Muqaddima

Alkimyogar kitobni qo'liga oldi, uni sayyohlardan kimdir olib kelgan edi. Kitob muqovasiz edi, biroq u muallifning ism-sharifini topdi - Oskar Uayld - va uni varaqlab, tuyqusdan nigohi Nargis haqidagi rivoyatga tushdi.
Kun-uzun anhor bo'yida o'z aksiga mahliyo bo'lib o'tiradigan sohibjamol bo'zbola haqidagi rivoyat Alkimyogarga ma'lum edi: Nargis shu qadar mahliyo bo'lib anhorga termilib qolgan ediki, oxir-oqibat suvga qulab, cho'kib ketdi, qirg'oqdan esa gul unib chiqdi, gulni uning nomi bilan atashdi.
Biroq Oskar Uayld bu rivoyatni boshqacha hikoya qilgan.
"Nargis halok bo'lgach, o'rmon nimfalari - driadalar sezdilarki, anhorning chuchuk suvi ko'z yoshdan sho'rlanibdi.
- Sen nega yig'layapsan? - so'rashdi driadalar.
- Men Nargisga aza tutayapman, - javob qildi anhor.
- Buning ajablanadigan joyi yo'q, - deyishdi driadalar. - Oqibat shu ekan, axir, u o'rmondan o'tganda biz doimo ortidan yugurar edik, yolg'iz sensan - uning husnu jamolini yaqindan ko'rgan.
- U sohibjamolmidi? - so'radi shunda anhor.
- Ha, bu haqda sendan o'zga kim ham bir so'z ayta olardi? - ajablanishdi o'rmon nimfalari: - Sening qirg'og'ingda o'tirib, sening suvlaringga termilib, azondan shom qorong'usigacha vaqt o'tkazgan emasmidi u?
Anhor uzoq sukut saqladi va nihoyat javob qildi:
- Men Nargisga aza tutayapman, biroq hech qachon uning go'zal ekanini payqamabman. Ko'z yoshlarimni oqizayotganim boisi, har safar u qirg'og'imga kelib, egilib suvlarimga termilib o'tirganida, ko'zlarining tubida mening go'zalligim yuz ko'rsatardi".
"Naqadar g'aroyib rivoyat", - o'yladi Alkimyogar.
