Shamol qiziquvchan edi - bunaqasini hali uchratmagandi. Uning ana shu masalada tortishgisi keldi, biroq u chindan ham odamni shamolga aylantirishni bilmasdi. Aslida esa juda ko'p narsaga qodir! Sahroni paydo qila olardi, kemalarni cho'ktirardi, asrlik daraxtlarni va hatto butun bir o'rmonni qulatardi, musiqa yangrab turgan, tushunarsiz tovushlar taralib turgan shaharlar uzra yelib o'tardi. Olamda hamma narsaga qurbim yetadi, deb hisoblagan shamolga endi bu bolakay o'z xohishini ro'kach qilib, buni ham amalga oshirishga qobilsan, deb qistayotir.
- Bu "sevgi" deyiladi, - dedi Santyago, shamol o'zining iltimosini bajarishiga ishonib.
- Agar sevsang, xohlagan narsaga aylana olasan. Agar sevsang, nimalar bo'layotganini tushunishga mutlaqo hojat yo'q, zero, hamma narsa bizning botinimizda kechadi, demak, odam shamolga bemalol aylana oladi. Albatta, shamol unga yordam bersa. Shamol mag'rur edi, shu bois Santyagoning gaplari uni ranjitdi. U kuchli esa boshladi, sahro qumlarini to'zitdi. Biroq oxir-oqibat, garchi butun dunyoni kezgan esa-da, odamni shamolga aylantira olmasligini tan olishga majbur bo'ldi. Sevgini ham bilmasligiga iqror bo'ldi.
- Men odamlarning sevgi haqida gapira turib, osmonga tikilishlariga ko'p bor guvoh bo'lganman, - dedi shamol, o'z ojizligini tan olganidan jazavasi qo'zib. - Ehtimol, sen ham osmonga murojaat qilarsan, a?
- Bu ham bir fikr, - ma'qulladi Santyago. - Faqat sen menga yordamlash: chang- to'zon ko'targin, men quyoshga qaray olay va ko'zlarim qamashmasin.
Shamol yanada kuchli esdi, osmon qum to'zoni bilan qoplandi va quyosh oltin barkashga aylandi.
Qo'nalg'adan turib kuzatayotganlar hech narsani ajrata olishmadi. Sahro odamlari shamolning bu qilig'ini bilishar va uni "samum", deb atashardi. Ular uchun bu dengiz bo'ronidan-da dahshatli edi, vaholanki, ular umr bo'yi dengizda bo'lishmagandi. Otlar
kishnab yubordi, qum zarralari qurol-yarog'ga urilib g'ichirladi. Harbiy sardorlardan biri qabila boshlig'i tomon burilib dedi:
- Yetarli bo'ldi, chamamda?
Ular Santyagoni ko'rmasdi. Yuzlari oq ro'mol bilan ko'zlarigacha burkangan, ko'zlarida qo'rquv qotib qolgan.
- Buni to'xtatish kerak, - dedi boshqa bir harbiy sardor.
- Mayli, Olloh o'zining jamiki qudratini namoyon etsin, - javob qildi qabila boshlig'i. - Men odam qanday qilib shamolga aylanishini ko'rishni istayman.
Biroq qo'rqqanini sezdirganlarning ismini u eslab qoldi. Va shamol tingach, ikkalasini ham mansabidan olib tashlashga qaror qildi, zero, sahroda qo'rqish yaramaydi.
- Shamol menga seni sevgini biladi deb aytdi, - Quyoshga murojaat qildi Santyago. - Shunday bo'lsa, Olam Qalbini ham bilishing kerak - axir, Olam Qalbi sevgidan bino bo'lgan.
- Bu joydan menga Olam Qalbi ko'rinib turadi, - javob qildi Quyosh. - U mening qalbimga murojaat etadi va biz birgalikda o't-o'lanni o'sishga, qo'ylarni esa soya joylarni qidirib topishga majbur etamiz. Bu joyda turib - bu joy sizlarning dunyongizdan juda olisda - men sevishga o'rgandim. Bilaman, agar Yerga ozgina yaqinlashsam, jamiki jonzot halok bo'ladi va Olam Qalbi barham topadi. Va biz uzoqdan bir-birimizga termilamiz, uzoqdan turib bir-birimizni sevamiz. Men Yerga hayot va issiqlik bag'ishlayman, Yer esa - mavjudligimning mohiyatini ta'minlaydi.
- Sen sevgini bilasanmi? - takror so'radi Santyago.
