27-. Chig'atoy ulusining tashkil
topishi

O'lkalarning taqsimlanishi 

Zabt etilgan o'lka va viloyatlarni
Chingizxon hali hayotlik chog'idayoq
o'g'illariga taqsimlab berdi. Janubiy
Sibir, Dashti Qipchoq, Itil bo'yi,
Shimoliy Xorazm va Darbandgacha
to'ng'ich o'g'li Jo'ji va uning vafotidan keyin esa nabirasi Botuga topshirildi. Sharqiy Turkiston , Yettisuv va Movarounnahrga uning ikkinchi o'g'li Chig'atoy ega bo'ldi. Chingizxon G'arbiy Mo`g'ulistonni, shuningdek, Tarbag'atoyni uchinchi
o'g'li va vorisi O'qtoyga berdi. Kenja
o'g'li Tuluga esa Sharqiy Mo`g'uliston, Xitoy va Qirg'izlar yeri tegdi. Shunday qilib, mo'g'ullar bosib
olingan viloyatlarni uluslarga
taqsimlash asosida boshqarishga
kirishdi.
Chingizxon vafotidan so'ng (1227)
O'qtoy mo'g'ullar davlatining ulug' xoqoni qilib tayinlandi. Uluslarning
hukmdorlari xon deb yuritilardi. Ulug' xoqonning qarorgohi
Qoraqurum shahrida bo'lib, u yerdan
turib xonlarning xatti-harakatini
qattiq nazorat qilib borar edi.
Chingizxon vafotidan keyin ham
mo'g'ullarning G'arbga tomon yurishi davom etdi. 1236-1241-yillarda Rus
davlati zabt etilib, Oltin O'rda davlati
tashkil topadi. 1256-yilda Eron
batamom bosib olinib, Xulakiylar
davlati vujudga keladi. 1258-yilda
Xuloku abbosiylar sulolasiga xotima beradi. Mo'g'ullar Osiyo va
Yevropaning katta qismida o'z
hukmronligini o'rnata olgan bo'lsalar-
da, yagona markazlashgan davlat
tuza olmadilar. Ulus xonlari ulug'
xoqonga nomigagina bo'ysunsalar- da, amalda o'z bilganlaricha ish
yuritardilar. 

Chig'atoy ulusi 

XIII asrning 20-yillarida Chig'atoy
tasarrufiga berilgan Movarounnahr,
Yettisuv va Sharqiy Turkistonda Chig'atoy ulusi tashkil topdi. Chig'atoyxonning ulusni
boshqaradigan o'rdasi Elsuvi (Hi)
daryosi bo'yida edi. Viloyatlar va
hunarmandchilik shaharlarini
boshqarishda Chig'atoy o'ziga
bo'ysundirilgan xalqlarning yuqori tabaqa vakillari xizmatidan
foydalanadi.
Movarounnahrni bevosita idora etish
ishlari hali Movarounnahr zabt
etilmasdan ilgari Chingizxon huzurida
xizmat qilgan xorazmlik savdogar Mahmud Yalavochga beriladi. U Xo'jand shahrini o'ziga qarorgoh qilib
oladi va shu yerda turib,
Movarounnahrni idora qila boshlaydi.
Harbiy hokimiyat, aholini ro'yxatdan
o'tkazish, soliq yig'ish ishlari
dorug'achi va tavg'ach deb ataluvchi mo'g'ul amaldorlari qo'lida bo'lardi.
Mo'g'ul bosqoqlari (mahalliy hokim)
ixtiyoridagi ko'p sonli askarlar
Mahmud izmiga bo'ysundirilgan edi.
Mahmud Yalavoch shularga suyanib
mo'g'ul xoqonlari talabini ijro qilar va o'zining cheksiz hukmronligini
amalga oshirar edi. 

