28-. Ijtimoiy-iqtisodiy va
madaniy hayotning jonlanishi

Ulug' xoqon farmoni 

XIII asr o'rtalarida Chig'atoy ulusining
mo'g'ul amaldorlari doirasida
o'troqlikka ko'chish, shahar hayotiga
yaqinlashish, mahalliy o'troq
aholining boy madaniyatidan
foydalanish jarayoni kuchayadi. Mo'g'ulistonning ulug' xoqoni Munke soliq va hashar ishlarini tartibga solish to'g'risida maxsus
farmon  yorliq chiqaradi. Yomlar
bo'ylab pochta xizmati uchun
ajratilgan otlar soni belgilanib,
aholidan ortiqcha ot talab qilish man
etiladi. Shuningdek, elchilarga, qo'llarida bevosita topshiriqlari
bo'lmasa, shahar yoki qishloqlarga
kirmasligi va aholidan ular uchun
belgilanadigan ortiqcha yem-xashak
hamda oziq-ovqat olmasligi uqtiriladi.
Shu tariqa aholi o'zboshimchalik bilan yig'ib olinadigan hisobsiz to'lovlardan
ozod bo'ladi. 

Mas'udbekning pul islohoti 

Movarounnahrda asta-sekinlik bilan
bo'lsa-da, shahar hayoti, xususan
hunarmandchilik va savdo
munosabatlari jonlana boshlaydi.
Shaharlarning ichki hayoti, ayniqsa
tovar va pul munosabatlarining tiklanishida Mas'udbek tomonidan
1271-yilda amalga oshirilgan pul
islohoti muhim ahamiyatga ega
bo'ladi. U Movarounnahrning 16 ta
shahar va viloyatlarida, jumladan,
Samarqand, Buxoro, Taroz, O'tror, Xo'jand va boshqa shaharlarda bir xil
vazn va yuqori qiymatli sof kumush
tangalar zarb ettirib, mamlakatda
ularni muomalaga chiqaradi. 

Kebekxon va uning islohotlari 

XIV asrning birinchi yarmida
Chig'atoy ulusida mo'g'ullarning
o'troqlikka o'tish jarayoni kuchayib,
ularning ijtimoiy hayotida jiddiy
o'zgarishlar sodir bo'la boshlaydi.
Movarounnahrdek madaniy o'lka bilan mustahkam aloqa o'rnatishga
va o'troq hayot kechirishga intilgan
Chig'atoy xonlaridan biri Kebek (1318-1326) edi. U hokimiyatni
bevosita o'z qo'liga olib, Qashqadaryo
vohasidagi qadimgi Nasaf shahri yonida o'ziga saroy qurdiradi. Saroy
mo'g'ul tilida Qarshi deb yuritiladi. Kebekxon o'z qarorgohini mo'g'ul
hukmdorlari orasida birinchi bo'lib
Movarounnahrga ko'chiradi. U shu
saroyda turib mamlakatni idora qiladi.
Keyinchalik saroy atrofida yangi
binolar qad ko'taradi va eski Nasaf shahri bilan qo'shilib ketadi. Shundan
e'tiboran bu shahar Qarshi deb
atala boshlanadi.
Kebek davlatni idora etish tuzilishini
va uning iqtisodiy hayotini tartibga
solish maqsadida ma'muriy va pul islohoti o'tkazadi. Mamlakatda
yagona pul joriy qilinadi. Erondagi
Xulokiylar davlati va Oltin O'rda
xonligining kumush tangalari
namunasida ikki xil pul: og'irligi 8
grammlik katta kumush tanga va 1 grammlik kichik tanga zarb etilgan.
Katta tanga dinor, kichigi dirham deb atalgan. Kepaki deb nom olgan bu tangalar
Samarqand va Buxoroda zarb etilib,
muomalaga chiqarilgan. 

Iqtisodiy hayotning jonlanishi 

Mo'g'ullar istilosi davrida xarob
bo'lgan hunarmandchilik, savdo-
sotiq va dehqonchilik asta-sekin
tiklana boshlaydi. Hunarmandchilik
va ichki-tashqi savdoning jonlanishi,
shubhasiz, xarob bo'lgan shaharlarning qayta tiklanishiga
sabab bo'ladi. Garchi hali ko'pgina
shahar va viloyatlar xaroba va yarim
xaroba holida yotgan bo'lsa-da, Urganch va Buxoro shaharlari qayta tiklanadi. Qadimgi Samarqand
vayronalari yonginasida yangitdan
shahar qad ko'taradi. Shaharlarda
turli xil davlat, jamoat va ma'rifat
binolari qurildi. Shahar bozorlari
gavjumlashadi. 

Yer egaligi 

Mo'g'ullar hukmronligi davrida O'rta
Osiyoda yerga bo'lgan egalikning mulki devon, mulki inju, mulki
vaqf va mulk deb ataluvchi to'rt xil shakli mavjud edi.
Mulklarning kattagina qismi harbiy
ma'murlarga davlat oldidagi
xizmatlari uchun hadya qilingan
yerlar bo'lib, ular suyurg'ol yerlari deb
yuritilardi. Bunday yerlarga ega bo'lgan yerdorlar  suyurg'ol egalari
barcha soliq va to'lovlardan ozod
etilardi. Suyurg'ol yerlari avloddan
avlodga meros tariqasida o'tardi.

