15-. Somoniylar davrida ijtimoiy-
iqtisodiy hayot

Qishloq xo'jaligi 

IX-X asrlarda Movarounnahr va
Xorazm aholisining asosiy qismi
sug'orma dehqonchilik bilan
shug'ullanar edi. Sug'orish tarmoqlari
vositasida sug'orilib obod etilgan
serunum vohalarda g'allakorlik, sholikorlik, paxtachilik,
sabzavotchilik, polizchilik va
bog'dorchilik yuqori darajada rivoj
topgan edi. Aholi arpa, bug'doy, tariq,
mosh, yasmiq, kunjut, no'xat, zig'ir va
shu kabilarni yetishtirar edi. Zig'ir, kunjut va kanakunjutdan moy
olinardi. Vohalarda paxtachilik
kattagina o'rinni egallagan edi. 

Bog'dorchilik 

Bog'dorchilik madaniyati keng
ravnaq topgan edi. Bog' va
chorbog'larda uzum, anor, anjir, olma,
nok, behi, o'rik, shaftoli, olxo'ri, olcha,
tut, jiyda kabi ko'pgina mevalar
yetishtirilar edi. Movarounnahr va Xorazmda sabzavot
va poliz ekinlari serob bo'lib,
qovunlari nihoyatda shirali bo'lardi.
Dehqonchilik solig'i  xirojdan
xazinaga tushadigan daromad davlat
kirim-chiqimining kattagina qismini qoplar edi. Shuning uchun ham
somoniylar mamlakatda dehqonchilik
xo'jaligini rivojlantirishga katta e'tibor
berdilar. 

Chorvachilik 

IX-X asrlarda Movarounnahr va
Xurosonda chorvachilik yuksak
darajada bo'lgan. Mamlakatning
dasht va tog'oldi yaylovlarida qo'y va
echkilar, yilqilar va tuyalar boqilgan.
Qishloqlarda ayniqsa qoramollar behisob bo'lgan. Chorvachilik
mamlakat aholisini chorva
mahsulotlari bilan ta'minlabgina
qolmasdan, xo'jalikning hamma
sohalari uchun ot-ulovlar ham
yetkazib bergan. Ayniqsa, davlatning harbiy qo'shinlari, xususan, suvoriy
qismlarni otulov bilan ta'min etish
muhim ahamiyat kasb etgan. 

Hunarmandchilik 

Movarounnahr va Xorazm
shaharlarida to`qimachilik, kulolchilik,
chilangarlik, miskarlik, zargarlik,
shishasozlikva. duradgorlik kabi
kasb-hunarlar rivoj topadi. Natijada
shaharlarning umumiy qiyofasi tubdan o'zgaradi. Unda katta-katta
gumbazli toq-u ravoqli va peshtoqli
imoratlar, ustaxonalar, masjid,
madrasa, maqbara, xonaqoh va
karvonsaroylar qad ko'tardi.
Endilikda shaharlar o'ndan ortiq darvozali kattagina hunarmandchilik
markaziga aylanadi. Shaharning
do'nglik yerida joylashgan arkda
odatdagidek podshoning qarorgohi
 dargoh, xazina, chaqa-tangalar
so'qiladigan zarbxona va qamoqxona bo'lardi. Uning
markazida registon maydoni,
devonlar, mahkama saroyi,
shuningdek, amirzodalar, saroy
a'yonlari, ruhoniylar, mulkdor
dehqonzodalar va davlatmand savdogarlarning hashamatli qasrlari,
qurol-yarog', asbob, egar-jabduq
yasaydigan ustaxonalar,
hunarmandchilik do'konlari va savdo
rastalari joylashgan. Samarqandda
yuqori navli qog'oz ishlab chiqarilar edi. Shosh o'zining ko`nchilik
mahsulotlari va charm mollari bilan,
Eloq esa kumush va qo'rg'oshin
konlari hamda kumush tanga
chiqaradigan zarbxonasi bilan
mashhur edi. Xorazmda qayiqsozlik taraqqiy topadi. Xorazm va Termizda
yasalgan qayiqlar Amudaryo bo'ylab
to Orol dengizigacha muttasil mol
tashib savdogarlarning yukini yengil,
uzog'ini yaqin qilgan. Bu davrda
shaharlar bilan bir qatorda qishloqlar ham mamlakatning iqtisodiy hayotida
katta o'ringa ega edi. Buxoroning
Zandana qishlog'ida to'qilgan
mallarang bo'z zandanachi,
Samarqandning Vador qishlog'ida
tayyorlangan mato vadoriy nomlari bilan Sharqda mashhur edi. Istaxriyning O'rta Osiyo xaritasi
Somoniylardan Abdulmalik bin
Nuh tangasi. Samarqand. 961-962-
yillar.

