Biroq qariya faqat orzu qilib, amalda uni chin dildan istamaydigan talonchilar, behudud sahro-yu odamlar haqida churq etmadi. U bo'zbolaga ehrom deganlari shunchaki sangzor ekani, agar xohlasa har qanday odam chorbog'ida bunday toshlar uyumini tiklay olishi haqida ham gapirmadi. Biroq keksa podshoh unga, agar orttirib qo'y sotib olishga pul yig'a olsa, bu qo'ylarni u sotib olishi kerakligini aytib qo'yishni unitgandi. Santyago to'rvasini olib, boshqa lash-lushlariga qo'shib qo'ydi. Xo'jayin xaridorlarga xizmat qilar, yana ikki nafar xaridor do'kon ichida billur idishlarda choy ichishib, aylanib yurishardi. Bunday mahalda do'konda, odatda, xaridorlar ko'p bo'lmasdi. Shu damda Santyago xo'jayinning sochlari Malkisidqning sochlarini eslatishini payqadi. Tanjerdagi birinchi tong mahali uning yodiga tushdi, o'shanda na boradigan joyi va na biror yeguligi bor edi; qandolatchining tabassumi ham yodiga tushdi va bu tabassum ham keksa podshohni esiga soldi.
"Xuddi Malkisidq bu yerdan o'tganday, hamma narsada o'zining izini qoldirganday, - o'yladi bo'zbola. - Go'yo bu odamlar o'z hayotlarining qaysidir pallasida u bilan uchrashganday. Biroq u menga: kimki o'z Taqdiri yo'ldan borayotgan bo'lsa, men unga ko'rinaman, degan edi".
U xayrlashmay chiqib ketdi - begonalar oldida yig'lashni or bildi. Biroq u bu joyni, mana shu makonda o'rganib, odatlanib qolgan narsalarni qo'msashini, sog'inishini tushunardi. Bu joyda u o'ziga ishonch va dunyoni zabt etguday ishtiyoq paydo qildi. "Axir, men qo'y boqadigan tanish joylarga qaytayapman", - o'yladi u, biroq bunday xush xayol ham negadir uning ko'ngliga chiroq yoqmadi. Orzuimni amalga oshiray deb bir yil ishladi, mana endi bu orzu ushalay deb turganda daqiqa sayin o'zining jozibasini yo'qota boshlayapti. Balki bu, umuman, orzu emasdir?
"Ehtimol, billur sotuvchiga o'xshagan bo'lish kerakdir? U kabi bir umr Makkani orzu qilib, hech qachon safarga chiqmagan ma'qulmikan?" - o'yladi bo'zbola, biroq u qo'lida ushlab turgan toshlar g'oyibdan unga keksa podshohning quvvati va qat'iyatini berayotganday edi.
G'aroyib tasodif tufaylimi yoki bu ham bir belgidan darakmi, ishqilib, u hozir Tanjerga kelgan birinchi kunda bosh suqqan yemakxonaga kirdi. Albatta, o'shanda unga duch kelgan tovlamachining qorasi ko'rinmasdi. Xo'jayin choy keltirdi.
"Cho'ponlikka xohlagan paytim qaytaveraman, - o'yladi Santyago. - Qo'y boqishni, jun qirqishni eplayman va bu yumush bilan pul topa olaman. Biroq boshqa paytda ehromlarga borish uchun hozirgiday imkoniyat bo'lmasligi mumkin. Ko'kragiga oltin sipar taqqan qariya mening butun o'tmishimni bilardi. Menga haqiqiy podshoh va boz ustiga, donishmand uchragan edi".
Uni Andalusiya dalalaridan atigi ikki soatli yo'l ajratib turardi, biroq ehromgacha bepoyon sahro yastanib yotibdi. Bunga boshqacha qarasa ham bo'lishini u tushundi: hozir yo'l olsa xazinagacha ketadigan vaqt ikki soatga qisqaradi, garchi u, bu orada, bir yilni yo'qotgan esa-da.
"Nega qo'ylarimga qaytib borgim kelayotgani tushunarli: chunki ularni bilaman, yaxshi ko'raman, ularning tashvish ham aytarli ko'p emas. Biroq sahroga shunday mehr qo'ysa bo'larmikan? Axir, men intilgan xazinamni aynan sahro o'z bag'riga bekitgan-ku. Agar uni topolmasam - uyga qaytaman. Bo'lganicha bo'ldi, hozir pulim ham, vaqtim ham bor, nega bir urinib ko'rmasligim kerak?"
