IKKINCHI QISM

Santyago qariyb bir oy do'konda ishladi, biroq yangi ish ayni uning ko'nglidagiday edi, deb bo'lmasdi. Billur buyumlar sotuvchi savdogar kun bo'yi do'kon peshtaxtasi ortida o'tirar va bo'zbolaga idishlarga ehtiyot bo'lishini tayinlab tinimsiz to'ng'illardi. Shunga qaramay ishdan bo'shab ketishga majbur bo'lgani yo'q, chunki Savdogar, vaysaqiligiga qaramay, halol va va'dasida turadigan kishi edi: Santyago har bir sotilgan idishdan shirinkoma olar va hatto ozgina pul ham jamg'argandi. Bir kuni ertalab u topgan-tutganini sanab chamaladi, agar hozirgiday ishlab tursa, bir yildan keyingina to'rt-beshta qo'y sotib olishga qurbi yetar ekan.
- Peshtaxtani tashqariga chiqarib, idishlarni shunga terib qo'ysak yaxshi bo'ladi, - dedi u xo'jayinga. - Uni do'konning eshigi oldiga qo'yardik, o'tgan-ketganning ko'zi tushadi. - Shu paytgacha idishlarni ko'chaga olib chiqqanimiz yo'q, - javob qildi Savdogar. - Birortasi turtib yuborib billurni sindirishi mumkin.
- Qo'y boqib yurganimda ulardan birortasini ilon chaqib nobud qilishi mumkin edi. Biroq, nachora, qo'ylarning, cho'ponlarning ham hayoti shunaqa.
Bu payt Savdogar uchta qadah sotib olayotgan xaridorga xizmat ko'rsatayotgan edi. Xullas, savdo jonlangan, go'yo bir paytlari bo'lgani kabi, do'kon joylashgan bu tor ko'cha tag'in butun shahardan odamlarni o'ziga ohanraboday torta boshlagandi.
- Ishlar yomonmas, - dedi u xaridor chiqib ketgach. - Hozir men yaxshi daromad qilayapman, nasib etsa senga yaqin-orada bir otar qo'y sotib olishingga yetadigan pul beraman. Xo'sh, senga nima yetmaydi o'zi? Boriga qanoat qilmay, besh qo'lni og'izga tiqishga hojat bormi?
- Bor, belgilarga qarab qadam tashlash kerak, - beixtiyor og'zidan chiqib ketdi bo'zbolaning va shu lahzadayoq u aytgan gapiga afsuslandi: axir, bu savdogar sehrli qariyani uchratmagan-ku.
"Buni Xayrli Ibtido deydilar, - qariyaning gapi uning yodiga tushdi. - Yangi ish boshlaganlarga omad yor bo'ladi. Zero, hayot insonning o'z Taqdiri yo'lidan borishiga xayrixohdir".
Shu orada xo'jayin Santyago aytgan gapni fahmlab oldi. Ayonki, uning bu do'konga qo'ygan qadami xayru barakadan belgi berdi - pul oqib kela boshladi va Savdogar bu ispan bolani yollaganiga hech ham pushaymon bo'lmadi. Garchi qilayotgan mehnatiga kutganidan ko'ra ko'p daromad olayotgan esa-da, Savdogar ishlari bu qadar yurishib ketishini o'ylamay turib bo'zbolaga binoyiday haq to'lashni taklif qilgandi. Bola yaqin- orada qo'ylariga ketib qoladiganday tuyuldi unga.
- Ehromlar senga nima uchun zarur bo'lib qoldi? - so'radi u mavzuni o'zgartirish maqsadida.
- Menga ular haqida juda ko'p gapirib berishgan, - javob qildi Santyago.
Xazina endi alamli xotiraga aylangani bois, bo'zbola bu haqda o'ylamaslikka harakat qildi, shu bois xo'jayinga ko'rgan tushini aytib o'tirmadi.
- Umrimda birinchi marta ehromlarni o'z ko'zi bilan ko'rish uchun sahroni kezib o'tishga chog'langan odamni uchratishim. Ehrom degani - bu shunchaki bir sangzor-ku. O'zing ham hovlingda buni qursang bo'ladi.
- Bundan chiqdi, sizning tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan, - dedi unga javoban Santyago va navbatdagi xaridor tomon yurdi.
Oradan ikki kun o'tib, xo'jayin Santyagoning peshtaxtani do'kon tashqarisiga chiqarish haqidagi taklifini esladi.