* Mulki devon  davlat yeri 
* Mulki inju  hukmdor va noiblariga qarashli yerlar
* Mulk  xususiy yerlar 
* Mulki vaqf  masjid va mad rasa yerlari 

Chig'atoy ulusining bo'linishi 

Mo'g'ul hukmdorlari va mulkdorlari
o'rtasida bosib olingan
mamlakatlarning xalqlariga ikki xil
qarash mavjud edi. Ba'zilari mahalliy
zodagonlar, savdogarlar bilan
yaqinlashish, hunarmandchilik, dehqonchilikni rivojlantirish, islom
dinini qabul qilish tarafdori edi.
Boshqalari esa o'troqlik va shahar
hayotiga qarshi bo'lib, shaharlarni
buzib tashlash, bog' va ekinzorlarni
o'tlovlarga aylantirishni istardilar. Asta-sekin Chig'atoy ulusining bir
qator xonlari o'z urug'-qabilalari bilan
Movarounnahrga ko'chib kelib,
mahalliy aholi bilan qo'shilib,
o'troqlashib bordilar. Ko'chib kelmay
Yettisuvda yashayotgan mo'g'ullar Movarounnahrga ko'chib kelganlarni
qoraunas (duragay), Movarounnahrda yashayotgan
mo'g'ullar esa ularni
jete (qaroqchi, talonchi) deb atay boshladilar. Bu amalda bir-birini
haqorat qilish edi. Ular o'rtasida
ziddiyat, nafrat kuchayib bordi.
Oqibatda Chig'atoy ulusi XIV asrning
40-yillarida ikkiga bo'linib ketdi.
Chig'atoy ulusining Sharqiy Turkiston, Janubiy Sibir va Yettisuv qismi
Mo'g'uliston deb atala boshlandi.
1348-yilda Chig'atoy naslidan bo'lgan
Tug'luq Temur Mo'g'uliston xoni etib
ko'tarildi. Ulusning g'arbiy qismi 
Movarounnahr mustaqil idora qilinadigan bo'ldi. 

Madaniy hayot 

Fan, adabiyot, marifat va
madaniyatning ayrim tarmoqlari ham
tiklana boshlaydi. Xususan,
shaharsozlik bilan bog'liq bo'lgan
binokorlik va me'morchilik yo'lga
qo'yiladi. Koshinpazlik, ganchkorlik, parchinsozlik, me'moriy g'isht
o'ymakorligi va me'moriy xattotlik
asriy an'ana va tajribalar asosida
tiklanib, hatto birmuncha taraqqiy
ham qiladi. Binokor-me'morlar qo'li
bilan qurilgan ko'rkam imorat-u inshootlar: masjid, madrasa,
xonaqoh, maqbara, minora va
saroylar qad ko'taradi. Ularning
ayrimlari bizning davrimizgacha
saqlanib qolgan. Buxoro shahridagi Sayfuddin Boxarziy, Bayonqulixon maqbaralari, Samarqanddagi
mashhur Shohizinda me'moriy
ansamblining asosiy qismi bo'lgan Qusam ibn Abbos maqbarasining ziyoratxonasi, Ko`hna Urganchdagi
balandligi 62 metrli ulug'vor minora, Najmiddin Kubro va To'rabekxonim maqbaralari shular jumlasidandir.
XIII asr o'rtalarida Buxoroda
Masudiya va Xoniya nomlari bilan shuhrat topgan ikkita madrasa
bino qilinadi, ularning har birida
mingtagacha tolibi ilm ahli tahsil
olgan.
XIII asrning ikkinchi yarmi va XIV asr
boshlarida fors-tojik she'riyatining yirik namoyandalaridan Jaloliddin Rumiy, Sa'diy Sheroziy, Amir
Xusrav Dehlaviy kabi buyuk siymolar yashab ijod etganlar. Jaloliddin Rumiy (1207-1273) buyuk tasavvuf shoiri bo'lib, 36 ming
baytdan iborat Masnaviyi manaviy  nomli poemasini yaratdi. Bu asarda u tasavvuf falsafasining
asoslarini talqin etadi.
Bu davrning mashhur mutafakkir
adiblarining yana biri Sa'diy Sheroziy (1219-1293) dir. U o'zining Guliston va Bo'ston nomli
asarlaridagi sermazmun g'azallari
bilan sharq adabiyotining
taraqqiyotida o'chmas iz qoldirdi. U
o'z asarlarida ona yerga bo`lgan
muhabbat va insonparvarlik g'oyalarini mohirona bayon etadi.
O'z davrining buyuk adiblaridan Amir Xusrav Dehlaviy (12531325)
Nizomiy Ganjaviydan so'ng Xamsa dostonini yozgan ham shoir, ham musiqashunos
mutafakkirlardan edi. U Zafarlar kaliti, Falakning to`qqiz gumbazi kabi asarlar muallifidir. XIII asming ikkinchi yarmidan
boshlab tarixnavislik ham taraqqiy
qiladi. Bu davrda Juzjoniyning Tabaqoti Nosiriy (Nosir turkumlari), Juvayniyning Tarixi jahonkushoy (Jahon fotihi tarixi), Rashiduddin Fazlullohning
Jome at -tavorix  (Tarixlar to'plami) kabi qimmatli tarixiy
asarlari yoziladi. Bu asarlar o'sha davr
tarixi, ayniqsa mo'g'ullar istibdodini
o'rganishda birinchi darajali manba
hisoblanadi.
Bu davrda turkiy tildagi adabiyot ham rivoj topa boshlaydi. Keyinchalik u
Chig`atoy tili va Chig`atoy adabiyoti nomini oladi.