Odamlar o'zaro urushayotganda Olam Qalbiga jang shovqini yetib boradi. Quyosh ostida ro'y berayotgan voqealar oqibatidan hech kim qochib qutulolmaydi, - Alkimyogarning ovozida alam ohangini sezish qiyin emasdi. "Hammasi - bir butun", - o'yladi Santyago.
Shu payt, go'yo keksa Alkimyogarning haqligiga dalilday, sahroda yo'lovchilar ortidan quvib kelayotgan bir juft suvori ko'rindi.
- Yo'lni davom ettirishlaring xavfli, - dedi ularga yetib kelgan jangchilardan biri. - Bu yerda urush ketayapti.
- Biz ko'p yurmaymiz, - javob qildi Alkimyogar uning ko'ziga tik qarab.
Jangchilar bir lahza qotib turishdi, keyin esa yo'lovchilarni o'tkazib yuborishdi. Santyago hayratga tushdi.
- Sen ularni ko'zing bilan qotirdingmi?
- Ko'zning qarashi ruhning qudratini namoyon etadi, - javob qildi Alkimyogar. "Ha, bu shunday", - o'yladi bo'zbola, lashkargohni yonlab o'tishayotganda jangchilardan biri ularga uzoq tikilib qaraganini eslab. Ular uzoqda edi, hatto o'sha jangchining yuzini payqab bo'lmasdi, biroq baribir Santyago o'ziga tikilgan nigohni his etdi.
Va nihoyat, ular ufqni to'sgan toqqa ko'tarila boshlaganda Alkimyogar ehromlargacha ikki kunlik yo'l qoldi, deb aytdi.
- Garchi yaqin orada xayrlashadigan bo'lsak ham, meni alkimyoga o'rgat.
- Sening o'rganishingga hojat yo'q. Bu ilm Olam Qalbiga uyg'unlasha bilishdan va u yerda o'zingga tayin etilgan xazinani topishdan iborat ekanini bilasan.
- Men boshqa narsani nazarda tutayapman. Men qo'rg'oshinni qanday qilib oltinga aylantirishni bilishni istayman.
- Olamdagi jamiki mavjud narsalar rivojlanadi, biri boshqasiga aylanadi, - javob qildi u. - Va donishmandlar fikricha, oltin metall hisoblanadi, bu metall boshqalaridan ko'ra uzoqroq rivojlanish, o'zgarishga yuz tutgan. Nima uchun deb mendan so'rama - bilmayman. Men faqat shunday bo'lganidan xabardorman, xolos. Biroq odamlar donishmandlarning so'zlarini buzib talqin qilishgan. Oqibatda oltin rivojlanish, taraqqiyot timsoli bo'lish o'rniga, adovat, nizo belgisiga aylangan.
- Tevaragimizdagi olam ko'p tillarda gapiradi, - dedi bo'zbola. - Burun tuyaning o'kirgani men uchun shunchaki o'kirik edi, xolos. Keyin bu xatardan ogoh etuvchi tovushga aylandi. Va nihoyat - yana o'kirik bo'lib tuyuldi, - dedi Santyago, biroq shu lahzada Alkimyogarga usiz ham hamma narsa ayon ekanini anglab qolib, jim bo'ldi.
- Men chinakam alkimyogarlarni tanirdim, - davom etdi Alkimyogar. - Birlari o'z laboratoriyalaridan chiqmay, xuddi oltin kabi rivoj topmoqchi bo'lishdi - Iksir shu tariqa kashf etildi. Zotan, ular qandaydir bir narsa rivojlanayotgan ekan, demak, uning tevaragidagi bor narsalar ham o'zgarishini tushunishgan. Boshqa birlari tasodifan Hikmat Toshini topishdi. Ular qobiliyatdan benasib bo'lishmagan va ularning qalbi boshqa oddiy odamlarnikidan ko'ra sezgir bo'lgan. Biroq bundaylar juda kamchil. Uchinchi toifa alkimyogarlar esa faqat oltin izlashgan. Ularga sirni ochish, baribir, nasib etmagan. Ular qo'rg'oshinning ham, misning ham, temirning ham o'z Yo'li borligini unutishgan. Zero, birovning Taqdiriga aralashgan kishi, albatta, o'zining shaxsiy Yo'lini yo'qotadi. Alkimyogarning ushbu so'zlari xuddi la'natday eshitildi. Keyin u egildi va yerdan chig'anoqni oldi.
