Qiz chodir ichiga g'oyib bo'ldi. Tong oqarib kelardi. Odatdagi kun boshlangach, Fotima necha yillardan beri shug'ullanib kelayotgan ishi bilan mashg'ul bo'ladi, biroq endi hammasi boshqacha kechadi. Voha endi qizning nazdida burungi qimmatini bir qadar yo'qotadi, chunki vohada Santyago yo'q. Avval boshqacha edi - yaqinginada bu joy ellik ming tup xurmo daraxti gurkirab turgan, uch yuzta quduqli, sahro kezib chanqagan yo'lovchilar oroyish topadigan maskan edi. Endi qizning nazarida voha bo'shab, huvillab qoldi.
Bugundan boshlab sahroning qadri ortadi. Fotima endi sahroga umid ko'zi bilan termiladi, xazinalarini qidirib ketgan Santyagoning qaysi yulduzni mo'ljalga olib yo'l bosayotganini topishga urinadi. Shamol orqali o'zining qaynoq o'pichlarini yo'llab, ular Santyagoning yuziga tegishiga umidlanadi va pichirlab o'zining sog'-salomat ekanini, uni kutayotganini aytadi. Bugundan boshlab sahro Fotima uchun umid makoniga aylanadi: u yoqdan Santyago yoniga qaytadi.
- Ortda qolganlar haqida o'ylama, - dedi Alkimyogar, ular qum tepalar oralab yo'lga tushishganda. -Hammasi allaqachon Olam Qalbida qayd etildi va shu joyda mangu saqlanadi.
- Odamlar ketishdan ko'ra qaytish haqida ko'proq o'ylashadi, - dedi Santyago, sahroning sukunatiga tag'in ko'nika boshlarkan.
- Agar sen topgan topildiq pishiq narsadan yasalgan bo'lsa, unga hech qanday insu jins daxl qilolmaydi. Va sen bemalol qaytishing mumkin. Agar bu narsa, xuddi yulduz bir yilt etib uchgani kabi, nari-beri yasalgan bo'lsa, qaytgan chog'ingda ham hech nimaga ega chiqolmaysan. Biroq sen, harqalay, yilt etgan nurni ko'rgan bo'lasan. Demak, bu boshdan kechirishga arzirli hol.
U alkimyo haqida gapirayotganga o'xshardi, Santyagoga esa u Fotimani nazarda tutib gapirayotganday tuyuldi.
Ortda qolganlar haqida o'ylamaslik mushkul edi. Sahroning yakrang ko'rinishi eslashga, orzu qilishga majbur etardi. Santyagoning ko'z o'ngidan xurmozor, quduqlar va suyganining chehrasi ketmasdi. U angliyalikni shisha idishlari, asbob-anjomlari bilan uchratdi, Tuyakashni - o'zining aql-idrokini peshlamaydigan chinakam donishmandni uchratdi. "Balki Alkimyogar hech qachon hech kimni sevmagandir", - o'yladi u. Alkimyogar sal oldda yo'rtib borayotir, uning kiftida qirg'iy o'tiribdi - qush sahro tilidan to'la voqif - ular to'xtashgan chog'da o'lja izlab havoga ko'tariladi. Birinchi kuni u changalida quyon bilan qaytdi. Ikkinchi kun - bir juft qush bilan. Tunda ular ko'rpani yoyishdi. Sahro tuni etni junjiktiradigan salqinligiga va oy botishi bilan qorong'ulik quyuqlashganiga qaramay gulxan yoqishmadi. Safarning birinchi haftasida yo'ldoshlar, gurunglashgan bo'lishsa-da, faqat jang qilayotgan qabilalarni chetlab o'tish haqida gapirishdi. Urush davom etayotgandi - ba'zan shamol qonning achqimtil hidini olib kelardi. Uncha uzoq bo'lmagan joyda jang borardi va shamol bo'zbolaga Belgilar Tili mavjudligini, bu til ko'z ko'ra olmaydigan narsalardan xabar berishga tayyor ekanini eslatdi.
Safarning sakkizinchi kuni Alkimyogar, odatdagidan ko'ra barvaqtroq, dam olish uchun qo'nishga qaror qildi. Qirg'iy osmonga uchdi. Alkimyogar suv solingan suvdonni Santyagoga uzatdi.
- Sening jahongashtaliging poyoniga yetmoqda, - dedi u. - Qutlayman. Sen O'z Yo'lingdan chetga chiqmading.
