4-. O'rta Osiyo xalqlari Turk
Xoqonligi davrida

Xoqonlikning tashkil topishi 

VI asr o'rtalarida Oltoy va Janubiy
Sibirda yashagan turkiy qabilalarni
birlashtirgan yangi davlat vujudga
keldi. Bu davlat tarixga Turk xoqonligi nomi bilan kirgan. Uning asoschisi Bumin edi. 552-yilda Bumin xoqon deb e'lon qilindi. Oltoy xoqonlikning markazi qilib
belgilanadi. Turklarning g'arbga
tomon yurishlariga Istami boshchilik qiladi. Unga Yabg'u xoqon degan unvon beriladi. Tez orada Yettisuv va
Sharqiy Turkistonga tutashgan
yurtlarda yashovchi turkiy qabilalar
bo'ysundiriladi. 555-yildayoq turklar
Sirdaryo va Orol dengizi bo'ylarigacha
cho'zilgan keng o'lkalarni egallaydilar. Xoqonlik chegarasi
Eftallar davlati hududlariga borib
yondoshadi.
558-yilda turklar Yoyiq (Ural) va Itil (Volga) bo'ylarini zabt etadi.
575-576-yillarda Shimoliy
Kavkazning bepoyon yerlarini
egallab, Qrim yarimoroliga kirib
boradilar. Bunday qulay vaziyatdan
foydalangan sosoniylar Toxariston va Chag'oniyonni eftallardan tortib oladilar. 

Eftallar davlatining qulashi 

Turk xoqonligimng eftallar bilan
to'qnashishi muqarrar edi. Bunday
murakkab siyosiy vaziyat xoqonlikni
Eron, so'ngra Vizantiya bilan
yaqinlashtiradi. Uzoq vaqt eftallar
tazyiqida yashagan sosoniylar bu davlatning tamomila barbod
bo'lishidan manfaatdor edi. Xusrav I
Anushervon (531-579) tashabbusi
bilan yuzaga kelgan o'zaro harbiy
ittifoq Eron shohining Istamiga kuyov
bo'lishi orqali yanada mustahkamlanadi. Turkiy balbal, mozor tosh haykali.
Qo'sh tasvirli Chag'oniyon jez
tangasi.
Turkiy chorvador qabilalarning
siljishi Eron askarlarining Balxga hujumi
ko'magida turklar 563-yilda Eftallar
davlati yerlariga bostirib kiradilar.
Parak (Chirchiq) vodiysi va uning
markazi Choch shahri ishg'ol qilinadi.
Sirdaryodan o'tib, Zarafshon vodiysiga kirib boradilar. Ular
Samarqand, Kesh va Naxshabni
egallab, Buxoroga yaqinlashadilar.
Sakkiz kun davom etgan shiddatli
jangda eftallar qo'shini yengiladi.
Shunday qilib, janubdan Eron sosoniylaridan, shimoldan esa Turk
xoqonligidan 563-567- yillarda
zarbaga uchragan Eftallar davlati bir
asrdan oshiqroq hukmronlikdan
so'ng tamomila barbod bo'ladi.
Natijada mag'lub davlatning merosi o'zaro bo'linib, Amudaryoning
janubiy qirg'oqlarigacha bo'lgan
viloyatlar Eron, uning o'ng sohillari
bo'ylab Kaspiy dengizigacha
cho'zilgan yerlar Turk xoqonligi
tasarrufiga o'tadi. Eftallar davlati qulagach, vaziyat
tubdan o'zgaradi. Endilikda o'z
chegarasini shimoli sharqqa tomon
kengaytirib olgan Eron Amudaryodan
to Suriyaga qadarli Ipak yo'li ustida
haqiqiy sarbon bo'lib oladi. Uzoq Sharqdan Eron hududlarigacha
karvon yo'li nazoratini o'z homiyligi
ostiga olgan turklar esa Eron orqali
Vizantiya bilan bevosita savdo
qiladigan bo'ldi. 