Soliq turlari 

Chig'atoy xonlari markaziy hokimiyat
xazinasi uchun aholiga turli soliqlar
solib, zo'ravonlik bilan undirib olishar
edi. Ziroatchilardan olinadigan yer
solig'i bu davrda kalon deb
yuritilgan. Chorvadorlarga esa qopchur solig'i solingan. Davlat
xazinasi uchun shulen nomi bilan
yuritilgan oziq-ovqat solig'i ham
undirilgan. Shulen har bir podadan
ikki yashar qo'y, qimiz uchun har
ming otdan bir biya hisobida olingan. Hunarmandlar va savdogarlardan
targ'u solig'i undirilgan. Targ'u
ishlab chiqarilgan mahsulot yoki
sotilgan molning o'ttizdan bir qismi
hajmida undirilgan. Bulardan tashqari
aholiga tuz solig'i, jun va kumush solig'i solingan.
Soliqlar mahalliy amaldorlar
tomonidan barot (ijara) tartibida
avvaldan bir yo'la to'lab yuborilardi,
so'ngra ular aholidan yig'ib olinardi.
Aholidan yig'ib olish paytlarida soliqlar, shubhasiz, rasmiylashtirilgan
miqdordan oshirib undirilardi.
Zo'rlik, jabr-zulmning nihoyatda
kuchayishi, xilma-xil majburiy to'lov
va yig'imlarning haddan tashqari
ko'pligi mo'g'ullarga nisbatan norozilikni oshirib, istilochilar
istibdodiga qarshi xalqning bosh
ko'tarishiga olib keldi. Shunday
qo'zg'olonlardan biri Buxoro
vohasidagi Torob qishlog'ida
ko'tarilgan xalq qo'zg'oloni bo'ldi. 

* Chig'atoy  imperiya taqsimlanganda uning Chig'atoyga
tekkan qismi. Keyinchalik u Chig'atoy
davlatiga aylangan
* Qopchur  chorva mollari bosh sonining 2,5% miqdorida olingan
soliq
* Kalon  hosilning 1/10 qismi hajmida olingan soliq 

Mahmud Torobiy qo'zg'oloni 

1238-yilda Buxoroning Torob
qishlog'ida bosqinchilar va mahalliy
mulkdorlar zulmiga qarshi qo'zg'olon
boshlanadi. Qo'zg'olonga toroblik
g'alvir yasovchi hunarmand Mahmud
boshchilik qiladi. Tarixda u Mahmud Torobiy nomi bilan shuhrat topadi.
Torobiyning yaqin safdoshlaridan Shamsiddin Mahbubiy va Buxoro aholisi qo'zg'olonchilarga qo'shilib
qo'liga qurol oladi. O'zlarining
qadrdon shahar va qishloqlarini
mo'g'ullardan va ularning hamtovoq
xizmatchilari  mahalliy
ma'murlardan ozod qilishga otlangan kishilardan kattagina lashkar
to'planadi. Mahmud Torobiy o'z
tarafdorlari bilan Buxoroga kirib
olgach, shahar ichidagi Robiya saroyini qarorgoh qilib oladi. Bu
yerga Buxoroning sadrlari, badavlat
a'yonlari, yirik yer egalarini
chaqirtiradi. U o'zini Buxoro va atrof
viloyatlarining xalifasi, ya'ni hukmdori deb rasmiy ravishda e'lon
qilishga ularni majbur etadi. Shundan
so'ng Shamsiddin Mahbubiy sadr deb
e'lon qilinadi. Mahmud Torobiy
Buxoroda o'z hukmronligini
o'rnatgach, mo'g'ul tarafdorlari bo'lgan mahalliy amaldorlar
Buxorodan qochib ketadi.
Qochqin amaldorlar va mo'g'ullar
noib Mahmud Yalavoch yordamida
Karmana yaqinida kuch to'plab,
Buxoro ustiga yuradilar. O'rtada jang boshlanadi. Mo'g'ullar yengilib,
Karmanaga tomon qocha
boshlaydilar. Jangda qo'zg'olon
boshliqlari Mahmud Torobiy va
Shamsiddin Mahbubiylar ham shahid
bo'ladilar. Qo'zg'olonchilar ularning o'rniga Torobiyning ukalari
Muhammad va Alini boshliq qilib
saylaydilar. Oradan bir hafta o'tmay,
ularga qarshi mo'g'ullarning yangi
qo'shini hujum qiladi. Jangda
qo'zg'olonchilar tor-mor qilinib, Torobiyning har ikkala ukalari ham
halok bo'ladilar. Mo'g'ullar Buxoroni
yana bosib olib, u yerda ilgarigi
tartiblarni qayta o'rnatadilar.
Chig'atoy soliqlarni tartibga solishga,

1238-yilda Mahmud Yalavochni noiblikdan chetlatishga majbur bo'ldi.
Uning o'g'li Mas'udbek noib etib tayinlandi. Ulug' xoqon O'qtoy
Mahmud Yalavochni Pekin shahriga
hokim etib tayinlaydi. 1238-yilda yuz bergan bu
qo'zg'olon tarixga Mahmud
Torobiy qo'zg'oloni nomi bilan
kirgan.