- Sen esa yo'l bo'yi churq etmading. Men bo'lsam, bilganlaringni o'rgatarsan, deb o'ylabman. Men sahroni alkimyoga doir kitoblari bor bir odam bilan bosib o'tgandim. Biroq ulardan hech nimani tushunmadim.
- Anglashning faqat bitta yo'li bor, - javob qildi Alkimyogar. - Harakat qilmoq. Sayohat seni zarur bo'lgan narsalarning barisiga o'rgatdi. Faqat bir narsa qoldi bilishing kerak bo'lgan.
Santyago uning nima ekanini so'radi, biroq Alkimyogar osmon gumbazidan ko'zini uzmasdi - u o'zining qirg'iyini kuzatardi.
- Nega seni Alkimyogar deyishadi?
- Chunki men Alkimyogarman-da.
- Boshqa alkimyogarlarning - oltinni qidirib topisholmaganlarning xatosi nimada?
- Xatosi shundaki, ular faqat oltinni qidirishgan. Ular yo'lda bekitilgan xazinalarni izlash bilan ovora bo'lib, yo'ldan chetga chiqib ketishgan.
- Xo'sh, mening kamchiligim nimada? - savolini takrorladi bo'zbola. Alkimyogar hanuz osmonga qarab turardi. Tez orada qirg'iy o'lja bilan qaytdi. Ular qumloqda o'choq qazib, chetdan qaraganda ko'zga chalinmaydigan gulxan yoqishdi.
- Men Alkimyogarman, chunki alkimyogarlik qilaman, - dedi u. - Bu ilmning sirlari bobomdan o'tgan, unga - uning bobosidan va olam paydo bo'lgandan beri shunday. O'sha qadim zamonlarda olam deganlari zumradning qirrasiga jo bo'lgan. Biroq odamlar oddiy narsalarga e'tiborsiz, shu bois qadimda falsafiy asarlar yoza boshlashgan. Qayoqqa qarab yurish lozimligini o'shalar bilishadi, boshqalar gapi asossiz, deb o'ylashgan. Biroq Zumrad Lavha bugun ham bor.
- Unda nima yozilgan? - qiziqib so'radi bo'zbola.
Alkimyogar besh daqiqa qumga nimalarnidir chizdi, bu payt Santyago bozor maydonida keksa podshohni qanday uchratganini esladi, o'shandan beri juda ko'p yillar o'tganday tuyuldi unga.
- Qara, qumga nima yozilganiga, - dedi Alkimyogar, shaklni chizib bo'lib. Santyago yaqin kelib, o'qidi.
- Axir, bu shifr-ku! - norozi bo'lib xitob qildi u. - Bu angliyalikning kitobidagiday.
- Yo'q. Bu ayni qirg'iylarning osmondagi parvoziday: buni aql bilan tushunib bo'lmaydi. Zumrad Lavhasi - bu Olam Qalbining nomasi. Donishmandlar bizning yashayotgan dunyo jannatga qiyosan, unga o'xshatib yaratilganini allaqachon tushunib yetishgan. Bu dunyoning mavjudligi o'zi - boshqa, bundan-da mukammal dunyo borligining kafolatidir. Qodir egam uni odamlar qalb ko'zi bilan ko'rib ruhlari kamol topsin va o'z aqllarining mo''jizalaridan hayratga tushsin, deb bino qilgan. Va ayni shuni men Harakat deb atayman.
- Men ham Zumrad Lavhasini o'qishim kerakmi?
- Agar sen hozir alkimyogarning laboratoriyasida bo'lganingda, uni anglashning eng yaxshi usulini o'rganarding. Biroq sen sahrodasan - demak, sahroga uyg'unlash. Sahro jamiki tiriklik kabi senga olamni tushunishda ko'maklashadi. Sahrodagi hamma narsani bilishning hojati yo'q, Buyuk ijod mo''jizalarini ko'rish uchun bir qum zarrasi kifoya.
- Men qanday qilib sahroga uyg'unlashaman?
- Yuragingga quloq tut. Unga olamdagi hamma narsa ayon, zotan, yurak Olam Qalbi bilan tug'ishgan va vaqti kelib unga qaytadi.
Ular churq etishmay yana ikki kun yo'l yurishdi. Alkimyogar tashvishli ko'rindi: ular shafqatsiz jang borayotgan joyga yaqin kelib qolishgan edi. Bo'zbola esa hanuz yuragining ovozini eshitishga urinardi.
