
 42-. Rivojlanishning umumiy qonuniyatlari. Biogenetik qonun


Barcha ko'p hujayrali organizmlar bitta urug'langan tuxum hujayra (zigota)dan rivojlanadi. Bir tipga mansub organizmlar murtaginining rivojlanishi ko'p tomondan o'xshash. Barcha xordali hayvonlarning embrional rivojlanish davrida ichki skelet  xorda shakllanadi, nerv nayi hosil bo'ladi, halqumining oldingi qismida jabra yoriqlari paydo bo'ladi. Umurtqalilarning dastlabki rivojlanish bosqichlari juda o'xshashdir (57-rasm). Bu dalillar K. Ber tomonidan embrionlarning o'xshashlik qonunida ilgari surilgan.



Embrionlarning o'xshashlik qonunining isboti: Embrion dastlabki rivojlanish davrida tip uchun umumiy belgilari jihatidan o'xshash bo'ladi.

Har xil sistematik guruhga mansub organizmlar murtagining rivojlanishini o'xshash bo'lishi, ularning kelib chiqish birligining isbotidir. Keyinchalik embrional rivojlanishda sinf, oila, tur va oxirida o'sha individ uchun xos belgilar rivojlanadi. Embrionning rivojlanish jarayonida belgilarning ajralishi embrional divergensiya deb ataladi. Bu turning tarixiy rivojlanishda u yoki bu sistematik guruhga xos belgilarni aks ettiradi.

Organizm o'zining rivojlanish davrida doimiy ravishda o'zgarib boradi. Mutatsiya homilaning dastlabki davrlarida tuzilish va moddalar almashinuviga ta'sir etadigan genlarning o'zgarishiga olib keladi. O'zgargan belgilar keyingi rivojlanish jarayonida muhim rol o'ynaydi.

Boshlang'ich xorda nerv naychasining hosil bo'lishiga ta'sir ko'rsatadi, uning yo'qolishi rivojlanishni to'xtatadi. Shuning uchun dastlabki bosqichdagi o'zgarishlar odatda rivojlanishdan orqada qolishga yoki nobud bo'lishga olib keladi. Keyingi bosqichlardagi o'zgarishlar, kamroq ahamiyatga ega bo'lgan belgilarga ta'sir qilib, organizm uchun foydali belgilarni yuzaga chiqaradi va bu o'zgarish tabiiy tanlanishda saralanib boradi.

Hozirgi zamon hayvonlarining embrional rivojlanish bosqichida ajdodlariga o'xshash belgilarning paydo bo'lishi, organlar tuzilishidagi evolyutsion qayta shakllanishni aks ettiradi. Organizm o'z rivojlanish jarayonida bir hujayralili (zigota) bosqichini o'taydi, ya'ni dastlabki amyobasimon bosqichni filogenetik takrorlaydi. Barcha umurtqalilarda, yuksak tuzilishga ega bo'lganlarida ham dastlab xorda hosil bo'lib, keyinchalik umurtqa pog'onasiga aylanadi. Ularning ajdodida esa xorda butun umri davomida saqlanib qolgan. Embrional rivojlanish jarayonida qushlar, sut emizuvchilar va odamda halqum atrofida jabra bo'ladi. Quruqlikda yashaydigan umurtqalilar embrionida jabra yoriqlarining bo'lishi, ular jabra bilan nafas oluvchi baliqsimon ajdodlardan kelib chiqqanligidan dalolat beradi.

Odam embrionining dastiabki bosqichlarida yiirak tuzilishi baliqlarnikiga o'xshash: bitta qorincha va bitta bo'lmachadan iborat bo'lib, qon aylanish doirasi bitta bo'ladi. Tishsiz kitlarning embrionlik davrida tish paydo bo'ladi. Bu tishlar milkni yorib chiqmaydi, balki parchalanib so'rilib ketadi. Yuqorida keltirilgan misollar individual rivojlanish bilan tarixiy rivojlanish o'rtasidagi bog'liqlikni ko'rsatadi. 

