O'zbekiston tarixi: 7-sinf uchun
darslik / Muall. A. Muhammadjonov.
 T.: Sharq, 2009.  160 b. Tarix xalq manaviyatining
asosidir. 
Islom KARIMOV 

KIRISH 

Aziz o'quvchi! Vatanimiz O'zbekiston
va o'zbek xalqi olamshumul
voqealarga, boy qadimiy tarixga ega.
Turon, Turkiston va Movarounnahr
nomlari bilan shuhrat topgan bu
mamlakatning va o'z mehnati bilan uni obod etgan o'zbek xalqining
o'tmishi g'oyat qiziqarli va saboqlidir.
Siz uchun darslik sifatida tavsiya
etilayotgan ushbu kitob O'zbekiston
tarixiga bag'ishlanib, unda IV-XVI
asrlar davomida kechgan voqealar bay on etiladi. O'n ikki asrlik davrni
qamragan bu tarixiy bosqichda
avvalo umumturk qavmlari safida
o'zbiy va o'zbek atamalari bilan
ulug'langan dono daholar
yo'lboshchiligida sohibkor va erksevar o'zbek xalqi shakllandi.
O'zbek  qabila begi, hukmdor
Ajdodlarimiz kanallar qazib, dasht-u
biyobonlarga suv chiqardilar, qo'riq
yerlarni bog'-u bo'stonga
aylantirdilar. Dehqonchilik, chorvachilik vahunarmandchilik
rivojlandi. O'tloq vohalar o'rnida
qishloq va shaharlar qad ko'tardi. Ular
ilm-u ma'rifat va kasb-hunarlarning
markaziga aylandi. Tasviriy san'at,
musiqa, me'morchilik rivoj topib, o'ziga xos benazir madaniyat barpo
bo'ldi.
Dehqonchilik vohalarida dastavval
voha hokimlari, so'ngra esa Eftallar,
Turk xoqonligi, Somoniy, Qoraxon,
Xorazmshohlar, Amir Temur davlati kabi yirik podsholiklar hukm surdi.
Ilk o'rta asrlarda xvabu, xudot,
afshin, ixshid, tudun, yabg'u, so'ngra
esa xon, xoqon, sulton va
qoraxoniylar tomonidan
boshqarilgan davlatlar mamlakat aholisining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy
va ma'naviy hayoti rivojiga ta'sir
ko'rsatdi. Bu davrda Qishloq
hokimi deb atalgan katta yer egasi
 dehqonlar va ularning
ekinzorlarida ishlovchi yersiz kadivarlar, ya'ni korandalar
shakllandi. Yerga, suvga bo'lgan
munosabat tubdan o'zgardi. Turli
shakllardagi yer egalari qaror topdi.
Yerda ishlash va unda qo'shchilarni
ishlatish tartiblari o'zgardi. Ijtimoiy hayotda tabaqalanish yanada
keskinlashdi. Mehnatkashlar ustidan
zulm kuchaydi, tabaqalar o'rtasidagi
o'zaro munosabatlar esa tobora
ziddiyatlashib bordi.
Mazkur davrda mamlakatimiz Arab xalifaligi tomonidan fath etildi. Qayta
savod chiqarib ma'rifatli bo'lish uchun
bir nechta avlodlarning umri sarf
bo'ldi. Islom dini va musulmonchilik
mafkurasi qaror topib, mahalliy din va
e'tiqodlarga barham berildi. Elga yot bo'lgan arabiy imlo joriy etildi. Xalifalik
hukmronligidan keyingi asrlarda
ilmma'rifatning rivoji uchun sharoit
yuzaga keldi. O'rta asrlarda yurtimizda
Abu Rayhon Beruniy, Muhammad ibn
Muso al-Xorazmiy, Ahmad al- Farg'oniy, Ibn Sino, Ulug'bek va Ali
sher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar
qatorida islom dini va ta'limoti rivojiga
salmoqli hissa qo'shgan Imom
Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad
Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband va Xoja Ahror
singari mashhur ulamolar yetishib
chiqdi.
Yurt boshiga tushgan og'ir va
musibatli damlarda erksevar xalqimiz
jasoratini ona-Vatan mudofaasi yo'lida o'zini fido qilgan Jaloliddin
Manguberdi, Temur Malik va mashhur
shayh Najmiddin Kubro kabi
vatanparvarlar timsolida bilib olasiz.
Mustaqillik xalqimizning asriy orzusi
va kurashlarining sharofatli natijasi ekanligiga guvoh bo'lasiz.
Ma'lumki, Amudaryo va Sirdaryodek
yirik suv havzalari atrofida joylashgan
qadimgi Turon hududlarida azaldan
o'troq o'zbeklar bilan yonma-yon
qardosh tojik, qirg'iz, qozoq, qoraqalpoq va turkmanlarning ham
ota-bobolari yashab kelgan. Shu
boisdan o'zbek xalqining o'tmishi
etnik jihatdan yaqin bo'lgan qardosh
xalqlarning tarixi bilan chambarchas
bog'lanib uyg'unlashgan. Ayniqsa, chet ellik bosqinchilarga, adolatsiz
mustabid hukmdorlarga, shafqatsiz
mulkdor zodagonlarga qarshi olib
borilgan kurashlar qardosh xalqlarni
birlashtirdi. Shu tufayli ular ko'p
hollarda yagona davlatning umumiy fuqarosi bo'lib yashadilar, el-yurtni
obod etishda faol ishtirok etdilar.
Xullas, darslikda Vatanimiz va o'zbek
xalqining o'rta asrlarda boshidan
kechirgan g'oyat murakkab va
mashaqqatli hayot tarixi bayon etiladi. Unda siyosiy voqealarning
yoritilishi jarayonida xalqimizning
bunyodkorlik faoliyati, o'ziga xos
madaniyati va e'tiqodi hamda
Vatanga bo'lgan cheksiz muhabbati
va sadoqatiga bag'ishlangan satrlarni o'qib, shunday mo'tabar xalqning
vorisi ekanligimizdan qalbingiz
faxrga to'lib boradi. Chunki
mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov ta'kidlaganidek O`zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi... Haqqoniy tarixni bilmasdan turib esa o'zlikni
anglash mumkin emas.