Shu daqiqada u juda sevinib ketdi. Cho'ponlik doimo uning ilkida. Qolaversa, xohlagan paytda o'zi ham billur savdosi bilan shug'ullana oladi. Albatta, dunyoda xazinalar ham ko'p, biroq boshqa birov emas, aynan uning o'zi bir tushni ikki marta ko'rdi va unga keksa podshoh duch keldi.
U yemakxonadan dumog'i chog' bo'lib chiqdi. Xo'jayiniga billur yetkazib turadigan, sahroda karvon bilan yuradigan bir savdogar yodiga tushdi. Santyago kaftidagi Urim va Tumimni siqdi - shu toshlar sharofati tufayli u yana o'z xazinasini qidirib yo'lga tushishga qaror qildi.
"Men doimo o'z Taqdiri yo'lidan borayotganlar yonidaman", - u Malkisidq so'zlarini esladi.
Bu juda oson: savdo omboriga borib, ehromlar bu yerdan uzoq deyishadi, shu rostmi, deb so'rasa bo'lgani.
Angliyalik o'tirgan joy ko'proq og'ilni eslatardi, bu yerdan ter, chang va mol hidi anqirdi. "Mana shunday yovuqda yashash uchun o'n yil o'qish lozim bo'ldi", - o'yladi u, kimyoga oid jurnalni parishonxotir varaqlarkan.
Biroq ortga chekingani imkon yo'q. Belgilarga ergashish kerak edi. U butun umrini bani bashar gapiradigan o'sha yagona tilni topishga bag'ishladi, shu uchun o'qidi-izlandi. Dastlab u xalqaro sun'iy til - esperanto bilan mashg'ul bo'ldi, keyin dunyodagi dinlar bilan qiziqdi va nihoyat alkimyoga berildi. Mana endi esperantoda bemalol gapiradi, turli diniy e'tiqodlar tarixini puxta biladi, faqat hali alkimyogar bo'la olgani yo'q. To'g'ri, qandaydir sir-sinoatlarni kashf etdi, lekin ayni paytda bir nuqtada turib qoldi va o'z tadqiqotlarida bir qadam ham oldga siljiy olmayotir. Qaysidir bir alkimyogardan ko'mak topishga behuda urindi - ularning bari ichimdagini top deydigan, g'alati fe'l-atvorli odamlar chiqdi, ularning bari faqat o'zini o'ylar, biror-bir ko'mak yo maslahat olish dargumon edi. Ehtimol, bunday dargumonlik ularning har narsani oltin qiladigan afsonaviy tosh - Iksirning siriga baribir yetisha olmaganliklari tufaylidir. Angliyalik otasining merosidan bir qismini o'zining samarasiz tajribalariga sovurib bo'ldi. U dunyodagi eng boy kutubxonalarda izg'idi, alkimyoga oid kamyob, o'ta nodir kitoblarni
xarid qildi. O'sha kitoblardan bittasida u, ko'p yillar burun Yevropada bo'lgan bir mashhur arab alkimyogari haqida o'qidi; uning ikki yuzdan oshgani-yu, Iksirni topgani va Obi-hayotni kashf etgani haqida keng dovruq taralgandi; bu ovozalar, albatta, angliyalikni ne qadar mutaassir etmasin, agar sahrodagi arxeologik ekspeditsiyadan qaytib kelgan oshnasi o'zi ko'rgan karomatsohib bir arab haqida unga gapirib bermaganida, oddiy afsonaday tuyulardi. U El-Fayum vohasida istiqomat qilarkan. Gap- so'zlarga qaraganda, yoshi ikki yuzda va u har qanday metalni oltinga aylantira olarmish.
Buni eshitgan zahoti angliyalik hamma ishini yig'ishtirdi, uchrashuvlarni bekor qildi va shaxsiy kutubxonasidan eng kerakli kitoblarni oldi-yu, yo'lga tushdi - va mana, u shu yerda, og'ilga o'xshagan badbo'y omonat bostirmada, devor ortida esa Sahro orqali yo'l solishga shaylanayotgan katta karvon turibdi va El-Fayum vohasi shu karvonning yo'li ustida.