- Olam Qalbini ham bilaman, chunki koinotni tinimsiz kezib, biz u bilan ko'p gaplashamiz. U menga o'zining asosiy muammosini gapirib berdi: hozirgacha faqat toshlar va giyohlar olamdagi hamma narsalarning yagonaligini tushunadi. Shu bois temirning misga o'xshashi, misning esa oltindan farq qilmasligi talab etilmaydi. Bu yagona olamda har narsaning o'zining aniq vazifasi bor va agar bularni bitgan Qo'l Ijodning beshinchi kunida to'xtaganida, barisi bir yagona Simfoniyaga uyg'unlashardi. Biroq oltinchi kun ham bor edi.
- Sen donosan, - javob qildi bo'zbola, - chunki hammasini uzoqdan ko'rib turasan. Biroq sen sevgi nimaligini bilmaysan. Agar odam paydo bo'lmaganida Ijodning oltinchi kuni ham bo'lmasdi. Mis misligicha qolaverardi, qo'rg'oshin - qo'rg'oshinligicha. Ha, har narsaning o'z Yo'li bor, biroq bu yo'l payti kelib bosib o'tiladi. Shuning uchun nimagadir aylanmoq kerak, yangi Yo'lni boshlash lozim. Va olam Qalbi chindan yaxlitlik kasb etguncha yo'lni davom etish zarur.
Quyosh bir zum o'ylanib qoldi va yorqin nur socha boshladi. Bu suhbatdan huzur tuygan shamol ham, Santyagoning ko'zini qamashtiradigan nurlardan asrab, kuchli esa boshladi.
- Alkimyoning mavjudligi shundanki, - davom etdi Santyago, - har kim o'z xazinasini qidirsin va topsin, shundan so'ng burungisidan ko'ra yaxshi bo'lishni xohlasin. Qo'rg'oshin o'z vazifasini dunyoga kerak bo'lgunigacha ado etadi, shundan so'ng u oltinga aylanishi lozim. Alkimyogarlar shunday deyishadi. Va ular shuni dalillab berishadiki, biz oldingidan ko'ra yaxshi bo'lishga intilgan vaqtda tevarak-atrofimiz ham yaxshi bo'lib boradi.
- Mening sevgini bilmasligimni qayoqdan olib aytayapsan? - so'radi Quyosh.
- Chunki sevganingda bir joyda, sahroga o'xshab, turib bo'lmaydi, dunyo bo'ylab, shamolga o'xshab izg'imaydi, senga o'xshab hamma narsaga uzoqdan qaramaydi. Sevgi
- bu kuch, u Olam Qalbini yangilaydi va yaxshilaydi. Men ilk bor unga uyg'unlashganimda, u menga mukammal bo'lib ko'rindi. Keyin men ko'rdimki, u - bizning barimizning aksimiz ekan, unda o'z ehtiroslarimiz jo'sh urarkan, o'z urushlarimiz
kecharkan. Uni biz oziqlantiramiz va biz yashayotgan yerning yaxshilikka yoki yomonlikka yuz burishi bizning yaxshi yoki yomon bo'lishimizga bog'liq. Ayni mana shu joyda sevgi kuchi ish beradi, zero, sevsang yaxshi bo'lishga intilasan.
- Xo'sh, mendan nima istaysan?
- Shamolga aylanishimga yordam ber.
- Tabiatga ayonki, olamda mendan-da dono hech kim yo'q, - javob qildi Quyosh, - biroq men ham sening qanday qilib shamolga aylanishingni bilmayman.
- Endi men kimga murojaat qilay?
Quyosh bir zum o'ylanib qoldi: suhbatni eshitgan shamol darhol butun dunyoga olam chirog'ining donoligi chegarasiz emas ekan, deya xabar tarqatadi. Qolaversa, Olam Tilida gapirib turgan bu bo'zboladan ham qochish aqldan emas.
- Yordamni Hammasini Bitgan Qo'ldan so'rab ko'r, - dedi Quyosh.
Shamol shodon qiyqirdi va behad kuch bilan esa boshladi. Bir necha chodirlar qulab tushdi, qoziqqa bog'langan otlar yuganini uzdi, qoyadagi odamlar uchib tushib ketmaslik uchun bir-birlariga qapishib olishdi.
Santyago Hammasini Bitgan Qo'lga o'girildi va shu damdayoq Olam sukutga cho'mdi. U jimlikni buzishga jur'at etolmadi.
