 IV BO'LIM. ORGANIZMLARNING KO'PAYISHI VA INDIVIDUAL RIVOJLANISHI

VIII  BOB. HUJAYRA SIKLI

35-. Mitoz


Ko'payish yoki o'zini-o'zi qayta tiklash organik (tirik) tabiatning o'ziga xos xiisusiyatlaridan biridir. Ko'payish  bakteriyalardan tortib, sut emizuvchilargacha bo'lgan barcha tirik oiganizmlar uchun xosdir. Har bir o'simlik va hayvon, bakteriya va zamburug' turining yashashi, ota-ona va avlodlar o'rtasidagi izchillik faqat ko'payish tufayli saqlanib turadi. Tirik organizmlarning o'zini-o'zi paydo qilish va boshqa xususiyatlari rivojlanish bilan uzviy bog'liqdir. Rivojlanish Yer yuzidagi barcha tiriklik: eng kichik bir hujayrali organizmlar uchun ham, ko'p hujayrali o'simlik va hayvonlar uchun ham tabiiy jarayon hisoblanadi.

Ko'p hujayrali organizm hujayralar yig'indisidan tashkil topgan bo'lib, har bir hujayra aniq tuzilishga va funksiyaga ega. Hujayraning yashash muddati tuzilishi va funksiyasiga bog'liq holda turlicha bo'ladi. Misol uchun nerv va muskul hujayralari embrional rivojlanish davri tugagandan keyin bo'linmaydi va organizmning butun umri davomida o'z funksiyasini bajaradi. Boshqa hujayralar  suyak iligi, epidermis, ichak epiteliysi butun umri davomida bo'linib ko'payib turadi. Shunday qilib, hujayraning hayot sikli bo'linishdan hosil bo'lgan yangi hujayraning nobud bo'lishigacha yoki keyingi bo'linishigacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi. Bu vaqtda hujayra o'sadi, ko'p hujayrati organizmning to'qima va organlarida o'ziga xos funksiyani bajaradi.

Mitoz sikli deb hujayraning bo'linishga tayyorgarlik davri hamda mitoz bosqichlarini davom etishiga aytiladi (35-rasm).

Bir mitozdan ikkinchi mitozgacha bo'lgan tayyorlanish davri interfaza deyiladi. Interfaza o'z navbatida uch davrga bo'linadi:

1. DNK sinteziga tayyorgarlik bosqichi G1 bilan belgilanadi. Bu davrda oqsil va RNK lar juda tezlik bilan sintezlanadi. DNK sintezida ishtirok etadigan fermentlarning faolligi ortadi, hujayra jadal o'sadi. 



2. Sintez davri S harti bilan belgilanadi. Bu davrda DNK molekulasi ikki hissa ortadi. Hujayra markazi soni ham shuncha marta ko'payadi. DNK ning ikki hissa ortishi natijasida har bir xromosomada ikki barobar ko'p DNK hosil bo'ladi (36-rasm). 

3. Sintezdan keyingi davr G2 harfi bilan belgilanadi. Bu davr hujayraning mitozga tayyorgarligini yakunlaydi. Interfaza tugaganidan keyin mitoz boshlanadi. Mitoz to'rt bosqich  profaza, metafaza, anafaza, telofazadan iboratdir (37 va 38-rasmlar).

Profaza  yadro kattalashadi, yadro shirasining yopishqoqligi kamayadi, xromosomalar spiralga o'ralib, kalta va yo'g'on holatga keladi. Xromosomalar mikroskopda aniq ko'rinadi. Yadrochalar yo'qoladi. Ikkita sentriola hujayra qutblari tomon tarqala boshlaydi. Bo'linish urchug'i xromosomalarni qutblarga tomon tarqalishini ta'minlaydi. Profazaning oxirida yadro qobig'i parchalanadi.

Yadro qobig'i parchalangandan so'ng xromosomalar sitoplazmada erkin holda betartib joylashadi.

Metafaza  xromosomalarning spirallanishi davom etadi. Xromosomalar ekvator tekisligi tomon harakatlana boshlaydi. Xromosomalar qutblardan bir xil masofada, ya'ni ekvator tekisligida bir tekis joylashadi. Xromosomalar orasidagi masofa bir xil bo'ladi. Xromosoma sentromeralari qat'iy qonuniyat asosida ekvator tekisligida bir xil holatda joylashadi. Har bir xromosomaning xromatidlari bir-biridan itarilib, faqat birlamchi belbog' bilangina birikkan bo'ladi. Bo'linish urchug'i to'liq shakllanadi. Har bir xromosoma o'z sentromerasi bilan bittadan bo'linish urchug'iga birikadi.





Anafazada  xromosoma xromatidlarini birlashtirib turuvchi belbog' uziladi, natijada xromatidlar mustaqil xromosomaga aylanadi. Sentromeraga birikkan bo'linish urchug'i mikronaychalari qisqarishi natijasida xromosomalarni hujayra qutblariga tomon torta boshlaydi.

Telofazada  mitoz jarayoni yakunlanadi. Bu bosqichda xromosomalar qutblarga to'planadi, spirallari yoyila boshlaydi, yorug'lik mikroskopda yaxshi ko'rinmaydigan bo'lib qoladi. Sitoplazmaning membranali qismlaridan yadro qobig'i hosil boiadi. Yadrochalar qaytadan shakllanadi, Telofazaning oxirida sitoplazmaning ikkiga ajralishi (sitokinez) kuzatiladi. Hayvon hujayralarida sitoplazma va plazmatik membrana o'rtasida botiqlik paydo bo'lib, uning asta-sekin torayishi natijasida hujayra teng ikkiga bo'linadi.

O'simlik hujayralarida esa hujayraning o'rtasida sitoplazmatik membrana paydo bo'lib, hujayraning chetiga tarqala boshlaydi. Bunda hujayrani teng ikkiga bo'luvchi ko'ndalang to'siq paydo bo'ladi. Keyin esa sellyuloza qobig'i hosil bo'ladi. Mitoz bosqichlari juda qisqa bo'lib, 30 daqiqadan 3 soatgacha davom etadi.

Mitozning biologik ahamiyati  mitoz natijasida hosil bo'lgan har bir yangi hujayra bir xil xromosoma to'platni va bir xil genlarga ega. Mitoz bo'linish genetik materialni yangi hujayralarda bir xil taqsimlanishi bilan tavsiflanadi. Mitoz natijasida hosil bo'lgan ikkala yangi hujayra diploid to'plamga ega bo'ladi. Mitoz bo'linishsiz ko'p hujayrali organizmlarning to'qima va organlaridagi ko'p sonli hujayralarning tuzilishi va funksiyasining doimiyligini, irsiy materialning bir xil bo'lishini ta'minlashning iloji bo'lmas edi.
