 II BO'LIM. HUJAYRA HAQIDAGI TA'LIMOT

III  BOB. SITOLOGIYA-HUIAYRA HAQIDAGI FAN

9-. Hujayrani o'rganish tarixi va hujayra nazariyasi


Tirik organizmlarning ichki tuzilishini o'rganish mikroskopning kashf etilishi bilan bog'liq. 1665 yilda ingliz olimi Robert Guk daraxt po'stlog'idagi po'kak to'qimadan yupqa kesmalar tayyorlab mikroskop yordamida kuzatganda ajoyib yangilikni kaslif etdi. U daraxtning po'stlog'i bir xil massadan iborat bo'lmay, balki juda mayda bo'shliqlardan ya'ni, katakchalardan iborat ekanligini aniqladi. Bu mayda bo'shliqlarni R. Guk sellula (katakcha, uyacha, hujra) deb aladi. Hujayra atamasi ham shu ma'noga ega. Keyinchalik bir qator olimlar har xil o'simlik va hayvonlarning to'qimalarini mikroskop yordamida tekshirib, ularning hammasi ham hujayralardan tashkil topganini aniqladilar. Masalan, gollandiyalik olim A. Levenguk 1680 yilda qondagi qizii qon tanachalari-eritrositlarni o'rganadi.

Uzoq vaqt davomida hujayraning asosiy qismi uning tashqi qobig'i deb hisoblangan. Faqat XIX asrning boshlarida olimlar hujayra qandaydir suyuqroq modda bilan to'ldirilgan degan xulosaga keladilar. 1831 yilda ingliz botanigi B. Braun hujayralarda yadro mavjudligini aniqlaydi. Chexolimi Ya. Purkine 1839 yilda hujayra tarkibidagi suyuqlikni protoplazma deb alashni taklif etadi.

Shunday qilib, XIX asr boshlarida olsimlik va hayvon organizmlari hujayralardan tashkil topgan degan xulosa vujudga keladi. 1838-39 yillarda nemis olimlari: botanik M. Shleyden va zoolog T. Shvann o'sha vaqtgacha fanda to'plangan ma'lumotlarga tayanib hujayra nazariyasining asosini yaratdilar. Keyinchalik hujayra nazariyasi juda ko'p olimlar tomonidan rivojlantirildi. Nemis shifokor olimi R. Virxov, hujayrasiz hayot yo'qligini, hujayraning tarkibiy qismi yadro ekanligini va hujayra faqat hujayradan ko'payishini isbotlab berdi.

Mikroskop texnikasini yanada takomillashtirilishi, elektron mikroskoplarning yaratilishi va molekulyar biologiyaning usullarini paydo bo'lishi hujayra sirlarini yanada chuqurroq o'rganishga, uning murakkab tuzilmalarini bilishga, ularda kechadigan turli-tuman biokimyoviy jarayonlarni aniqlashga imkon yaratdi. Bugungi kunda hujayra nazariyasining asosiy qoidalari quyidagilardan iborat: 1. Barcha tirik organizmlar, ya'ni mikroorganizm, o'simlik va hayvonlar tanasi hujayralardan tashkil topgan. 2. Yangi hujayralar faqat avval mavjud bo'lgan hujayralarning bo'linishi tufayli vujudga keladi. 3. Organizmlarning hujayralardan tashkil topishi ularning kelib chiqishi bir xil ekanligidan darak beradi. 4. Hujayra tirik organizmlarning tuzilish va funksional birligi hisoblanadi. 5. Har bir hujayra mustaqil ravishda hayot kechirish xususiyatiga ega. Hujayra nazariyasi biologiya fanining rivojlanishiga juda katta ta'sir ko'rsatdi. Bu nazariya tufayli organizmlar bir xil morfologik asosga ega ekanligi isbotlandi. Hayotiy hodisalarni umumbiologik nuqtai-nazardan tushuntirishga imkon yaratildi.

Hujayra biologiyasini o'rganishda mamlakatimiz olimlarining ham katta hissalari bor. Akademik K. Zuparov, J. Hamidov va ularning shogirdlarini bu boradagi ishlari diqqatga sazovordir.