Uning yuragi esa o'jar edi: avvallari mudom qayoqlargadir talpinardi, endi qanday bo'lmasin ortga qaytishga undaydi. Gohida yuragi unga soatlab nurga yo'g'rilgan voqealarni hikoya qilsa, ba'zan ko'tarilib kelayotgan quyoshdan chunonam hapqirib shod bo'lib ketadiki, Santyago pana joyga o'tib yig'lab oladi. Xazinalardan gap ochilganda yuragi tez urib ketar, bo'zbolaning ko'zlari bepoyon sahro ufqlariga termilganda esa tinchib qolardi.
- Nega biz yurakka quloq tutishimiz kerak? - so'radi u, dam olish uchun qo'nishganda.
- Yurak qaerda bo'lsa, xazina ham o'sha joyda.
- Mening yuragim limmo-lim, - dedi Santyago. - U orzu qiladi, hayajonlanadi, sahroda ayollarga talpinadi. Doim nimagadir intiq, Fotima haqida o'yladim deguncha tamom - tun bo'yi uyqu bermaydi.
- Shunisi yaxshi-da. Demak, u tirik. Eshitaver.
Keyingi uch kunda ular jangchilarni uchratishdi, boshqalari uzoqdan ko'rinish berdi. Santyagoning yuragi qo'rquvdan ogoh etdi. Xazina izlab yo'lga chiqqan, biroq uni topa olmagan odamlar haqida gapirdi. Gohida u bo'zbolani xazinani topa olmasligi, ehtimol, sahroda o'lib ketishi xayoli bilan qo'rqitardi. Ba'zan boriga shukr qilishni uqtirardi: uning sevgan qizi va bir talay oltin tangasi bo'lsa, yana nimasi kam.
- Yuragim xiyonat qilayapti, - dedi u Alkimyogarga, ular otlarning oyog'ini sovutish uchun to'xtashgandi. - Mening yo'lni davom ettirishimni xohlamayapti.
- Bu yaxshilik alomati, - takrorladi u. - Demak, yuraging bir bo'lak go'shtga aylanib qolmagan. Tabiiyki, erishilgan tajribalarni orzu-xayollar shamoliga sovurishdan yuraging tashvishlanayapti.
- Unday bo'lsa, quloq solib nima qilaman?
- Baribir uni tinchlantirish qo'lingdan kelmaydi. Hatto o'zingni unga quloq tutmayotganday qilib ko'rsatsang-da, u sening ko'ksingda urib turaveradi va hayot haqida, dunyo haqida o'ylaganlarini aytaveradi.
- Va menga xiyonat qilaveradimi?
- Xiyonat - kutilmaganda berilgan zarba. Agar yuragingni anglay bilsang, u senga xiyonat qila olmaydi. Shunda sen uning orzularini, jamiki istaklarini bilasan va uni boshqara olasan. Yuragi aytganlaridan hali hech kim qochib qutilmagan. Yaxshisi, uni tinglamoq kerak. Shunda kutilmagan zarba ostida qolmaysan.
Ular sahro bo'ylab yo'l yurishni davom ettirishdi va Santyago yuragi ovoziga quloq tutdi. Tez orada u yuragining injiqliklarini, hiyla-nayranglarini bilib oldi - uni boricha tushunib qabul qila boshladi. Bo'zbola qo'rquvga tushishdan qutuldi va ortga qaytish istagidan xalos bo'ldi - endi vaqt o'tgan, yuragi ham xotirjam edi.
"Agar gohida men nolinsam, nachora, axir, men odamning yuragiman, bu menga xos xususiyat. Hammamiz ham o'zimizning eng aziz orzu-o'ylarimizni amalga oshirishga cho'chiymiz, chunki biz o'zimizni ana shu orzularga noloyiq yoki har qanday holda ham baribir ularga erisholmaymiz, deb o'ylaymiz. Biz, odam yuragi, ma'shuqadan umrbod ajralib qolish xayolidan, xushbaxt kechishi lozim bo'lgan, biroq noxush daqiqalar, topilishi mumkin esa-da, qumlar ostida ko'milganicha qolib ketgan xazinalar haqidagi o'ylardan o'lguday qo'rqamiz. Chunki ana shunday hollar ro'y berganda biz azob
chekamiz".
- Mening yuragim azob chekishdan qo'rqadi, - dedi u Alkimyogarga bir oqshom, qop- qorong'u, oysiz osmonga tikilib turib.