- Bir zamonlar bu yerda dengiz bo'lgan, - dedi u.
- Ha, men sezgandim, - dedi javoban bo'zbola.
Alkimyogar unga chig'anoqni qulog'iga tutishni aytdi. Santyago bolaligida ko'p marta shunday qilgandi va hozir yana dengiz shovqinini eshitdi.
Dengiz hanuz shu chig'anoq ichida, demak, u o'z Taqdiri yo'lida. Va u chig'anoqni, toki sahroda tag'in to'lqinlar oqib o'ynamaguncha, tark etmaydi. Ular otlariga minishdi va Misr ehromlari tomon yo'l tortishdi.
Santyagoning yuragi xavfdan ogoh etib belgi bergan chog'da quyosh mag'ribga og'a boshlagan edi. Ular bu daqiqalarda ulkan qum barxanlari orasida borishardi. Santyago Alkimyogarga qaradi, biroq u aftidan hech nimani payqamagandi. Besh daqiqada keyin bo'zbola oldinda ikki nafar suvorining qorasini aniq-tiniq ko'rdi. U gapirmoqchi bo'lib og'iz juftlagan ham ediki, ikkita o'ntaga, o'nta-yuztaga ko'paydi va oxir-oqibat barxanlarni son-sanoqsiz lashkar qopladi.
Suvorilar havorang kiyimda edi. Ularning sallalari qora tasma bilan tang'ib boylangan, yuzlari esa ko'zlarigacha havorang mato bilan bekitilgan.
Hatto uzoqdan ham bu ko'zlar ruh qudratini namoyon qilib, yo'lovchilarga o'limni daraklardi.
Santyago bilan Alkimyogarni lashkargohga olib kelishdi, chodirga itarib kiritib yuborishdi, bo'zbola hali bunaqasini ko'rmagan edi; ularni qabila boshlig'iga ro'para qilishdi. Uning tevaragida harbiy sardorlari saf tortib turishardi.
- Bular ayg'oqchilar, - ma'lumot berdi asirlarni boshlab kelganlardan biri.
- Yo'q. Biz yo'lovchilarmiz, xolos.
- Uch kun burun sizlarni dushmanlarimiz qo'nalg'asida ko'rishgan. Sizlar qaysidir bir jangchi bilan gaplashgansiz.
- Men sahro yo'llarini bilaman va yulduzlarga qarab yo'l topaman, - javob qildi Alkimyogar. - Sizlarning dushmanlaring qancha ko'pligi va ular qay tomonga harakat qilayotgani menga qorong'u. Men lashkargohingizgacha o'zimning do'stimni kuzatib keldim.
- Kim o'zi bu? - so'radi qabila boshlig'i.
- Alkimyogar, - javob qildi Alkimyogar. - U tabiatning jamiki kuch-qudratidan boxabar va senga o'zining g'aroyib iste'dodini ko'rsatishni istaydi.
Santyago miq etmay, qo'rquv ichida tingladi.
- Musofir bizning o'lkamizda nima qilib yuribdi, - so'radi boshqa bir harbiy sardor.
- U sizning qabilaga pul olib keldi, - javob qildi Alkimyogar va bo'zbola og'zini juftlab ulgurmay boshliqqa uning hamyonini uzatdi.
Qabila boshlig'i indamay oltinni oldi - unga ko'p qurol sotib olsa bo'lardi.
- "Alkimyogar" degani nima? - so'radi harbiy sardorlardan biri.
- Bu tabiat va olamning sirini biladigan odam. Agar xohlasa, u lashkargohingizni birgina shamolning kuchi bilan yo'q qiladi.
