5-. G'arbiy Turk xoqonligi

Xoqonlik hududlari va boshqaruv 

G'arbiy turk xoqonligi tasarrufiga
O'rta Osiyo va Sharqiy Turkistonning
bir qismi kirardi. Uning markazi
Yettisuv edi. G'arbiy xoqonlik ijtimoiy,
iqtisodiy va madaniy jihatdan Sharqiy
xoqonlikdan mutlaqo ajralib turardi. Sharqiy xoqonlik aholisining asosiy
qismi chorvador ko'chmanchilar edi.
G'arbiy xoqonlik aholisining
kattagina qismi esa o'troq
dehqonchilik, hunarmandchilik va
savdo-sotiq bilan mashg'ul edi. 

Mahalliy hokimlarga xoqon
tomonidan yabg'u unvoni berilgan. 

VII asrning birinchi choragida G'arbiy
xoqonlik nihoyatda kuchayadi. Uning
sharqiy chegarasi Oltoyga, janubda
esa Sind (Hind) daryosi bo'ylariga
borib taqaladi. Xoqon To'ng yabg'u
(618-630) hukmronlik qilgan davrda boshqaruv tartiblari isloh qilinadi.
Viloyat hokimlarini xoqonlik
ma'muriyati bilan bevosita bog'lash
va ularning ustidan nazoratni
kuchaytirish maqsadida mahalliy
hukmdorlarga xoqonlikning yabg`u unvoni beriladi. Natijada ular xoqonning noibiga
(vakiliga) aylanadilar. Shu bilan birga
O'rta Osiyo, Sharqiy Turkiston va
Toxaristonning deyarli mustaqil
hokimliklari ustidan siyosiy nazorat
kuchaytiriladi. Ular huzuriga xoqonlikning noiblari  tudunlar yuboriladi. Biroq ichki kurash
oqibatida G'arbiy turk xoqonligi
zaiflashib boradi. 

Ijtimoiy hayot 

Turk xoqonligiga birlashgan
aholining hayoti ham, xo'jaligi ham
turlicha edi. Ko'chmanchilarning
asosiy mashg'uloti chorvachilik
bo'lgan. Xoqonlikda shaharlar va qishloqlar
ko'p bo'lgan. Aholisi dehqonchilik,
hunarmandchilik va savdo-sotiq
ishlari bilan shug'ullanardi. Turk
hunarmandlari yasagan zeb-ziynatlar
va qurol-yarog'lar xilma-xilligi va nihoyatda puxtaligi bilan ayniqsa
ajralib turardi. Farg'ona va Sug'dda oltin, mis, temir va simob, Eloqda qo'rg'oshin, kumush va oltin qazib olinardi.
Ichki va tashqi savdo-sotiq ishlari
ham shahar aholisining asosiy
mashg'ulotlaridan biri edi. Bu davrda
ayniqsa Sug'd savdogarlarining
mavqeyi baland edi. VII asrning birinchi yarmida G'arbiy
turk xoqonligi bilan Xitoy o'rtasida
ayniqsa iqtisodiy aloqalar faollashdi.
Bu davrda Xitoyga to'qqiz marotaba
savdo elchiligi yuboriladi. Birgina
627-yilning o'zida Buxoro, Samarqand, Ishtixon va Ustrushona
(Jizzax va O'ratepa viloyatlari) dan
birlashgan juda katta savdo karvoni
Xitoyga yetib boradi.
Shunday qilib, G'arbiy turk
xoqonligiga birlashgan aholining dehqonchilik, hunarmandchilik va
savdo-sotiq bilan shug'ullangan
o'troq qismi madaniy jihatdan ilg'or
bo'lib, xoqonlikning ijtimoiy va
iqtisodiy turmushida yetakchi rolni
o'ynagan. 

* Yabg'u  el-yurt hokimi 
* Tudun  viloyat hokimi 
* Sarrojlik  egar-jabduq yasash 

Xalq qo'zg'olonlari 

VI-VII asrlarda O'rta Osiyoda
dehqonlar tomonidan yerlarni
egallash jarayoni tobora avj olib, zulm
kuchayadi. Yer va suvdan ajralib
qashshoqlashib borayotgan ozod ziroatkor  kashovarzlar mulkdor dehqonlar asoratiga tushib, qaram kadivarlarga aylanadi. Qashshoqlik, jabr-zulm va dehqonlar asoratiga
qarshi aholi bosh ko'tarishga majbur
bo'ladi. Shunday xalq
qo'zg'olonlaridan biri 585-586-
yillarda Buxoroda yuz beradi.
Qo'zg'olonga xoqon xonadoniga mansub Abruy boshchilik qiladi. Qo'zg'olondan vahimaga tushgan
mulkdor dehqonlar va boy
savdogarlar Buxoro viloyatini tark
etib, Turkiston va Taroz atrofiga borib o'rnashadilar. Ular turk
xoqoniga murojaat qilib,
qo'zg'olonchilarga qarshi kurashda
yordam berishni so'raganlar. Turk
xoqoni Qoracho'rin o'g'li Sheri Kishvar (El Arslon) boshliq qo'shin yuboradi. Abruy o'ldirilib, qo'zg'olon
bostiriladi. Kadivar va xizmatkorlar
o'z xo'jayinlari  dehqonlarga
qaytariladi. Afrosiyobdan topilgan devoriy rasm.
VI-VII asrlar.