- Sen unga uqtir, azob chekishdan qo'rqish, azobning o'zidan ko'ra yomonroq. O'z orzularini izlab yo'lga chiqqan biror-bir yurak azob chekmaydi, zero, bunday izlanishning har bir daqiqasi - bu Tangri va Abadiyat bilan uchrashuv.
"Har lahza - bu diydor, - dedi Santyago yuragiga. - Qachonki men o'z xazinamni izlabman, kunlarning bari sehrli yog'du bilan yorishgan, zero, men bilardimki, soat sayin o'z orzuimning amalga oshmog'i yaqinlashardi. Qachonki men o'z xazinamni izlabman, men yo'limda hech qachon o'y-xayolimga kelmagan narsalarni uchratdimki, bundayin uchrashuvlar cho'ponlardan jasorat talab etardi".
Shundan keyin uning yuragi tinchlandi. Oqshom Santyago xotirjam uxladi, uyg'onganidan so'ng yuragi unga Olam Qalbi haqida gapira boshladi. Aytdiki, Tangrini qalbida olib yurgan odam baxtlidir. Baxtni esa, Alkimyogar gapirgan, o'sha bir dona g'aroyib qum zarrasida topish mumkin. Zotan, ana shu zarrani bunyod etish uchun Olamga milliard yil kerak bo'ldi.
"Yerda yashayotgan har qaysi odamni uning xazinasi kutib yotadi, biroq biz - yuraklar sukut saqlashga odatlanganmiz, chunki odamlar ularni qo'lga kiritishni xohlashmaydi. Bu haqda biz faqat bolalarga gapiramiz, keyin esa hayot har kimni o'z Taqdiriga peshvoz yo'llayotganini ko'ramiz. Biroq, baxtga qarshi, sanoqli kishilargina o'zlariga buyurilgan Yo'llaridan borishadi. Dunyo xavotirga soladi va shu boisdan ham xatarli tus oladi. Shunda biz, yuraklar, past ovozda, shivirlab gapiramiz. Bizning ovozimiz hech qachon tinmaydi, biroq so'zlarimizga quloq tutishlari uchun urinamiz: odamlarning yurakka quloq tutmay aziyat chekishlarini istamaymiz".
- Nega yurak kishiga o'z orzularini amalga oshirish uchun harakat qilish zarurligini aytmaydi? - so'radi Santyago.
- U holda yurak azob chekishiga to'g'ri keladi, yurak esa azob chekishni xushlamaydi. Shu kundan boshlab bo'zbola o'z yuragini tushuna boshladi. Va bundan keyin agar u o'z orzulari yo'lidan bir qadam chetga chiqsa, siqilib, og'rib tashvishdan ogoh etishini yuragidan so'radi. Ogohni eshitgach, o'z yo'liga, albatta, qaytishga qasam ichdi.
O'sha oqshom u Alkimyogarga bu gaplarning hammasini aytdi. Alkimyogar Santyagoning yuragi Olam Qalbiga yuz tutganini tushundi.
- Endi men nima qilishim kerak?
- Ehromlarga qarab boraver. Belgilarni ko'zdan qochirma. Yuraging endi xazina qaerdaligini ko'rsatishga qodir.
- Oldinlari menga shu yetishmasmidi?
- Yo'q. Bilasanmi, senga nima yetishmaganini, - dedi Alkimyogar va tushuntira boshladi:
- Orzu amalga oshishidan oldin Olam Qalbi orzumand kishi uning saboqlarini to'la o'zlashtirib olganini sinab ko'rishga qaror qiladi. Olam Qalbi biz o'z orzularimiz bilan birga yo'l-yo'lakay o'zimizga berilgan ilmu saboqlarni ola bilishimiz uchun shunday qiladi. Ayni shu nuqtada aksariyat odamlar jasorat ko'rsatishdan yuz burishadi. Sahro tilida buni "voha ko'zga ko'ringan chog'da chanqoqlikdan o'lish", deyiladi. Izlanishlar doimo Xayrli Ibtido bilan boshlanadi. Va mana shu sinov bilan intiho topadi. Santyago yurtida ko'p aytiladigan bir hikmatni esladi: "Eng qorong'u payt - sahar oldi pallasi".
Ertasi kuni birinchi marta chinakam xavf-xatarning alomatlari yuz ko'rsatdi.Yo'lovchilarga uch nafar jangchi yaqinlashib kelib, ular bu yerda nima qilishayotganini so'rashdi.
- Qirg'iy bilan ov qilayapman, - javob berdi Alkimyogar.
