12-. Oq kiyimlilar qo'zg'oloni

Oq kiyimlilar 

769-783-yillarda Movarounnahrda
juda katta xalq qo'zg'oloni bo'lib
o'tgan. Qo'zg'olonchilar oq libos
kiyganlari uchun tarixda u Oq kiyimlilar qo'zg'oloni nomi bilan tilga olinadi. Bu harakatning rahbari Muqanna deb atalmish Hoshim ibn Hakim ismli hunarmand bo'lgan. U Marv shahri yaqinidagi Koza
qishlog'ida tug'ilgan. U boshi va
yuziga ko'k parda tutib yurgan.
Shuning uchun ham uni Muqanna, ya'ni Niqobdor laqabi bilan atashgan. Muqanna yoshlik chog'ida
kudungarlik (matolarga ohor
beruvchi) kasbi bilan shug'ullangan.
U savodli, aqlli va tadbirkor bo'lgan.
Xurosonda sarxanglik (kichik lashkarboshi)dan vazirlik
darajasigacha ko'tarilgan. U Mazdak g'oyalariga asoslangan ijtimoiy
tenglik va erkin hayotga da'vat
etuvchi ta'limotni targ'ib etgan.
Muqanna Xuroson amirining isyonida
qatnashib, payg'ambarlik da'vosini
qilgani uchun zindonga tashlangan, so'ngra qochib Mavrga kelgach,
atrofiga o'z tarafdorlarini to'plagan.
Ajnabiylar hukmronligi va zulmiga
qarshi qo'zg'alishga da'vat qilib,
Movarounnahr viloyatlariga
targ'ibotchilarni yuborgan. Uning targ'iboti Naxshab va Kesh shaharlarida yaxshi samara beradi.
Oq kiyimlilarning safi tobora
kengayib boradi. Ularga bevosita
rahbarlik qilish maqsadida Muqanna
Sug'd tomon otlanadi. Uni Marvdan
Sug'dga o'tkazmaslik uchun arab ma'murlari ta'qibni kuchaytiradilar.
Amudaryo sohilini suvoriylardan
iborat katta harbiy kuch kecha-yu
kunduz muttasil qo'riqlab turadi.

* Kudungar  matoga ohor beruvchi 
* Muqanna  niqobli kishi 
* Sarxang  kichik lashkarboshi 
* Mazdak ibn Hamdodon (470-529- yy.)  Eronning bosh kohini. U
dunyoning barcha boyiiklari
odamlarga teng taqsimlanishi
tarafdori bo'lgan va buni zo'rlik yu'li
bilan amalga oshirishni yoqlab
chiqqan 

769-783-yillarda Oq kiyimlilar
qo'zg'oloni 

Qo'zg'olonning boshlanishi 

Muqanna Movarounnahrga yo'l oladi
va o'z yaqinlari bilan Amudaryoning
o'ng qirg'og'iga o'tib, Naxshab va
Kesh shahriga yetib boradi. Kesh
yaqinida tog' tepasiga bino qilingan
Som qal'asini o'z qarorgohiga aylantiradi. Ko'pgina qishloqlarning
kadivarlari, shahar hunarmandlari va
ayrim mulkdor dehqonlar unga
ergashadilar. Tez orada butun
Qashqadaryo vohasi Oq kiyimlilar
qo'liga o'tadi. Natijada Oq kiyimlilar harakati kengayib, katta xalq
qo'zg'oloniga aylanadi. U ayniqsa
Movarounnahrning markazi Sug'dda
avj olib, Eloq (Ohangaron) vodiysi va
Shoshga ham o'zining ta'sirini
o'tkazadi. Qo'zg'olonda turli tabaqalar qatnashadi. 

Qo'zg'olonning borishi  

Oq kiyimlilar qo'zg'oloniga zarba
berish uchun xalifa Mansur 775-yilda
Jabroil ibn Yahyo boshliq katta harbiy
kuchni Movarounnahrga safarbar
qiladi. Ammo Jabroil
qo'zg'olonchilardan yengiladi. U katta talafotlar berib, zo'rg'a
Samarqanddagi arab qo'shinlariga
kelib qo'shiladi. Qo'zg'olonchilar
Termiz yaqinida qo'shimcha
yordamga kelayotgan arab
qo'shinlariga to'satdan hujum qilib, ularni tor-mor qiladilar. Naxshab va Chag'oniyon vohalari qo'zg'olonchilar qo'liga o'tadi.
Qo'zg'olon 776-yildan boshlab
Buxoro vohasida kuchayib ketadi.
Narshax qal'asi qo'zg'olonchilarning
qo'rg'oniga aylantirilib, unda Oq
kiyimlilarning kattagina qismi to'plangan edi. To'rt oy davom etgan
kurashdan so'ng qo'zg'olonchilar
mag'lubiyatga uchraydi.
Oq kiyimlilar va turkiy qabilalar
Samarqandda arablarga qarshi ikki yil
jang qiladilar. Nihoyat qo'zg'olonchilar yengilib, Samarqand
taslim bo'ladi. 

Oq kiyimlilarning yengilishi 

Narshax va Samarqandda Oq
kiyimlilar yengilgach, mahalliy
mulkdor tabaqa vakillari arablarga
yordam bera boshlaydilar.
Kurashning oxirgi bosqichi Kesh
vodiysida bo'lib o'tadi. 783-yilda Muqannaning Som qal'asidagi
qarorgohi qamalga olinadi. Uzoq
davom etgan qamaldan so'ng
kurashdan tinkasi qurigan
muqannachilar taslim bo'ladilar.
Istilochilarga taslim bo'lishni istamagan Muqanna o'zini yonib
turgan tandirga tashlab halok bo'ladi. 

Qo'zg'olonning yengilish sabablari  

Oq kiyimlilar uyushqoqlik bilan
harakat qila olmaganlar. Bu omil
qo'zg'olon yengilishining asosiy
sababi bo'ldi. Ikkinchidan, xalq
harakatining ommalashib ketishidan
cho'chigan mahalliy mulkdorlar birin- ketin arablar tomoniga o'tib
ketganlar. Uchinchidan,
qo'zg'olonning uzoq davom etganligi
mehnatkashlarni holdan toydirgan.
Qo'zg'olon bostirilgan bo'lsa-da,
istilochilarga qarshi mahalliy xalq harakati uzil-kesil to'xtab qolmadi.
806-yilda Rofe ibn Lays boshchiligida xalifalikka qarshi yana
qo'zg'olon ko'tariladi. Qo'zg'olon
Samarqanddan boshlanib Shosh,
Farg'ona, Buxoro, Naxshab va
Xorazm viloyatlariga tarqalgan. Tez
orada mazkur viloyatlar xalifalik qo'lidan ketadi. Xuroson noibi
Ma'mun dehqonlardan
Somonxudotning nabiralari Nuh, Ahmad va Yahyolardan iltimos qilib, ulardan yordam so'raydi. Ular Rofe
ibn Laysni qo'lga olib, uni xalifaga
taslim bo'lishga majbur qiladilar. Shu
tariqa navbatdagi xalq harakati ham
bostiriladi.
Mahalliy xalqlarning istilochilarga qarshi kurashlari behuda ketmadi.
Asta-sekin xalifalikning hukmronligi
zaiflasha bordi. Bu hol Movarounnahr
aholisiiling ozodlikka erishuvini
tezlashtirdi.