"Men bu la'nati alkimyogarni o'z ko'zlarim bilan ko'rishim kerak", - o'yladi angliyalik va
ayni damda tuyalarning sassig'i ham unga juda badbo'y tuyulmadi.
Shu orada bir navqiron arab, kiftida yo'l to'rvasi bilan, uning oldiga keldi va salomlashdi.
- Yo'l bo'lsin? - so'radi u.
- Sahroga, - javob qildi angliyalik va yana kitob o'qishga tutindi.
Uning vaqti ziq edi: o'n yil o'rganganlarini xotirasida tiklashi kerak; aytib bo'lmaydi, alkimyogar uning bilimini sinab ko'rishni xohlab qoladimi.
Bo'zbola bu orada o'tirib, kiftiga osgan to'rvasidan kitob olib ochdi. Angliyalik kitobning ispan tilida ekanini payqadi.
"Harqalay, yomonmas", - o'yladi u, chunki ispanchada arabchaga qaraganda yaxshiroq gapirardi.
Agar bu bola ham El-Fayumga yo'l olsa, bekorchi vaqtda u bilan gurunglashsa bo'ladi.
"Qiziq, - o'ylardi Santyago, kitobning boshidagi dafn marosimi sahnasini yana qayta o'qib chiqarkan. - Shu kitobni qo'lga olganimga, mana, ikki yil bo'ldi, hanuz birinchi betidan nariga o'tganim yo'g'-a."
Bu safar yonida podshoh Malkisidq yo'q xalal beradigan, biroq bo'zbola baribir diqqatini jamlay olmadi. Boz ustiga, o'zi shu qarorga to'g'ri keldimmi, degan fikr uni chalg'itardi. Lekin Santyago eng muhim narsani tushunardi: har qanday ishda qarorga kelish- ishning boshlanishi, xolos. Qachonki odam biror narsaga, tanlab turib qaror qilsa, u go'yo tezkor oqimga sho'ng'iganday bo'ladiki, oqim uni xayoliga keltirmagan joyga oqizib ketadi.
"Xazinani qidirib yo'lga chiqqanimda billur sotuvchining do'konida ishlayman, deb o'ylamagandim. Shundayin, bu karvon ham, ehtimol, mening tanlovimdir, mening azmu qarorimdir, biroq mening yo'lim o'z-o'zicha sirliligicha qoladi". Uning yonida yevropalik o'tiribdi va u ham kitob o'qiyotir. Santyagoga u yoqimsiz odamday ko'rindi: bo'zbola bostirmaga kirganda u yovqarash qildi. Bu, lekin, hech gapmas - ular baribir tanishib olishardi, agar u gapni uzib qo'ymaganida. Bo'zbola kitobini yopdi - uning bu muhojirga o'xshashga hecham xohishi yo'q edi, keyin cho'ntagidan toshchalarni oldi va ular bilan o'ynay boshladi.
- Urim va Tummim! - hayratlandi yevropalik. Santyago shoshilib ularni yashirdi.
- Sotilmaydi, - dedi u.
- Bilaman, ular qimmat turmaydi, - javob qildi yevropalik, - oddiy shaffof toshlar, hech qanday xislati yo'q. Dunyoda bunday toshlar millionlab topiladi, biroq sinchkov odamgina Urim va Tummimni darrov payqaydi. Ammo men ularning bu o'lkalarda ham
uchrashiga shubhalanmagandim.
- Menga ularni podshoh sovg'a qildi, - javob berdi bo'zbola.
Muhojir, go'yo tildan qolganday, bo'shashgan qo'li bilan cho'ntagidan, xuddi Santyagonikiday, ikkita tosh oldi.
- Sen podshoh bilan gaplashdingmi? - deb yubordi u.
- Ha-da, podshohlarning cho'ponlar bilan gaplashishini sen tasavvur qilishing qiyin, - dedi Santyago. Endi uning gurungni davom ettirish xohishi yo'qolgandi.
