37-. Temuriylar saltanatining
inqirozga yuz tutishi

Siyosiy beqarorlik 

Ulug'bek qatl etilib, oradan bir necha
kun o'tgach, Abdullatif taxt
da'vogaridan qutulish maqsadida o'z
inisi Abdulazizni hamda otasiga sodiq
bo'lgan amirlarni o'ldirtirib,
temuriylarning Movarounnahrdagi toj-u taxtini batamom egallab oldi.
Mamlakat fuqarolari tomonidan
padarkush (ota qotili) deb
la'natlangan Abdullatif va uning
tarafdorlari taxtda uzoq vaqt
o'tirolmadi. Oradan olti yarim oy o'tar- o'tmas Abdullatifga qarshi saroyda
fitna uyushtirilib, u o'ldirildi. Uning
kallasi tanasidan judo qilinib,
Registon maydonida Ulug'bek
madrasasining peshtoqiga osib
qo'yildi. Muxolifotchi kuchlar Samarqandda
Shohruxning nabirasi Mirzo
Abdulloni, Buxoroda Mironshohning
nabirasi Abu Saidni hukmdor qilib
ko'tarishadi. Oqibatda ular o'rtasida
hokimiyat uchun yana kurash boshlanadi.
Movarounnahr va Xurosonda muttasil
davom etib turgan o'zaro kurashlar
Dashti Qipchoqdagi hukmdorlar
uchun juda qo'l keladi. 1451-yilda
Abulxayrxon katta qo'shin bilan Abu Said yordami va ishtirokida Toshkent,
Chinos va Jizzax orqali Samarqandga
Mirzo Abdulloga qarshi yurish qiladi.
Sheroz qishlog'i yaqinidagi Bulung'ur
anhori yoqasida jang bo'ladi. O'zaro
to'qnashuvda Mirzo Abdullo yengiladi va jangda halok bo'ladi. Shunday
qilib, Abulxayrxonning yordamida
Abu Said Samarqandni egallab,
Movarounnahrga hokim bo'lib oladi.
Xuroson bu davrda Shohruxning
nabirasi Abulqosim Bobur tasarrufida edi. Xurosonda siyosiy tarqoqlik juda
avj olib ketadi. Temuriylar davri
muarrixlarining yozishicha, bu
davrda Xuroson o'n bir bo'lakka
ajralib ketadi. Ular o'rtasida urush-
talashlar to'xtovsiz davom etardi. 1457-yilda Abulqosim Bobur vafot
qilgach, vaziyat yana mushkullashadi.
Xurosonda ham, Hirotda ham
hokimiyatni da'vo qiluvchilar ko'p
bo'lsa-da, lekin ularning birortasi ham
davlatni idora qila oladigan kuchga ega emas edi. Bunday qulay
vaziyatdan foydalangan Abu Said
1457-yilda Hirot taxtini egallaydi va
saltanatning har ikki qismini
birlashtirishga muvaffaq bo'ladi. Biroq
viloyat hokimlarining mustaqil hukmronlikka intilishlariga,
tarqoqlikka barham bera olmaydi.
Ayniqsa uni Abulqosim Bobur
vafotidan keyin Xorazmni egallab
olgan Umarshayx Mirzo avlodi Sulton
Husaynning isyonlari hammadan ko'proq tashvishlantiradi.
1469-yilning erta bahorida Abu Said
Ozarbayjon, G'arbiy Eron va
Iroqqacha bo'lgan viloyatlarni egallab
turgan turkmanlarga qarshi jangda
halok bo'ladi. Otasi o'limidan so'ng Abu Saidning vorislari Sulton Husayn
bilan to'qnashishga jur'at eta olmay,
Movarounnahrga qaytadilar. 1469-yil
24-martda Sulton Husayn
Xurosonning hokimi sifatida tantana
bilan Hirotga kirib boradi. Natijada Temuriylar saltanati yana ikki
mustaqil qismga: Sulton Husayn
hukmronligidagi Xuroson va Abu Said
o'g'li Sulton Ahmad hukmronligidagi
Movarounnahrga bo'linib ketadi. 

Parokandalik 

Movarounnahrda Abu Saidning
o'g'illari: avval Sulton Ahmad
(1469-1494), keyin Sulton Mahmud
(1494-1495) va keyinchalik
Mahmudning o'g'li Sulton Ali (1498
-1500) mustaqil hokimlik qiladi. Biroq Movarounnahrda tarqoqlik yanada
avj oladi. Bu vaqtda Movarounnahr
o'zaro nizolashayotgan temuriy
shahzodalar boshchilik qilib turgan
ko'pdan ko'p viloyatlarga bo'linib
ketgan edi. Mamlakat, el-yurt boshiga katta tashvishlar tushgan paytlarda
din ulamolaridan biri Xoja Ubaydulloh
Ahror musibatlarni daf qilish yo'lida
bir necha bor jonbozlik ko'rsatgan
edi. 1454-yilda Hirot hokimi
Abulqosim Bobur Movarounnahrga bostirib kirib, Samarqandni qamalga
olganida Xoja Ubaydulloh Ahror
mojaroga qat'iyan aralashib,
raqiblarni yarashtirdi. 

