III BOB. 

MOVAROUNNAHRDA MUSTAQIL DAVLATLARNING TASHKIL TOPISHI 

13-. Xalifalikning zaiflashuvi,
mustaqil davlatlarning shakllana
boshlashi 

VIII asr oxiri  IX asr boshlarida
Arab xalifaligi og'ir siyosiy tanglikka
uchradi. Bo'ysundirilgan xalqlarni
itoatda tutib turish arablar uchun
tobora qiyin bo'lib qoldi.
Movarounnahr va Xuroson aholisining tez-tez qo'zg'olon ko'tarib
turishi, uzluksiz davom etgan o'zaro
urush va ichki ziddiyatlar Arab
xalifaligi hokimiyatini zaiflashtirdi. Bu
esa mustaqil davlatlarning paydo
bo'lishiga olib keldi. Movarounnahrning shimoliy va
shimoli sharqiy hududlaridagi hali
xalifalikka bo'ysundirilmagan
chegaradosh el-yurtlarda bir nechta
davlatlar tashkil topdi. Ulardan biri
Qarluqlar davlatidir. 

Qarluqlar davlati 

Qadimda Oltoyning g'arbida, so'ngra
Irtish daryosining o'rta oqimida
yashagan qarluqlar qadimiy turkiy qabilalardan hisoblangan. VI-VII
asrlarda ular Turk xoqonligi tarkibiga
kirgan. VIII asr o'rtalarida Yettisuv
o'lkasida Qarluqlar davlati tashkil
topdi. Bu davlatning poytaxti Chu
daryosidan shimolroqda joylashgan Suyob shahri edi. Qarluqlar davlati
hukmdori yabg'u yoki jabg'u
deb yuritilgan. 

VIII asr o'rtalarida Qarluqlar
davlati tashkil topdi. 

X asr o'rtalariga borganda
qarluqlarning kattagina qismi
musulmon bo'lgan. Bu davrda bir
nechta shaharlarda jome masjidlar
bino qilingan.
Qarluqlar davlati shimol va sharqdan Elsuvi daryosi vodiysigacha, chig'il
qabilasi yaylovlarigacha; g'arbdan
o'g'uz yurti va Farg'ona vodiysi;
janubda esa yag'molar vohasi va
Sharqiy Turkiston bilan
chegaralangan. Bu diyorda poytaxtdan tashqari Jo'l, Navkat,
Karmankat, Yor kabi shaharlar va
qator qishloqlar qad ko'targan. Aholi
qo'ychilik, tog' jilg'alari bo'ylarida esa
dehqonchilik bilan shug'ullangan.
Sharqiy Turkiston va Movarounnahr bilan savdo-sotiq olib borilgan.
Chetga asosan jun va junli
mahsulotlar: gilam, sholcha, namat
kabilar olib chiqilgan.
X asrda qarluqlar Movarounnahrning
shimoliy hududlarini egallagach, Shosh atrofi va Farg'ona hamda
Zarafshon vodiylariga kelib
o'rnashganlar. Keyinchalik o'troq
tarzda yashaydigan mahalliy aholiga
singib ketganlar. 

O'g'uzlar 

VI asrning ikkinchi yarmi va VII asrda
o'g'uzlar Turk xoqonligi tarkibida edi.
Turk xoqonligi yemirilgach,
o'g'uzlarning kattagina qismi Sirdaryo
havzasi hamda Orol dengizi bo'yida
muqim o'rnashib olganlar. Ular IX asr oxiri va X asr boshida O'g'uzlar
davlatiga asos soladilar.
Sirdaryo quyi oqimi bo'yidagi
Yangikent shahri O'g'uzlar davlatining
poytaxti bo'lgan. X asrdan boshlab
o'g'uzlar islom dinini qabul qiladilar. X asrning birinchi choragida O'g'uzlar
davlati shimoli sharqdan qo'zg'algan
qipchoqlar tomonidan qaqshatqich
zarbaga uchrab bo'linib ketadilar. Ular
o'z yurtini tark etib, bir qismi g'arbga,
Shimoliy Kavkaz dashtlariga borib o'rnashadi. Ularning ikkinchi qismi
esa avval Movarounnahrga kirib
boradi va undan janubi g'arbga siljib,
yangi sulola  saljuqiylar
boshchiligida Old Osiyo
mamlakatlarini istilo qilishga kirishadi. 