-Biz qurollaring yo'qligiga ishonch hosil qilmog'imiz kerak, - dedi uch jangchining bittasi.
Alkimyogar shoshilmay otdan tushdi. Santyago ham u kabi xotirjam otdan tushdi.
- Nega sen shuncha pulni o'zing bilan olib yuribsan? - dedi bo'zbolaning to'rvasini titkilayotgan jangchi.
- Bu pullar ehromlarga yetib olish uchun menga kerak.
Alkimyogarni tintuv qilayotgan arab uning yonidan qandaydir suyuqlik solingan kichkina shisha idish va sarg'ish, tovuqnikidan sal kattaroq shisha tuxum topdi.
- Bular nima? - so'radi jangchi.
- Iksir bilan Obi-hayot - alkimyogarlarning Buyuk Ijodi. Kimki Obi-hayotni ichsa, kasallikka chalinmaydi. Iksirning mayda ushog'i har qanday metalni oltinga aylantiradi. Suvorilar o'zlarini tutolmay, qah-qah urib kulishdi, Alkimyogar ham ularga qo'shilib kuldi. Ular Alkimyogarning javobidan huzur qilishdi va hech qanday qarshiliksiz yo'lovchilarga yo'llarida davom etishga ruxsat berishdi.
- Aqldan ozdingmi? - so'radi Santyago, jangchilardan xiyla uzoqlashgach. - Nega bunday qilding?
- Nega deysanmi? Senga dunyoda amal qiladigan oddiy qonunni ko'rsatish uchun, - dedi Alkimyogar. - Biz hech qachon oldimizda qanaqa xazina borligini tushunmaymiz. Bilasanmi, nega shunday? Negaki, odamlar umuman xazinaga ishonishmaydi.
Ular yo'l yurishni davom ettirishdi. Kun sayin Santyagoning yuragi tobora sukut saqlashga odatlanib borayotgandi: uning na o'tmish va na kelajak bilan ishi bor edi; u sahroni tomosha qilish bilan birga bo'zbola qatori Olam Qalbi chashmasidan bahra olardi. Ular o'zaro haqiqiy do'st bo'lib olishdi va endi hech qaysi bir-birini sota olmasdi. Yurak tilga kirgan chog'dayam, faqat Santyagoning ishonchini mustahkamlash va unga yangidan kuch-quvvat berish uchun gapirar, zotan, gohida sahro sukunati bo'zbolani juda toliqtirib qo'yardi. Yurak unga birinchi marta uning ajoyib fazilatlari, xususan, qo'ylaridan voz kechishga qaror qilganda jur'at ko'rsatgani va do'konda ishlab g'ayrat- ishtiyoqini namoyon etgani haqida gapirdi.
U yana Santyago hech qachon payqamagan bir jihat: o'ziga xavf solgan xatarlar haqida ham gapirdi. Yurak otasidan yashirincha olib chiqqan, qayoqdadir qolib ketgan miltiq haqida gapirdi, bu qurol bilan u o'zini yarador qilib yoki otib qo'yishi hech gap emasdi. Yana bir safar biyday dalada bo'zbola o'zini yomon his etgani, ko'ngli aynib qusa boshlagani, keyin esa hushini yo'qotib yiqilib uxlab qolganini yodiga soldi. Ayni o'sha paytda ikki nafar daydi o'zini o'ldirib, qo'ylarini haydab ketish niyatida uni poylagan. Biroq Santyago ha deganda kelavermagach, ular bo'zbola suruvini boshqa tarafga haydab ketgan bo'lishi kerak, deb jo'nab qolishgan.
- Yurak har doim ham odamga yordam beradimi? - so'radi u.
- Har kimga ham emas. Faqat o'z Taqdiri yo'lidan borayotganga. Va yana bolalarga, mastlar va qariyalarga.
- Bu degani, ular xavf-xatardan xoli deganimi?
- Bu - atigi ularning yuraklari bor kuchini safarbar etadi, degani.
Bir safar ular o'zaro dushman qabilalar jangchilari qo'nalg'alari yonidan o'tishdi. To'rt tomonda bejirim oq yaktakdagi qurolli odamlar ko'zga chalinardi. Ular chilim chekishar va janglar haqida gurunglashardi. Santyago bilan Alkimyogarga biror kishi zarracha e'tibor qaratmadi.
- Biz xavfdan xolimiz, - dedi bo'zbola lashkargohni ortda qoldirishgach.
- Yuragingga ishon, biroq o'zingning sahroda ekaningni bir zum yodingdan chiqarma!