Arablar kulib yuborishdi. Ular urushning vayron qiluvchi kuchiga ko'nikishgan edi, shamolning bunday qudratga egaligiga ishonishmasdi. Biroq ularning yuragiga qo'rquv oraladi. Ularning bari sahroyi edi, shu boisdan ham sehrgarlardan cho'chishardi.
- Buni u qanchalik uddalay bilishini men ko'rishni istayman, - dedi eng katta boshliq.
- Bizga uch kun muhlat bering. Va mening hamrohim, sizga o'z kuchini ko'rsatish uchun, shamolga aylanadi. Agar buni u uddalay bilmasa, biz hayotimizni sizga topshiramiz.
- Shunday ham menga tobe bo'lgan hayotni menga topshirishning hojati yo'q, - qat'i javob qildi harbiy boshliq.
Biroq uch kun kutishga rozi bo'ldi.
Santyago qo'rquvdan tamom dovdirab qoldi. Alkimyogar uni qo'lidan tortib chodirdan olib chiqdi.
- Qo'rqayotganingni ularga sezdirma. Bular jasoratli odamlar, qo'rqoqlarni yomon ko'rishadi.
Shunga qaramay, Santyagoning ancha vaqt tili kalimaga kelavermadi. Ular qo'nalg'ada erkin aylanib yurishdi, arablar faqat otlarini olib qo'yishdi. Va olam yana bir bor ko'ptilli ekanini ko'rsatdi: burun chek-chegarasiz va ochiq-oydin bo'lgan sahro endi qamoqxonaga aylandiki, undan qochishning imkoni yo'q.
- Sen ularga mening bor pulimni berding! - dedi u. - Hammasini, umrim bo'yi ishlab topgan boyligimni!
- O'lishga to'g'ri kelsa, ularning senga nima keragi bor? Sening pullaring umringni uch kunga uzaytirdi. Odatda pul ajalni bir daqiqaga ham kechiktirolmaydi.
Biroq Santyago dono va'zlarni eshitishdan yiroq, u qattiq qo'rqqan edi. U qanday qilib shamolga aylanishni bilmasdi - alkimyogar emasdi.
Alkimyogar esa jangchidan choy opkelishini so'radi va bo'zbolaning bilagiga bir necha tomchi tomizib, allaqanday tushunarsiz so'zlarni aytdi. Va darhol bo'zbola vujudini qo'rquv-xavotir tark etganini his qildi.
- Ko'pam afsus chekaverma, - favqulodda erkalagan ovozda dedi Alkimyogar. - Gap shundaki, hali sen yuraging bilan gaplashib olishga ulgurmagansan.
- Axir, men shamolga aylana olmayman-ku!
- Kimki O'z Taqdiri yo'lidan borayotgan ekan, u hamma narsani biladi va uddalay oladi. Faqat bir narsa orzuning ro'yobga chiqishiga monelik qiladi- bu omadsizlikdan cho'chish.
- Men omadsizlikdan cho'chimayman. Faqat bilmayman, qanday qilib shamolga aylanishni.
- O'rganishga to'g'ri keladi. Sening hayoting shunga bog'liq.
- Agar qo'limdan kelmasa-chi?
- U holda o'lasan. Biroq O'z Taqdiring yo'lida o'lmoq, hatto Yo'lning mavjudligini xayoliga ham keltirmagan minglab odamlar qatori qazo qilishdan ko'ra yuz bor afzal. Xullas, tashvishlanma. Odatda o'lim xavfi hayotiy kuchlarni va sezgilarni kuchaytiradi.
Birinchi kun o'tdi. Sahroda katta jang bo'ldi, yaradorlarni qo'nalg'aga keltirishdi. "O'lim hech narsani o'zgartirmaydi", - o'yladi Santyago. Safdan chiqqanlarning o'rnini boshqalar egallashadi va hayot o'z maromida davom etaveradi.
