kelishini so'radi. Bu achchiq choy ekan. Bo'zbola vinoni xush ko'rardi.
Sirasini aytganda, buning ahamiyati yo'q - faqat xazina va ungacha qanday yetib borish haqida bosh qotirishi kerak. Sotgan qo'ylaridan tushgan pul anchagina, ular hamyonida, o'zining kuchini ko'rsatsa, harqalay, kishi yolg'izlik azobidan unchalik ozor chekmaydi. Tez-orada, atigi bir necha kundan keyin, u ehromlarga yetib boradi. Sof oltindan yasalgan ko'kraksiparli qariya besh-oltita qo'yini olib, boyib qolish uchun uni anoyi qilmagandir.
Qariya unga belgilar haqida gapirdi va Santyago, bo'g'ozdan suzib o'tgunicha, faqat shular haqida o'yladi. Gap nimadaligini u tushundi: Andasuliyada sang'ib yurib, yerdagi va osmondagi belgilarga qarab o'zini oldinda nimalar kutayotganini bilib olishga urindi. Chumchuq ilonning bekinib turgan joyidan xabar yetkazishi mumkin; buta shu atrofda jilg'a yoki daryo borligidan darak beradi. Bularning bariga uni qo'ylar o'rgatdi. "Agar ularni Tangri yo'llab turgan bo'lsa, U menga ham yo'ldan chalg'ishimga monelik qilmaydi", - o'yladi Santyago va biroz xotirjam bo'ldi. Shunda hatto choy ham unchalik taxir tuyulmadi.
- Sen kim bo'lasan? - tuyqusdan ispancha so'z eshitildi.
Santyago beixtiyor yengil tortdi: u belgilar haqida o'ylayotgandi va mana, belgi berildi. Unga ovoz bergan taxminan uning tengquri, yevropacha kiyingan bo'lib, faqat terisining rangi shu yerlik ekanini bildirardi.
- Sen ispanchani qayoqdan bilasan? - so'radi Santyago.
- Bu yerda uni qariyb hamma biladi. Ispaniya ikki soatlik yo'l.
- Kel, o'tir, men seni biror narsa bilan mehmon qilay. O'zingga ham, menga ham vino buyur. Choyga uncha tobim yo'q.
- Bu mamlakatda vino ichishmaydi, - javob qildi u. - Vino ta'qiqlanadi. Shunda Santyago ehromlargacha yetib borishi zarurligini aytdi. Xazina haqidagi gap og'zidan chiqib ketishiga bir bahya qoldi, biroq vaqtida tilini tishladi: aytib bo'ladimi, bu arab unga yordam berishi evaziga xazinaning bir qismini talab qilishi mumkin-ku. Bo'zbola qariyaning gaplarini esladi: qo'lingda, o'zingniki bo'lmagan narsani va'da qila ko'rma.
- Meni ehromlargacha olib borolmaysanmi? Buning uchun men senga haqini to'lardim.
- Sen tasavvur qila olasanmi o'zi, uning qaerdaligini?
Santyago yemakxona xo'jayini ularning yaqiniga kelib, gurungni jon qulog'i bilan eshitayotganini payqadi. Garchi uning oldida gapirgisi kelmayotgan bo'lsa-da, bo'zbola omadi chopib uchratgan yo'l boshlovchini qo'ldan chiqargisi kelmasdi.
- Butun Sahroni kesib o'tishingga to'g'ri keladi, - dedi u. - Buning uchun pul kerak. Puling bormi?