- Men har xil yangiliklarga ishqiboz emasman, - dedi u. - Qolaversa, Hasanday boy ham emasman, u xato qilib qo'yishdan qo'rqmaydi, chunki bu unga qimmatga tushmaydi. Sen bilan men esa o'z xatolarimiz uchun umr bo'yi jabr chekamiz. "To'g'ri aytadi", - o'yladi bo'zbola.
- Qani, menga ayt-chi, peshtaxtani ko'chaga chiqarib, idishlarni terib qo'yishning senga nima nafi bor? - davom etdi xo'jayin.
- Men qo'ylarimning oldiga tezroq qaytishni xohlayman. Ishimiz o'ngidan kelib turganda fursatni boy bermaylik, omadimizdan foydalanib qolaylik. Buni Xayrli Ibtido, deyishadi. Yangi ish boshlaganlarga omad yor bo'ladi.
Qariya biroz sukut saqlab, javob qildi:
- Payg'ambarimiz bizlarga Qur'onni berdi va zimmamizga besh farzni qo'ydi, ularni biz umrimiz mobaynida ado etmog'imiz lozim. Eng muhimi - Ollohning borligi va birligi - shuni yodda tutib yashamoq. Qolgan to'rtta shart - bir kunda besh vaqt namoz o'qish, Ramazon oyida ro'za tutmoq, beva-bechoralarga xayr-ehson qilmoq...
U yana jimib qoldi. Payg'ambarni tilga olayotib uning ko'zlari namlandi, garchi u foniy dunyoda yashayotgan, betoqat va qiziqqon banda esa-da, baribir musulmonchilikning qonun-qoidalariga, payg'ambar Muhammad buyurganlariga amal etib yashayotgan edi.
- Xo'sh, beshinchi shart-chi? - so'radi Santyago.
- O'tgan kuni sen menga, tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan, deding. Bilib qo'y, har bir musulmonning zimmasidagi beshinchi farz - haj safarini amalga oshirmoqdir. Bizlarning har birimiz umrimizda bir bor bo'lsa-da muqaddas Makka shahrini ziyorat qilishimiz shart. Bu shahar ehromlardan ham uzoqda. Yoshligimda ozroq pul topib, mana shu do'konni olgan edim. O'ylardim: boyib ketsam, albatta, Makkaga boraman, deb. Keyin qo'lim pul ko'rdi, mol-dunyo orttirdim, biroq savdoni hech kimga ishonolmadim, chunki men sotadigan buyumlar juda nozik. Va har kuni haj safariga otlanganlarga ko'zim tushadi, ularning orasida badavlatlari bor - o'nlab xizmatkorlariyu butun bir tuya karvoni ularni kuzatib boradi, biroq yo'l olganlarning ko'pchiligi mendan ko'ra kambag'al bandalar. Men ularning nechog'li xushbaxt bo'lib qaytib kelishganini va uylarining eshigiga Makkaga hajga borishganidan darak beradigan belgi qo'yishganini ham ko'rganman. Ularning biri, eski poyafzallarni yamaydigan etikdo'z menga sahroda bir yil yo'l yurdik, biroq Tanjerda qo'shni mahallaga ko'n olgani borganimda charchab qolardim, haj safarida hecham toliqmadim, deb aytdi.
- Nega hoziroq to'g'ri Makkaga yo'l olmaysiz? - so'radi Santyago.
- Chunki men haj safari umidi bilan tirikman. Bo'lmasa, men ikki tomchi suvday mana shu yakrang, zerikarli kunlarga, buyumlarim terib qo'yilgan bu o'lik jovonlarga, har kuni qatnaydigan o'sha kir-chir yemakxonaga - shu turush-turmushga chiday olarmidim. Qo'rqaman, nasib etib umid-orzuim ro'yobga chiqquday bo'lsa, undan keyin hayotda tayanib yashaydigan boshqa ilinjim qolmaydi. Sen esa bosh-qachasan, menga o'xshamaysan, o'z orzu-niyatingga yetishishga ishtiyoqing zo'r. Mening faqat Makka xayoli bilan yashagim bor. Sahroni kezib o'tishim, muqaddas tosh turgan maydonga borishim, uning tevaragini yetti bor aylangach, tavof olishimni minglab marta ko'z oldimga keltirganman. Biroq qo'rqaman umidsiz bo'lib qolishdan, shuning uchun orzu- niyatimdan ayrilib qolmay deyman.