Keyin Sevgi kuchi uning yuragidan toshdi va bo'zbola ibodatga kirishdi. U ibodatida hech narsa tilanmadi, biror-bir so'z demadi, qo'ylari yaylovli bo'lgani uchun shukrona aytmadi ham, billur do'koniga ko'proq xaridor kelishini-yu, o'zi sahroda uchratgan qiz uni kutishini ham o'tinib so'ramadi. Atrofga cho'kkan jimlikda u Qo'l tomonidan kiritilgan belgilarni sahro, shamol va quyosh ham qidirayotganini tushundi. Bo'zbola bu belgilar butun Yer yuzi va koinotga tarqalib ketganini tushundi va sirtdan qaraganda ularning hech qanday ahamiyatli jihati yo'qligini angladi. Na sahro, na shamollar va na odamlar ularning nima maqsadda yaratilganini bilishmaydi. Faqat Hammasini Yaratgan Qo'lning bunga aloqasi bor va faqat U mo''jiza yaratishga: okeanlarni sahrolarga, odamni - shamolga aylantirishga qodir. Zero, Uning yolg'iz o'zi Olam olti kunlik Ijod jarayonida Buyuk Ijod mahsuliga aylanishini tushunardi.
Bo'zbola Olam Qalbiga uyg'unlashdi va ko'rdiki, Olam Qalbi - Tangri Qalbining bir bo'lagi, xolos, Tangri Qalbi esa uning o'zining qalbi. Va, demak, u mo''jizalar yaratishga qodir.
O'sha kuni samum har qachongidan-da kuchli esdi. Shamolga aylangan bo'zbola va bu shamolning butun qo'nalg'ani yer bilan yakson qilguday quturib, kimsan qabila boshlig'ining o'zini maydonga chorlagani haqidagi rivoyat avloddan avlodga o'tib yuradi. Shamol tingach, hamma bo'zbola turgan joyga qaradi, biroq u yo'q edi. U qo'nalg'aning narigi boshida, yarmi qumga ko'milgan qo'riqchining yonida o'tirardi. Sehrli Kuch hammani qo'rqitdi. Faqat ikki kishi kuldi: shogirdidan ko'ngli to'lgan Alkimyogar va qabila boshlig'i - u bo'zbolaning Tangri taolo qudratini anglaganini tushundi.
Ertasi kuni u Santyago bilan Alkimyogarni to'rt taraflaring ochiq, deya qo'yib yubordi, ularni kuzatib qo'yish uchun jangchilaridan birini qo'shdi.
Ular otda kun bo'yi yo'l bosishdi, qosh qoraya boshlaganda esa Alkimyogar jangchini ortiga qaytardi va egardan tushdi.
- Naryog'iga yolg'iz o'zing ketasan, - dedi u Santyagoga. - Ehromlargacha uch soatli yo'l qoldi.
- Rahmat senga, - javob qildi bo'zbola. - Sen meni Umum Tiliga o'rgatding.
- Men senga o'zing biladigan narsani eslatdim, xolos.
Alkimyogar koptlar ibodatxonasining darvozasini taqillatdi. Qora libosda ruhoniy chiqib keldi, ular koptchada qisqagina nima haqdadir gaplashib olishdi va Alkimyogar Santyagoni ichkariga taklif qildi.
- Seni menga yordam beradi, deb aytdim.
Ibodatxona oshxonasida Alkimyogar o'choqqa o't yoqdi. Ruhoniy bir bo'lak qo'rg'oshin olib keldi va Alkimyogar qo'rg'oshinni temir idishga solib, olovga qo'ydi. Qo'rg'oshin erigach, u cho'ntagidan sariq shisha tuxum chiqardi, undan to'g'nog'ichning boshiday bo'lakchani ushatib mumladi va erigan qo'rg'oshinga tashladi.
Suyuqlik qonday qizil tusga kirdi. Alkimyogar qozonchani olovdan oldi va sovushi uchun chetga qo'yib, ruhoniy bilan sahrodagi urush haqida gurunglashdi.
- Uzoq davom etar-ov, deb qo'rqaman, - dedi u.
Ruhoniy afsuslandi: urush bois karvonlar qachondan beri G'izoda turib qolishdi. "Bari Tangrining irodasi bilan", - qo'shib qo'ydi u itoatkorona ohangda.
- To'g'ri, - dedi Alkimyogar.
Nihoyat qozoncha sovigach, Santyago bilan ruhoniy hayratlanib qarab qolishdi: idishda doira shaklida qotgan qo'rg'oshin oltinga aylangan edi.
- Nahotki bir kun kelib men ham shunga o'rgansam? - so'radi bo'zbola.