- Yo'q, nega endi. Axir, birinchi bo'lib Podshohni cho'ponlar tan olishgan, bu payt Uni hali dunyoda hech kim bilmasdi. Ayni podshohlarning cho'ponlar bilan muloqotining o'zida hech bir ajablanarli hol yo'q, - dedi angliyalik va bo'zbola tushunmadi shekilli degan xavotirda qo'shib qo'ydi: - Bu haqda Injilda o'qisa bo'ladi, o'sha, men Urim va Tummim haqida o'qib bilgan kitobda. Tangri faqat mana shu toshlar bilan fol ochishga izn bergan. Kohinlar ularni oltin ko'krak siparida olib yurishgan.
Endi Santyago omborga kelganiga afsuslanmayotgan edi.
- Ehtimol, bu belgidir, - angliyalik ovoz chiqarib fikrlayotganday gapirdi.
- Kim senga belgilar haqida aytdi? - Santyagoning qiziqishi daqiqa sayin ortib borardi.
- Dunyodagi borki narsalar - belgilar, - dedi angliyalik, jurnalini chetga qo'yib. - Qadim-qadimda odamlar bir tilda gaplashishgan, keyin esa bu tilni unutishgan. Mana shu Umum Tilini men izlayapman. Shu bois bu yerdaman. Men shu Umum Tilini biladigan odamni topishim kerak. Alkimyogarni.
To'ladan kelgan arab - ombor egasining paydo bo'lishi bilan ularning suhbati bo'linib qoldi.
- Omadlaring bor ekan, - dedi arab. - Bugun tushdan so'ng karvon El-Fayumga yo'l oladi.
- Biroq men Misrga borishim kerak! - tashvishlanib xitob qildi Santyago.
- El-Fayum Misrda-da. Sen o'zing qaerliksan?
Santyago Ispaniyadanman, deb javob qildi. Angliyalik xursand bo'ldi: arabcha kiyingan bo'lsa-da, o'zi yevropalik ekan.
- U belgilarni omad, deb ataydi, - dedi u, xo'jayin chiqib ketgach. - Agar men "omad" va "tasodif" so'zlari haqida kitob yozishga kirishsam, qalingina qomus yuzaga kelardi. Umum Tili aynan shu so'zlardan tashkil topgan.
Shunday deb, u o'zining Santyago bilan uchrashgani, aytgancha, undayam Urim va Tummim bor ekan, bu shunchaki oddiy tasodif emasligini qo'shib qo'ydi. Keyin bo'zboladan mabodo Alkimyogarni qidirayotganing yo'qmi, deb surishtirdi.
- Men xazinani izlayapman, - javob qildi u va xato qilganini payqab, tilini tishladi. Biroq angliyalik uning gapiga, aftidan, ahamiyat bermadi shekilli, faqat:
- Qaysidir ma'noda - men ham, - dedi.
- Men alkimyoning nimaligini, ochig'i, yaxshi bilmayman, - dedi Santyago, biroq shu payt ombor egasining ularni chaqirgan ovozi eshitildi.
- Karvonga men sarbonlik qilaman, - dedi ularga hovlida soqoli ko'ksiga tushgan, ko'zlari qop-qora kishi. - Men bilan yo'lga chiqadiganlarning hayot-mamoti mening qo'limda bo'ladi, chunki sahro - telbatabiat kimsaday gap, odamlarni tez-tez aqlidan ozdirib turadi.
Ikki yuz choqli odam yo'l tadorikini ko'rishgan, ulovdan - tuyalar, otlar, eshaklar bundan sal kam ikki baravar ko'p. Angliyalikning kitob tiqib joylangan bir necha jomadoni bor ekan. Hovlida ayollar, bolalar va belidagi kamarlariga qilich osgan, kiftlarida uzun qurollari bor erkaklar to'pirlashib turishardi. Shovqin-suronning kuchliligidan Sarbon gapini bir necha marta takrorlashiga to'g'ri keldi.
- Bu yerga turli xil odamlar yig'ilishgan va ular har turli tangrilarga sig'inishadi. O'zim yolg'iz Ollohga sajda qilaman va Uning nomi bilan qasam ichaman: sahroni boz zabt etish uchun ilkimdagi borki imkonimni ishga solaman. Endi har qaysingiz o'z tangringizga sajda qilib, har qanday vaziyatda ham menga bo'ysunishga so'z beringiz. Sahroda sarkashlik qilish - halokatdir.