Shu kuni u Santyagoga do'kon tashqarisida yangi peshtaxta taxlashga ruxsat berdi. Hamma bir xilda orzu qilib, bir xil tush ko'rmaydi.
Oradan tag'in ikki oy o'tdi - tashqariga qo'yilgan peshtaxta juda qo'l keldi: do'kondan odam arimay qoldi. Santyago chamalab ko'rdi: ishlar shu zaylda ketsa yarim yildan so'ng u Ispaniyaga qaytadi, boz ustiga, oltmish emas, yuz yigirma bosh qo'y sotib oladi. Bir yil ichida suruviga suruv qo'shiladi va u arablar bilan savdoni boshlab yuboradi, chunki endi ularning tilida gapirishga baharnov o'rgandi. Bozordagi o'sha voqeadan beri u to'rvasidan Urim va Tumim toshchalarini qaytib olmagandi, boisiki, Misr uning uchun, xuddi xo'jayiniga Makka safari ushalmas orzuga aylanganiday, qo'l yetmas yulduz bo'lib qoldi. Yumushi uni qoniqtirar va doim xayolida kemadan Tarifga g'olib sifatida tushib kelishini tasavvur qilardi.
"Yodingda tut: hamma vaqt aynan nimani istashingni aniq bilgin", degan edi Malkisidq. Bo'zbola bilardi va ko'zlagan maqsadiga yetishish uchun ter to'kardi. Ehtimol, begona yurtga kelib qolish, bu joyda aldoqchiga yo'liqish, keyin esa bir pul sarflamay suruvini ikki baravar ko'paytirib olish - bularning bari uning peshonasiga bitilgandir? U o'zidan mamnun edi. Ko'p narsani o'rgandi: endi billur sotishni eplaydi, so'z ishlatilmaydigan tilni egalladi, belgilarni baloday uqadi. Bir safar u kimdir birovning yozg'irayotganini eshitib qoldi: bu yerga chiqib kelguningcha sillang quriydi, na o'tiradigan joy, na bir ho'plam choy bor. Buning bir belgi ekanini Santyago darhol payqadi va xo'jayinga dedi:
- Qirga chiqib kelayotganlarga choy sotsak nima qiladi?
- Yaxshi taklif, o'ylab ko'rsa arziydi, - dedi u.
- Choyni billur idishlarga quyib uzatamiz. Odamlar bundan zavqlanadi, bizdan billur sotib olgilari keladi. Odamlar go'zallikka o'ch bo'lishadi.
Xo'jayin bir so'z demay unga ancha qarab turdi. Biroq shomga yaqin, nomozni o'qib, do'konni bekitgach, qarshidagi tosh yo'lakka o'tib o'tirib oldi va Santyagoga arablar qo'lma-qo'l qilib chekadigan g'aroyib chilimni taklif qildi.
- Qani menga ayt-chi, sen nimaga erishmoqchisan o'zi? - so'radi u bo'zboladan.
- O'zingiz bilasiz-ku, men uyimga qaytishni xohlayman, qo'y sotib olmoqchiman. Buning uchun menga pul kerak.
Qariya chilimga cho'g' tashladi va qurullatib tortdi.
- O'ttiz yildan beri shu do'konda savdo qilaman. Billurning tozasini yomonidan farqlay olaman, savdoning sir-asrorini bilaman. Ishim yurishib turganidan dumog'im chog', yana kengaytirishga esa hafsalam yo'q. Xaridorlarga billurda choy uzatib tursang va qarasangki, chindan daromad oshgandan oshsa; unda butun do'konu dastgohni yangilashga to'g'ri keladi.
- Xo'sh, buning nimasi yomon?
- E, men shunday yashashga o'rganib qolganman-da. Sen bu yerda yo'g'ingda ko'p xayol surardim: ne zamonlardan beri shu joyda muqim o'tiribman, bu orada oshnalarim bir yoqlarga ketishdi, yana qaytib kelishdi, birlarining bozori kasod bo'ldi, boshqalari boyib ketishdi. Alam bilan shularni o'ylardim. Endi amin bo'layapman, do'konim o'zimning imkonimga mos, o'zim xohlagan o'lchamdan ekan. Uni kengaytirishga hecham rag'batim yo'q, o'zi bunday o'zgarishlar qanday qilinadi - bilmayman ham. O'zi bilan o'zi andarmon odamman.