Sulton Husayn va Alisher Navoiy 

Sulton Husayn Boyqaro
Amudaryoning janubidagi yerlarga
hukmron bo'lib, u o'z tasarrufida
Xuroson, Xorazm hamda Sharqiy va
Shimoliy Eron viloyatlarini
birlashtirgan edi. U qariyb 40 yil hukm surgan temuriylarning so'nggi yirik
hukmdori bo'lib, uning davrida
shahzoda va amirlarning
boshboshdoqligiga qaramay,
mamlakatning xo'jalik va madaniy
hayoti yuksaldi. Xurosonning obod etilishida, ravnaq topishida
zamonasining tadbirkor va dono
hukmdori Sulton Husayn bilan bir
qatorda buyuk adib va davlat arbobi
Alisher Navoiyning ham xizmati
nihoyatda katta bo'ldi. Alisher Navoiy 1441-yilda Hirotda
dunyoga kelgan. Uning otabobosi
temuriylar saroyida xizmat qilgan.
Sulton Husayn bilan Alisher bir
maktabda o'qiganlar. Ular bolalik
chog'laridayoq Xuroson hukmdori Abulqosim Bobur xizmatida
bo'lganlar. Uning vafotidan so'ng 12
yil davomida boshqa-boshqa
shaharlarda yashaganlar. Husayn bu
davrda avval Xorazmda, so'ngra
Xurosonning Obivard, Niso, Mashhad va boshqa viloyatlarida darbadarlikda
yurib, kuch to'plab Abu Saidga qarshi
isyonlar ko'taradi. Alisher Navoiy bu
yillarda Mashhad va Hirotda o'qiydi.
O'sha paytlardayoq u shoirlik
iste'dodi tufayli katta shuhrat qozongan edi. Yoshlikdan Sulton
Husayn bilan yaqin bo'lgan Alisher
o'ziga nisbatan Abu Saidda adovat
kayfiyatini sezib qolgach,
Samarqandga borib, ma'lum vaqt u
yerda yashashga majbur bo'ladi. Samarqandda u ilm-fan va she'riyat
bilan mashg'ul bo'ladi. Bu yerda u
mashhur olim, falsafa, mantiq, huquq,
arab tili, adabiyot va she'riyatning
o'tkir bilimdoni Fazlulloh Abullays
Samarqandiydan saboqlar oladi. 1469-yilda Sulton Husayn Hirotni
egallagach, Navoiyni o'z huzuriga
taklif etadi. Alisherni u dastlab
muhrdorlik lavozimiga, keyinroq esa
vazir qilib tayin etadi.
Sulton Husayn hukmronligi davrida Alisher Navoiy mamlakatda
markazlashgan saltanat vujudga
kelishi, viloyatlar obod etilishi,
qishloqlarda dehqonchilik,
shaharlarda hunarmandchilik va
savdoning kengayib taraqqiy qilishi yo'lida xizmat ko'rsatdi. Alisher
Navoiy adabiyot, san'at va ilm-
ma'rifatning ravnaqi, aholining tinch
va osoyishta istiqomat qilishi tarafdori
edi.
Lekin Sulton Husayn davlati Alisher kutganicha taraqqiy etmaydi.
Suyurg'ol tartibiga asoslangan bu
davlatda, bir tomondan, viloyat
hukmdorlari, hatto toj-u taxt
valiahdlari Badiuzzamon va Muzaffar
Husayn Mirzo isyonlari yuz beradi. Ikkinchi tomondan, zulm oqibatida
Hirot va uning viloyatlarida xalq
qo'zg'olonlari ko'tariladi.
Uchinchidan, o'z manfaatlarini
ko'zlagan ochko'z saroy ma'murlari
fitna va fasodni avj oldirib, uning botqog'iga Sulton Husaynni ham
botiradilar. Bunday ahvol, shubhasiz,
bosh vazirlik vazifasida turgan dono
Navoiyning saroydan, hatto
poytaxtdan uzoqlashishiga olib
keladi. Shunday qilib, XV asrning ikkinchi
yarmidagi beqaror siyosiy vaziyat
tufayli Temuriylar saltanati inqirozga
yuz tutdi.