38-. Dehqonchilik, yer egaligi
munosabatlari

Dehqonchilik va chorvachilik 

Mamlakatda tez-tez sodir bo'lib
turadigan o'zaro ichki urushlarga
qaramasdan, XV asrda ham
Movarounnahr va Xuroson
qishloqlarida birmuncha
obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Xususiy sohibkorlarning dashtliklarda
yangi yerlarni o'zlashtirish, kanallar
qazib, bog' ko'kartirish va qarovsiz
qolgan tashlandiq yerlarni sug'orib,
obod etish kabi mehnatlari qo'llab-
quvvatlanadi. Hatto bunday sohibkorlar bir-ikki yil davomida
hamma soliq va to'lovlardan ozod
etiladi.
Yirik sug'orish inshootlari barpo etilib,
dehqonchilik maydonlarining suv
ta'minoti tubdan yaxshilanadi. Eng yirik sug'orish ishlaridan biri
Samarqand vohasida Zarafshon
daryosidan bosh olgan Darg'om
anhoridan chiqarilgan qadimgi Angor
kanali tiklandi. Bu kanal orqali kam
suvli Qashqadaryo vohasiga qo'shimcha suv chiqariladi.
Ulug'bek hukmronlik qilgan davrda
Buxoro vohasining janubi sharqiy
chegarasiga yondoshgan Somonjuq
dashtiga suv chiqarilib yangi yerlar
o'zlashtiriladi. Murg'ob daryosining bosh to'g'oni - Sultonbandning
Shohrux tomonidan tiklanishi va
sug'orish tarmoqlarining loyqadan
tozalanishi tufayli Marv shahri va
Murg'ob vohasining suv ta'minoti
tubdan yaxshilanadi. Sulton Husayn Mirzo hukmronlik qilgan davrda esa
uning tashabbusi bilan Marviruddan
yangi kanal chiqarilib, kattagina yer
maydoni sug'orilib obod etiladi.
Alisher Navoiyning tashabbusi bilan
Tus viloyatining yuqori qismida Turuqband suv ombori qurdiriladi.
O'n farsax (60-70 km) uzunlikda
maxsus kanal qazdirilib, Turuqband
suv omborida jamg'arilgan suv
Mashhadga olib kelinadi. Natijada
Mashhad suv bilan ta'min etilib, shahar atrofidagi yerlarga suv
chiqariladi va obod etiladi.
Xo'jalikning iqtisodiy hayotida,
ayniqsa, yaylov chorvachiligi:
yilqichilik, tuyachilik hamda
qoramolchilik muhim o'rin tutgan. 

* Begor - mahalliy aholiga yuklatilgan saroy, jamoat binolari,
mudofaa va sug`orish inshootlarini
hamda yo`l qurilish ishlarida ommaviy
ishlab berish majburiyati, muqaddas
ommaviy hashar
* Muzoriy - ekin maydonlarida ishlov beruvchi yollanma ziroatchi 

Yer egaligi 

XV asr davomida Movarounnahr va
Xurosonda avvalgidek yer va
mulkchilikning asosan to'rt shakldagi
"mulki devoniy" - davlat yerlari,
"mulk" - xususiy yerlar; "mulki
vaqf" -- madrasa va masjidlar tasarrufidagi yerlar va nihoyat "jamoa
yerlari" bo'lgan. Sug'oriladigan
yerlarining eng katta qismi davlat
mulki hisoblangan. Bu yerlarga
avvalgidek mamlakat hukmdori
sulton yoki amirlar egalik qilardi. Temuriylar davrida davlat yerlarini
"suyurg'ol" tarzida in'om qilish keng
tarqaladi. Suyurg'ol egalari tobeligini
kuchaytirish maqsadida markaziy
hokimiyat ba'zan ular tasarrufidagi
yer maydonlarini qisqartirar yoki ularning haq-huquqlarini cheklab,
bo'ysunmagan taqdirda suyurg'ol
huquqidan mahrum etilar va boshqa
shaxsga berilar edi.
Bu davrda bosh hukmdor tomonidan
yirik mulk egalariga yaxshi xizmati uchun tarxonlik yorlig'i berish
an'anaga aylanadi. Tarxonlik
yorlig'ini olgan mulkdorlar barcha
soliq, to'lov va majburiyatlardan ozod
qilingan. Tarxonlik yorlig'i odatda
amirlar, beklar, saroy amaldorlari, saidlar va boshqa yuqori tabaqa
vakillariga berilgan. Bunday yorliqni
olgan mulkdor ismiga "tarxon"
martabasi qo'shib aytilgan.
XV asrda ham avvalgi davrlardagidek
juda ko'p yer va suv masjid, madrasa, xonaqoh, maqbara va mozorlarga
biriktirilib, bunday yerlar "mulki
vaqf" deb atalgan. Odatda yer va
suvdan tashqari ko'plab do'kon,
korxona, tegirmon, objuvoz, bozor
rastalari, karvonsaroylar ham vaqf qilinib, ulardan tushgan daromad
masjid, madrasa, shifoxona va
xonaqohlarning ta'miri, jihozi,
mutavalli, mudarris, tabib va
talabalarga beriladigan nafaqalar
hamda langarxona (musofirxona) va shifoxonalarning kundalik xarjlari
uchun sarf etilgan. 

Soliq turlari 

Sug'orma dehqonchilik yerlaridan
olinadigan asosiy soliq "xiroj" deb atalgan. Xiroj mahsulot yoki pul bilan
to'langan. U hosilga va yerning
unumdorligiga qarab belgilangan.
Chunonchi, daryo va buloq suvlari
bilan sug'oriladigan obikor yerlardan
xiroj hosilning uchdan bir qismi (33%) miqdorida olingan. Lalmikor
yerlardan hosilning oltidan bir, ya'ni
16,5% dan to sakkizdan bir, ya'ni
12,5% miqdorida soliq undirilgan.
Mulk yerlarining bir qismidan ushr,
ya'ni hosilning o'ndan bir qismi (10%) miqdorida soliq olingan.
Bunday yerlar odatda zamonasining
ilm-fani, ma'rifati va ma'naviy
hayotida muhim nufuzga ega bo`lgan
ulamolar va mashoyixlar tasarrufida
bo'lgan. Chorva mollaridan qirqdan bir, ya'ni 2,5% miqdorida zakot
olingan.
Asosiy soliqlardan tashqari mahalliy
aholi begor ishlarida ham
qatnashganlar. Begorda qatnashgan
har bir kishi ishlash uchun kerakli asbob-uskuna va yetarli yemaklarni
o'zi bilan olib kelishi lozim bo'lgan.