Bir nima deyishga bo'zbolaning tili aylanmadi. Qariya davom etdi:
- Seni mening qoshimga go'yo Ollohning o'zi yubordi. Bilasanmi, bugun men nimani angladim: Ollohning inoyatiga shukr qilmaslik la'nat bo'lib qaytadi. Men hayotdan bundan ortiq yana nimalarnidir ta'ma qilmayman, sen esa meni qaylargadir boshlamoqchi bo'lasan. O'sha yoqlarga qarab turib o'zimning qurbimni anglab yetaman va o'zimni burungidan-da battar his etaman. Qo'lim uzayib, imkoniyatim oshgan bir paytda endi menga ko'p narsaning keragi yo'q.
"Makkabodroq sotuvchiga bir nima deb gapirmaganim ham yaxshi bo'lgan ekan", - o'yladi Santyago.
Ular biroz chilim chekib o'tirishdi. Quyosh botdi. Xo'jayin bilan bo'zbola arabchada gaplashardi - Santyago bu tilni egallab olganidan mamnun edi. Bir paytlar, boshqacha yashab yurgan vaqtlarida, unga go'yo qo'ylar hamma narsani fahmlaydiganday tuyulardi. Biroq arab tilini ular hech qachon o'rganolmaydi.
"Demak, ular o'rganolmaydigan boshqa narsalar ham bor, - o'yladi u, xo'jayinga jim qarab qo'yarkan. - Chindan, ular o't bilan suvni qidirishni biladi, xolos. Bunga ham o'zlari o'rgangani yo'q - men o'rgatdim ularni".
- Maktub, - dedi nihoyat billur sotuvchi.
- Bu nima degani?
- Uni bilish uchun arab bo'lib tug'ilish kerak, - javob qildi u. Ma'nosi, taxminan, "shunday bitilgan" degani.
U chilimning cho'g'larini o'chira turib, Santyagoga ertadan boshlab billur idishlarda choy sotishing mumkin, dedi. Hayot daryosini to'xtatishning iloji yo'q.
Odamlar mashaqqat chekib qiyalikdan yuqoriga o'rlar va tuyqusdan tepada ro'paradagi do'konga ko'zlari tushib qolar, bu joyda ularga bejirim billur idishlarda yaxna xushta'm chanqovbosdi choy taklif etishardi. Shunday damda do'konga bosh suqmay, choydan ichmay bo'ladimi?!
"Bu mening xotinimning yetti uxlab tushiga ham kirmaydi!" - dedi bir nechta billur idish xarid qilgan kishi: shu kuni kechqurun unikiga mehmon keladigan va u ana shu chiroyli billurlar bilan ularning ko'nglini ovlamoqchi edi.
Boshqa bir xaridor billurda ichilgan choyning ta'mi zo'r bo'ladi, choy billurda xushbo'yligini saqlaydi, dedi. Yana biri esa Sharqda azaldan billurda choy ichish an'anasi borligini yodga oldi, chunki billur sehrli xususiyatga ega, dedi u.
Tez orada bu hojatbarorlik ixtirosi hammaning qulog'iga yetdi va xaloyiq ko'hna hunarga qanday qilib yangidan jon kiritish mumkinligini o'z ko'zlari bilan ko'rish ishtiyoqida qirga o'rlab kelaverdi. Bu orada billur idishlarga choy quyib beradigan boshqa qo'nalg'alar ham paydo bo'ldi, biroq u joylarga terlab-pishib, mashaqqat chekib o'rlab borilmasdi, shu bois ular bo'm-bo'sh edi.
Ko'p o'tmay do'konga yana ikki nafar dastyor yollashga to'g'ri keldi. Endi bu yerda billur sotishdan tashqari, yangilikka ishqiboz bo'lib kelgan son-sanoqsiz kishilarga tinimsiz choy ulashilardi. Shu taxlit yarim yil o'tdi.
Quyosh chiqmay turib Santyago uyg'ondi. Afrikaga ilk bor qadam bosganidan beri o'n bir oy-yu to'qqiz kun o'tibdi.
U oq matodan tikilgan, atay bugungi kunga deb xarid qilingan arabcha burnusni kiydi, boshini ro'mol bilan yopdi va ustidan tuya terisidan qilingan halqani solib tortdi-da shippakni oyog'iga ilib, ovoz chiqarmay pastga tushdi.