- Sen keyinroq o'lishing ham mumkin edi, do'stim, - dedi jangchilardan biri o'zining halok bo'lgan birodariga. - Hozir bo'lmasa, urushdan keyin. Qanday bo'lmasin, baribir, ajalga chap berishning iloji yo'q.
Shomga yaqin bo'zbola Alkimyogarni izlab ketdi.
- Men shamolga aylana olmayman, - dedi u Alkimyogarga.
- Esla, men senga nima degandim: olam bu Tangrining zohiriy qismi. Alkimyo esa ruhiy komillikni moddiylashtiradi.
- Sen nima qilayapsan, - so'radi Santyago.
- Qirg'iyimni ovqatlantirayapman.
- Shartmi? Agar men shamolga aylana olmasam ikkimizni ham o'ldirishadi-ku.
- Ikkalamiznimas, seni, - javob qildi Alkimyogar. - Men esa shamolga aylana olaman.
Ikkinchi kuni bo'zbola qo'nalg'a chetidagi qoyaning ustiga chiqdi. Qorovullar uni qarshiliksiz o'tkazib yuborishdi: ular shamolga aylana oladigan sehrgar paydo bo'lganini eshitishgan va undan chetroq yurishga urinishardi. Qolaversa, sahro harqalay zindondan tuzukroq.
Santyago oqshomgacha - kun bo'yi sahroni kuzatdi. Yuragiga quloq tutdi. Sahro esa
uning qo'rquvini uqdi. Ular bir tilda gaplashishdi.
Uchinchi kuni qabila boshlig'i o'zining harbiy sardorlarini yig'di.
- Ko'raylik-chi, bu bo'zbola qanday qilib shamolga aylanarkan, - dedi u.
- Ko'ramiz - javob qildi Alkimyogar.
Santyago ularni o'zi kecha kun bo'yi o'tirgan joyga olib bordi. Keyin o'tirishlarini so'radi.
- Biroz kutishga to'g'ri keladi, - dedi u.
- Shoshayotgan joyimiz yo'q, - dedi qabila boshlig'i. - Bizlar sahro odamlarimiz. Santyago ufqqa qaradi. Oldda tog'lar, qum barxanlari, qoya-toshlar bor; giyoh ko'karishi aqlga sig'maydigan qumloqda ajabtovur yer bag'irlab o't-o'lanlar o'sib yotibdi. Uning ro'parasida sahro yastanib yotibdi - bir necha oy uni kezdi, biroq baribir sahro siru sinoatining arzimasgina qismidan xabardor bo'ldi. Yo'lida angliyalikni, karvonlarni uchratdi, qabilalar o'rtasidagi janglarga guvoh bo'ldi, ellik ming tub xurmo ko'karib turgan va uch yuzta quduqli vohani, Fotimani ko'rdi.
- Xo'sh, - so'radi undan sahro, - senga yana nima kerak? Kuni kecha bir-birimizga termilib to'ymaganmidik?
- O'sha tarafda, sening qum barxanlaring orasida mening sevgan yorim yashaydi, - javob qildi Santyago. - Senga termilganimda men uni ham ko'raman. Uning yoniga qaytgim keladi, buning uchun sening ko'maging kerak. Men shamolga aylanishim darkor.
- "Sevgi" deganlari nima o'zi? - so'radi sahro.
- Sevgi - bu qum barxanlar ustidagi qirg'iy parvozi. Uning uchun sen yam-yashil o'tloqsan. U sening qoya toshlaringni, sening barxanlaringni, tog'laringni biladi. Sening esa unga bag'ring doimo ochiq.
- Qirg'iyning tumshug'i menga azob beradi, - javob qildi sahro. - Mening yillar bo'yi yetishtirganim unga o'lja bo'ladi, vaholanki, men uni kamchil suvim bilan sug'oraman, qornini qaerda to'ydirishini ko'rsataman. Keyin esa osmondan sho'ng'ib keladi - endi men qumlarimda hayot borligidan quvonaman degan pallada u yetiltirganimni ilib olib ketadi.
