KONSTITUTSIYA
O`N IKKINCHI CHAQIRIQ O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY KENGASHINING O`N BIRINCHI SESSIYASIDA 1992 YIL 8 DEKABRDA QABUL QILINGAN

O`n ikkinchi chaqiriq O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o`n birinchi sessiyasida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan (2002 yil 27 yanvarda o`tkazilgan umumxalq referendumi natijalariga ko`ra hamda uning asosida qabul qilingan 2003 yil 24 apreldagi O`zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq Konstitutsiyaning XVIII, XIX, XX, XXIII boblariga tuzatish va qo`shimchalar kiritilgan).


O`zbekiston Respublikasining
 KONSTITUTSIYASI
 
 
MUQADDIMA
 
O`zbekiston xalqi:
inson huquqlariga va davlat suvereniteti g`oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e`lon qilib,
hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas`uliyatini anglagan holda,
o`zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib,
demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib,
xalqaro huquqning umum e`tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda,
respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta`minlashga intilib,
insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko`zlab,
fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta`minlash maqsadida,
o`zining muxtor vakillari siymosida O`zbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi.