Past ohangdagi tovushlarning g'ala-g'ovuri ko'tarildi - bu o'z tangrilariga iltijo etayotganlarning tovushi edi. Santyago Iso Masih nomiga qasamyod qildi. Angliyalik sukut saqladi. Bu jarayon qasam ichishga ketadigan vaqtdan biroz cho'zildi - odamlar samodan himoya va xayrixohlik tilashardi.
Shundan so'ng burg'uning cho'ziq tovushi eshitildi va odamlar egarga minishdi. Santyago bilan angliyalik ham o'zlari sotib olishgan tuyalarga bir amallab minib olishdi. Bo'zbola yonidagi yo'ldoshi tuyasiga kitob joylangan og'ir jomadonlarni rosa yuklaganini ko'rib, jonivorga ichi achidi.
- Ammo, aslida, hech qanaqa tasodifning o'zi yo'q, - go'yo allaqachongi gurungni davom ettirgan bo'lib dedi angliyalik. - Mening bu yerga kelishimning sababi, bir oshnam shunday arab haqida eshitgan ekan, u arab...
Biroq uning so'zlarini harakatga kelgan karvon shovqini yutib yubordi. Shunday esa-da Santyago angliyalikning muddaosini juda yaxshi bilardi: voqealarni bir-biriga bog'lab turadigan sirli zanjir bo'ladi. Ayni shu vosita uni qo'ychivonlikka boshladi, bir tushni ikki marta ko'rgani, Afrika qirg'oqlariga yaqin joyga borgani-yu bu shaharchada podshohni uchratgani, tovlamachiga duchor bo'lgani, billur sotadigan do'konga yollangani... hammasi shundan.
"O'z Yo'lingdan qancha uzoq ketsang, u hayotingni shu qadar izchil belgilaydi", - o'yladi bo'zbola.
Karvon sharqqa yo'l tortdi. Sahar palla yo'lga chiqilar, quyosh chosh tepaga kelganda dam olish uchun to'xtalar, jazirama issiq biroz tushgach, yana yo'lda davom etilardi. Santyago angliyalik bilan kam gaplashdi - muhojir boshini kitobdan deyarli uzmasdi. Bo'zbola churq etmay ko'p sonli yo'ldoshlarini kuzatib borardi. Endi ular safar arafasidagi safardoshlariga o'xshamasdi. O'shanda yugur-yugur avjiga mingan: baqiriq-chaqiriq, bola yig'isi va otlarning kishnashi, savdogaru tuyakashlarning hovliqqan, hayajonli ovozlariga qorishib ketgandi. Bu yerda, sahroda esa jimjitlikni doimiy shamolning hushtagi-yu ulovlar tuyog'i ostidagi qumning g'ijirlashigina buzardi. Hatto tuyakashlar ham sukut saqlashardi.
- Men bu qumliklardan ko'p o'tganman, - dedi bir oqshom tuyakashlardan kimdir boshqasiga. - Biroq sahro shunaqangi ulug' va shunaqangi tilsimki, bexosdan o'zingni qum zarrasiday g'arib his eta boshlaysan. Qumning zarrasi esa gungu kar. Santyago, sahroda birinchi marta bo'layotgan esa-da, tuyakashning nima haqda gapirayotganini tushundi. Uning o'zi ham, dengizga yoki olovga, soatlab bir so'z aytmasdan, hech nimani o'ylamasdan, xayolan bu unsurlarning mislsiz qudratiga tamom asir bo'lganday, termilib o'tira olardi.
"Men qo'ydan saboq oldim, billurdan saboq oldim, - o'yladi u. - Endi meni sahro o'qitadi. Sahro, meningcha, eng ko'hnasi, sahro - men oldin ko'rganlarim orasida eng donishmandi".
Shamol esa bu yerda bir nafas ham tin olmas va Santyago Tarifdagi minorada turib uning kuchini qanday his etganini esladi. Andalusiya yaylovlarida o't va suv izlab izg'igan qo'ylarining junini yengil hilpiratib to'zdiradigan mana shu shamol bo'lishi kerak. "Endi ular meniki emas, - o'yladi u ortiq g'am chekmay. - Meni unutishgan hamdir, ehtimol, yangi cho'ponga o'rganib qolishgandir. Bo'lganicha bo'lar. Qo'ylar, xuddi u yerdan bu yerga ko'chib-kezib yuradigan odamlarday, ayriliq ham bir zarurat ekanini bilishadi."