Konchilik 

Movarounnahrning tog'li
mintaqalarida qadimdan davom qilib
kelayotgan konchilik IX-X asrlarda
nihoyat darajada taraqqiy qiladi.
Zarafshon tog'larida temir, mis, qo`rg'oshin, oltin, kumush, feruza va boshqa qimmatbaho toshlar,
ma'danlar qazib olinardi. Eloq viloyati
kumush va qo'rg'oshinlarni qazib
olishning yirik markazlaridan biri edi.
Farg'ona vodiysi tog'laridan temir, qo`rg`oshin, kumush, simob, mis, qalay, feruza, novshadil qazib chiqarilgan. Hatto Farg'onadan o'sha
vaqtlardayoq toshko`mir va neft topilib ishlatilgan. Konlarning
yaqinida rudalarni eritib ma'dan
oluvchi ohangarlar va konchilarning
qishloqlari bo'lardi. 

Ichki va tashqi savdo 

IX-X asrlarda mamlakatda 
ichki va
tashqi savdo kengaydi. Qadimgi
karvon yo'li bo'ylab quduqlar qazilib,
har bir bekatda rabotlar bino qilinadi.
Karvonlar o'tadigan shahar va
qishloqlarda karvonsaroylar quriladi. Shimoliy yo'l orqali Janubiy Sibir va
Mo'g'ulistonga Movarounnahrning
shahar va qishloqlaridan bo'z, kiyim-
kechak, egar-jabduq, o'q-yoy, qilich,
idishlar, zargarlik buyumlari, dori-
darmon, quruq meva, kunjut va zig'ir moyi va boshqa shu kabi mollar olib
borilgan. Sibirdan turli xildagi
qimmatbaho mo'ynalar, chorva
mollari va chorvachilik mahsulotlari
keltirilgan. Xitoyshunos A.
Xo'jayevning ta'kidlashicha, VII-IX asrlarda Xitoy bilan bo'lgan savdoda
choy, ipak mato, tuz va ot asosiy
o'rinda turgan. Har bir ot Xitoy
bozorida (to'pi 12,8 metrli) 50 o'ram
ipak matoga ayirbosh (barter)
qilingan. Choy bahosida har bir otning bahosi 56 kg oliy navli choyga
teng bo'lgan. Bir necha jin (600 g)
choyga bir bosh qo'y almashtirilgan.
VII-VIII asrlarda choy asosiy import
mahsulotlaridan biriga aylangan.
Xitoycha cha yoki ming deb yuritilgan xushbo'y choy o'simligi va
uning seleksiyasi bu davrda Sharqiy
Turkiston orqali Turkiston diyoriga,
so'ngra esa boshqa mamlakatlarga
keng tarqalib, aholining maishiy
hayotida kundalik iste'mol etiladigan chanqovbosdi benazir ichimlikka
aylangan.
Itil, Xazar va Bulg'orga Movarounnahr
va Xorazmdan guruch, quruq
mevalar, shirinliklar, tuzlangan baliq,
paxta, shoyi matolar, movut, kimxob va gilamlar olib borib sotilgan. Bulg'or
va Xazardan qimmatbaho mo'ynalar,
shamlar, cho'qqi qalpoqlar keltirilgan. 

Pul 

Ichki bozorlarda fals deb atalgan
mis chaqa, xalqaro savdo-sotiqda esa
kumush tanga  dirhamlar
ishlatilardi. Mis chaqalarni markaziy
hukumat ham, shuningdek, sulola
a'zolaridan bo'lgan ba'zi viloyat hokimlari ham chiqarar edilar.
Kumush tangalar faqat hukumat
boshlig'i nomidan Marv, Samarqand,
Buxoro va Shoshda davlat
zarbxonalarida so'qilar edi.
Somoniylar ismoiliy, muhammadiy nomlari bilan yuritilgan bir necha kumush
dirhamlar chiqargan edilar. Ular
orasida ismoiliy tangasi yuqori sifatli sof kumushdan zarb etilib, u
asosan xalqaro savdo aloqalarida
ishlatilgan.