- Biroq sen uning uchun yetiltirgansan-ku. Qirg'iyni boqish uchun. Qirg'iy esa odamni boqadi. Bir payt kelib odam sening qumlaringni to'yintiradi va shunda yana hayot jonlanadi, qirg'iyga o'lja paydo bo'ladi. Olam shunday yaralgan.
- Sevgi deganlari shumi?
- Sevgi deganlari shu. Sevgi o'ljani qirg'iyga aylantiradi, qirg'iyni - odamga, odamni esa sahroga. Qo'rg'oshinni oltinga aylantiradigan, oltinni yer ostiga bekitadigan sir shu.
- Men bu gaplarning ma'nisiga tushunmayman, - javob qildi sahro.
- U holda bir narsani tushun: sening qum barxanlaring orasida meni bir ayol kutayotir. Va shuning uchun men shamolga aylanishim kerak.
Sahro bir muddat jim qoldi.
- Men senga qumlarimni beraman, shamol ularni quyunga aylantirishi uchun. Biroq bu kam. Yolg'iz o'zim hech nima qilolmayman. Shamoldan yordam so'ra.
Yengilgina shamol qo'zg'aldi. Harbiy sardorlar uzoqdan turib bo'zbolaning o'zlariga tushunarsiz tilda kim bilandir gaplashayotganini kuzatishardi. Alkimyogar kulimsiradi.
Shamol Santyagoga yaqinlashdi, uning yuziga urildi. Shamol uning sahro bilan gaplashganini eshitdi, chunki shamollar hamma narsadan xabardor. Ular dunyo kezib yelib-yugurishadi, ularning tug'ilgan makoni ham, o'lim topgan joyi ham yo'q.
- Menga yordam ber, - dedi unga bo'zbola. - Bir safar menga sen sevgilimning
ovozini olib kelgan eding.
- Sahroning va shamolning tilida gaplashishni senga kim o'rgatdi?
- Mening yuragim, - javob qildi Santyago.
Shamolning nomi ko'p edi. Bu yerda uni "sirokko" deyishadi, arablar uni sersuv va qoratanli odamlar yashaydigan o'lkalardan yeladi, deb o'ylashadi. Santyagoning yurtida esa uni "levantinlik" deyishadi, chunki bu shamol sahro qumlarini va mavrlarning jangovar hayqiriqlarini olib keladi, deb o'ylashgan. Ehtimol, qo'ylar uchun yaylov yo'q uzoq mamlakatlarda odamlar bu shamol Andalusiyada tug'iladi, deb hisoblashgan. Biroq shamol hech qaerda tug'ilmaydi va hech qaerda o'lmaydi, shu boisdan ham u sahrodan qudratliroq. Chunki sahroda nimadir ko'kartirishga odamlar qodir; ular sahroda qo'ylarni ham ko'paytira olishadi, biroq shamolni o'z izmlariga sola olishga ularning qurbi yetmaydi.
- Sen shamolga aylana olmaysan, - dedi shamol. - Sen bilan bizning aslimiz boshqa- boshqa.
- Noto'g'ri, - javob qildi Santyago. - Men sen bilan birga dunyo kezganimizda, menga alkimyo sirlari ayon bo'ldi. Endi menda shamol ham, sahro ham, okean ham, yulduzlar ham, Olamda bino bo'lgan hamma narsa jam bo'lgan. Bizni - senu meni bir qo'l bino etgan va bizning qalbimiz ham bitta. Men senday bo'lishni xohlayman, har qanday kavakka kirishni, dengizlar ustida yelishni, xazinamni bekitib yotgan qum barxanlarini to'zitishni, sevgilimning ovozini olib kelishni istayman.
- Bir safar men sening Alkimyogar bilan gaplashganingni eshitdim, - dedi shamol. - U har kimning o'z Yo'li bor, dedi. Odam shamolga aylanmasligi kerak.
- Bir necha lahzaga bo'lsa-da senga aylanishni o'rgat. O'shanda odamning va shamolning cheksiz imkoniyatlarini muhokama qilamiz.