- Bu mening Yo'lim edi - mening, sening emas. Men senga buning mumkin ekanligini ko'rsatgim keldi, xolos.
Ular yana ibodatxona darvozasiga kelishdi va shu yerda Alkimyogar oltin gardishni to'rt bo'lakka bo'ldi.
- Bu senga, - dedi u bittasini ruhoniyga uzatib. - Doim ziyoratchilarni ochiqko'ngillik bilan kutib olganing uchun.
- O'zimning ochiqko'ngilligim uchun juda ko'p olayapman men, - e'tiroz bildirdi ruhoniy.
- Hech qachon bunday demagin. Devorning ham qulog'i bor, hayot keyingi safar ulushingni kamaytirib qo'yishi mumkin, - javob qildi Alkimyogar va Santyagoga o'girildi.
- Mana bu esa senga, qabila boshlig'i olib qo'ygan pullaring evaziga. Bo'zbola ham bu oltin juda ko'pligini aytgisi keldi, biroq jim bo'ldi.
- Bu menga, - davom etdi Alkimyogar. - Men uyga qaytishim kerak, sahroda esa urush davom etayotir.
To'rtinchi bo'lakni qo'liga olib, u yana ruhoniyga dedi:
- Bu - tag'in Santyago uchun. Ehtimol, asqotar.
- Axir, men xazinani qidirib ketayapman-ku! - qichqirdi u. - Juda yaqin qoldim ularga!
- Men ham ishonaman, sen ularni topasan, - dedi Alkimyogar.
- Unda menga oltinning nima keragi bor?
- Chunki sen ikki marta boringdan ajralding. Birinchi marta seni tovlamachi aldab ketdi, ikkinchisida qabila boshlig'i shildi. Men keksa irimchi arabman, o'zimizning maqolimizga ishonaman. Maqol shunday:
"Bir bo'lgan hodisa, boshqa takrorlanmasligi mumkin. Biroq ikki bor ro'y bergan hodisa, albatta, uchinchi marta ham ro'y beradi". Ular otlarga minishdi.
- Senga tushlar tarixidan bir rivoyat aytib bermoqchiman, - dedi Alkimyogar. - Baqamtiroq yur.
Bo'zbola bo'ysundi.
- Shunday qilib, Qadimgi Rimda, mustabid Tiberiya zamonida bir yaxshi odam yashab o'tgan, uning ikki nafar o'g'li bo'lgan. Ulardan biri jangchi bo'lib, saltanatning uzoq chet hududiga xizmatga otlangan. Ikkinchisi esa Rim ahlini hayajonga solgan she'rlar yozgan. Kunlardan bir kun chol tush ko'radi, tushida unga samo farishtasi uchrab, uning
o'g'illaridan birining so'zlari butun dunyoda mashhur bo'lishi va bir necha yuzlab yillardan keyin ham ularni odamlar takrorlashini bashorat qiladi. Quvonganidan chol yig'lab yuboradi: taqdir unga kulib boqqan, har qanday otaga ham nasib etavermaydigan oliy sevinchni in'om etgandi.
Oradan ko'p o'tmay u halok bo'ladi - og'ir aravaning g'ildiragi tagidan bir yosh bolani qutqaradi, biroq o'zi g'ildirak tagida qoladi. Taqvoli umr kechirgani bois, uning ruhi to'g'ri samoga yo'l oladi va samoda tushida ko'rgan farishtani uchratadi.
- Sen yaxshi, ezgu inson eding, - deydi unga farishta. - Hayoting mehr-muhabbatga to'lug' edi, qazoying - izzatli bo'ldi. Men sening xohlagan tilagingni ado eta olaman.
- Hayot ham mendan ezguliklarini darig' tutmadi, - javob qiladi qariya. - Sen tushimda ko'ringaningda, qilgan barcha sa'y-harakatlarim behuda emasligini his etdim. Zotan, o'g'limning she'rlari avloddan-avlodga o'tadi. Men o'zim uchun hech nima so'ramayman, har qanday ota ham o'zi tarbiyalagan, o'qitgan farzandi shuhrati bilan g'ururlanadi. Shuning uchun men uzoq kelajakda o'g'limning she'rlari qanday jaranglashini bir eshitsam, degandim.
Shunda farishta uning yelkasiga yondashadi va har ikkalasi ko'z ochib yumguncha uzoq kelajakda - katta shaharda, notanish tilda gaplashayotgan minglab odamlar orasida paydo bo'lishadi.