Turk xoqonligining boshqaruvi 

Turk xoqonligi qanchalik katta
bo'lmasin, chinakam markazlashgan
davlat emas edi. Uning asosi turkiy
tilda so'zlashuvchi qabilalar ittifoqidan
iborat bo'lgan. Bu ittifoqni xoqon
boshqargan. Hukmdorning hokimiyati urug'-aymoq udumlariga
tayangan harbiy-ma'muriy
boshqaruvga asoslangan. Mamlakat
ko'chmanchi chorvador va o'troq
dehqon aholiga bo'linardi.
Ko'chmanchi chorvador aholi budun yoki qora budun nomlari bilan yuritilgan. Budun o'z navbatida
qabilalar ittifoqi birlashmasini tashkil
etardi. U o`n o`q budun yoki o'n o'q el deb yuritilgan. O'n o'q budun yoki elning hokimi yabg'u yoki jabg'u nomi bilan atalardi. Yabg'u darajasiga faqat xoqon urug'iga qon-
qarindosh bo'lganlargina ko'tarilardi.
Shu boisdan ba'zan u yabg`u xoqon deb ulug'langan. O'n o'q el sardori bir tuman (ya'ni o'n ming)
suvoriyni safga tortar edi. Bunday
harbiy bo'linmaning tumanboshisi
shod deb yuritilgan. 

* Budun  chorvador aholi * Xoqon  buyuk hukmdor, podshoh, imperator
* Yabg'u xoqon  xoqon urug'idan bo'lgan yurt hokimi
* Shod  o'n ming qo'shin qo'mondoni
* Yasoq  dehqonlar va chorvadorlardan olinadigan soliq

VI asrda Chirchiq, Zarafshon,
Qashqadaryo va Amudaryo
havzalarida o'ndan ortiq voha
hokimliklar mavjud edi. Ularning
iqtisodiy va siyosiy boshqaruvi mahalliy sulola hukmdorlari qo'lida
qoldirilib, turklar ulardan faqat boj va yasoq undirib olish bilan cheklanadilar. 

Xoqonlikning bo'linishi 

Katta-katta qabilalar yoki qabilalar
ittifoqi markaziy hokimiyatga
bo'ysunmaslikka intilganlar. Turk
xoqonligi tasarrufida bo'lgan
hududlardagi hokimlar mustaqil
bo'lishni istar edilar. Bu omillar xoqonlikning mustahkam
markazlashgan davlatga aylanishiga
imkon bermagan.
Bo'ysundirilgan hududlarni mahalliy
hokimlar orqali boshqaruv tartibi
xoqonlikni tobora zaiflashtira borgan. Buning ustiga, Vizantiya,
Xitoy va Eron bilan doimiy raqobat
xoqonlik ahvolini yanada
og'irlashtirgan. Oqibatda, Turk
xoqonligi VI asrning 80-yillari
oxirlarida ikkiga: Sharqiy turk xoqonligi va G'arbiy turk xoqonligiga bo'linib ketadi. 

Mustahkam markazlashgan davlat
 bu barcha hududlari yagona
hukmdor hokimiyati tomonidan
idora qilinuvchi davlatdir. 

Buyuk turk xoqonligi barpo etilgan
el-yurt Oloy tog'lari sharqidan to Uzoq
Sharqgacha bo'lgan hudud, ya'ni
Janubiy Sibir, Urxun havzasi
(Mo'g'uliston), Shimoliy Xitoy Sharqiy
xoqonlik tasarrufida bo'lgan. Mazkur xoqonlikning poytaxti O'tukan
vodiysi (Mo'g'uliston)da qaror
topgan. Oloy tog'larining g'arbida
joylashgan o'lkalar: Yettisuv, Sharqiy
Turkiston, Sirdaryo va Amudaryo
havzalari hamda ularga tutashgan hudud G'arbiy xoqonlik tomonidan
idora etilgan, qarorgohi Yettisuvda
joylashgan. G'arbiy xoqonlik o'troq
voha va viloyatlarni boshqarishda,
garchi qator mavjud mahalliy
sulolalarni saqlab qolgan bo'lsa-da, ammo strategik jihatdan muhim
ahamiyatga molik ayrim o'lkalarda
turkiy hokimiyatni tashkil etish
maqsadida xoqon xonadoniga
tegishli mansabdorlar tayinlangan.
Masalan, Farg'onada ixshid, Ustrushonada afshin, Sug'dda ixshid,
Buxoroda buxorxudot, Dabusiyada
dabusshoh, Xorazmda afrig'iylar
hokimiyatlari mavjud bo'lgan holda
Choch viloyati tudunlar, Toxariston
esa yabg'ular tomonidan boshqarilgan.