* Qarluqlar  turkiy qabilalardan biri. Dastlab Oltoyning g'arbiy
qismidagi Irtish daryosi bo'yida
yashaganlar
* O'g'uzlar  O'rta Osiyoda yashagan turkiy qabila

Bu ikki turkiy davlat faqat
Movarounnahrgina emas, balki butun
O'rta Sharq hamda Old Osiyo
aholisining siyosiy hayotiga kuchli
ta'sir ko'rsatdi. Bu davlatlarning aholisi shu hududda yashovchi
xalqlarning etnik tarixiga ta'sir qildi.
Masalan: qarluqlar o'zbek va
tojiklarning, o'g'uzlar turkman, ozar
bayjon, qoraqalpoqlarning
etnogenezida muhim rol o'ynadi. 

Tohiriylar davlati 

VIII asr oxiri-IX asr boshida
xalifalikni larzaga keltirgan og'ir
siyosiy vaziyat abbosiylarni
Movarounnahr va Xurosonda olib
borilayotgan siyosatni o'zgartirishga
majbur etdi. Mahalliy zodagonlar Movarounnahr va Xurosonni nafaqat
o'z tasarruflariga o'tkazib oldilar, balki
xalifalik markazida ham hokimiyatni
boshqarishda tobora ko'proq rol
o'ynaydigan bo'lib qoladilar. Bunga,
ayniqsa, xalifa Horun ar-Rashid (786-809) vafotidan so'ng uning
o'g'illari Ma'mun bilan Amin o'rtasida 809-813-yillarda taxt uchun bo'lgan
kurash katta yo'l ochib berdi.
Xalifalikning markaziy qismidagi
arablar Aminni xalifalik taxtiga
ko'taradilar. Bundan norozi bo'lgan
Ma'mun ukasi Aminga qarshi kurash boshlaydi. Hirot viloyatining
zodagonlaridan Tohir ibn Husayn boshliq Xuroson va Movarounnahr
mulkdorlari unga yordam beradilar.
813-yilda ular Bag'dodga yurish
qiladilar. Poytaxt qo'lga kiritilib,
Ma'mun xalifalik taxtiga o'tiradi.
Buning evaziga Tohir 821yilda Xuroson va Movarounnahr noibi etib
tayinlanadi. Shuningdek, Ma'mun
Movarounnahr zodagonlarining ham
yordamini unutmadi.
Somonxudotning nabiralarini ayrim
shahar va viloyatlarga noib qilib tayinlaydi. Nuhga Samarqand,
Ahmadga Farg`ona, Yahyoga Shosh
va Ustrushona, Ilyosga esa Hirot
tegadi. Buning evaziga aka-uka
somoniylar Movarounnahrning har
yilgi xirojidan juda katta mablag'ini tohiriylar orqali xalifa xazinasiga
yuborib turadilar.
Tohir davlat ishlarini mustaqil idora
etish maqsadida 822-yilda xalifa
nomini xutbadan chiqartirib
tashlatadi. Bu amalda Bag'dod bilan aloqani
uzish va o'zini mustaqil deb e'lon
qilish edi. Biroq ko'p vaqt o'tmay u
to'satdan vafot etadi. Tohirning
o'g'illari Talxa va Abul Abbos Abdulloh otasining o'rniga birin- ketin noiblik qiladilar. Shunday qilib,
Xuroson va Movarounnahr
boshqaruvi tohiriylar xonadoniga
meros bo'lib qoladi. Abul Abbos
Abdulloh noibligi (830-844) davrida
poytaxt Marvdan Nishopur shahriga ko'chiriladi.
Movarounnahr shaharlarida noiblik
qilayotgan Somonxudot
avlodlarining mahalliy noibligi
tohiriylar tomonidan tan olinadi.
Somoniylar esa, o'z navbatida, tohiriylarga tobe sifatida
Movarounnahrni idora etadilar. Bu,
shubhasiz, Xuroson va
Movarounnahrda bir asrdan oshiqroq
hukm surgan xalifalik
hukmronligining tugaganligini bildirardi.

* G'oziy  Haq din uchun kurashu vchi jangchi
* Etnogenez  xalqlarning nasl- nasabi, kelib chiqishi
* Safforiylik  miskar hunarmandlar
* Xutba juma namozida hukmdor nomini aytib, uning haqiga duo
o'qish, olqishlash 

Tohiriylar hokimiyatining barham
topishi 

Tohiriylar zamonida ham mehnat
ahlining ahvoli nihoyatda og'irligicha
qolaverdi. Mulkdor dehqonlarning
jabr-zulmidan, davlatning og'ir
soliqlaridan bezor bo'lgan xalq
qo'zg'olonko'taradi. Ularga g'oziylar ham qo'shiladilar. Qo'zg'olonga safforiylar  aka-uka
Ya'qub va Amr ibn Layslar boshchilik
qiladilar. 873-yilda Xuroson poytaxti
Nishopurni egallaydilar. Natijada
tohiriylar hukmronligi tugatilib,
hokimiyat safforiylar qo'liga o'tadi.