Shahar hali uyquda. Santyago murabbo bilan bir to'g'ram non yedi, billur stakanda qaynoq choy ichdi. Keyin do'konning bo'sag'asiga o'tirib chilim chekdi. U shu taxlit yolg'iz o'zi xayoliga hech nimani keltirmay, sahro hidini ufirib bir tekis, tinimsiz esayotgan shamol sasiga quloq tutib chekib o'tirdi. Chekib bo'lib, qo'lini cho'ntagiga tiqdi - bir necha daqiqa cho'ntagidan olgan narsaga qarab turdi. Uning barmoqlari bir siqim pulni siqib ushlab turardi - bu pullarga qaytish uchun patta olsa ham bo'ladi, yana yuz yigirma bosh qo'y va tag'in hozir o'zi turgan mamlakat bilan Ispaniya o'rtasida savdo qilish uchun ruxsatnoma xarid qilsa ham bo'ladi. Santyago xo'jayinning uyg'onib, do'konni ochishini toqat bilan kutdi. Keyin ular birgalikda yana choy ichishdi.
- Bugun men jo'nayman, - dedi bo'zbola. - Endi menda qo'y sotib olishga, sizda esa Makkaga borishga yetarli mablag' bor.
Xo'jayin sukut saqladi.
- Meni duo qiling, - jiddiy ohangda dedi Santyago. - Siz meni qo'lladingiz.
Qariya hanuz churq etmay choy qaynatish bilan mashg'ul edi. Nihoyat u bo'zbola tomon burildi.
- Men sen bilan faxrlanaman. Sen do'konimni jonlantirib yubording. Biroq bilgin: men Makkaga bormayman. Yana shuni ham bilib qo'ygin: sen qo'y sotib olmaysan.
- Kim aytdi sizga buni? - hayron bo'lib so'radi Santyago.
- Maktub, - qisqa javob qildi billur sotuvchi Savdogar.
Va u bo'zbolani duo qildi.
Shundan so'ng Santyago o'zi yotadigan xonaga kirdi va ul-bul narsalarini yig'ishtirdi - lash-lushlari uch qop bo'ldi. Eshikdan chiqayotib uy burchagida yotgan eski cho'ponlik to'rvasini ko'rib qoldi, ko'pdan beri ko'zi tushmagani uchun to'rvani yodidan chiqarib yuborgan edi. Uning ichida kamzuli va kitobi bor. U kamzulini, ko'chada birorta bolaga sovg'a qilarman, degan mo'ljal bilan to'rvadan chiqardi va shu payt bir juft tosh - Urim va Tumim yerga tushib dumalab ketdi.
Shu damda bo'zbola keksa podshohni esladi va qancha vaqtdan beri u haqda o'ylamaganiga ajablandi. Axir, butun bir yil uzluksiz ter to'kib mehnat qilishga to'g'ri keldi, chunki pul topish kerak, Ispaniyaga quruq qo'l bilan so'ppayib borib bo'lmasdi-da. "Orzu-umidlaringdan hech qachon voz kechmagil, - degan edi unga Malkisidq. - Belgilarga ergash".
Bo'zbola toshlarni terib oldi va shu payt uni yana g'aroyib tuyg'u chulg'adi, go'yo qariya yonginasida edi. Mashaqqatli mehnat bilan o'tdi shu bir yil, endi esa belgilar bu yerdan jo'nab ketishga ishora qilayotir.
"Men yana avval qanday bo'lsam, aynan o'sha zaylimga qaytaman, - o'yladi u, - biroq qo'ylar meni arabcha gapirishga, baribir, o'rgata olmasdi".
Biroq qo'ylar unga muhim bir saboq bergan edi: dunyoda barchaga birday tushunarli so'zsiz til borligini o'rgatgandi. O'tgan bir yil mobaynida savdo-sotiqni jonlantiray, deb Santyago ana shu - hammaga tushunarli tilda gapirdi. Bu g'ayratbaxsh, zavq-shavqli til edi, ishni mehr-muhabbat va xohish-iroda bilan qiladigan, ishonchu xohishingga quvvat beradigan til edi. Tanjer endi unga begona joy emas, endi bo'zbolaning dunyoni, xuddi bu shaharni zabt etganiday, zabt eta olishga ko'zi yetib turardi. "Agar biror-bir narsani chin dildan orzu qilsang, butun Olam uning amalga oshishiga ko'maklashadi", - keksa Malkisidq shunday degan edi.
